Olmoniya: "Suriyalik qochqin o'zini o'zi portlatgan"

Ansbaxdagi portlash joyi Image copyright EPA

Olmoniya rasmiylari xabar tarqatishlaricha, Bavariyaning Ansbax shahridagi qahvaxona ostonasida suriyalik qochqin o'zini o'zi portlatgan.

Yoshi 27 da ekani aytilayotgan erkak qochqinning ismi-sharifi e'lon qilinmayapti.

Uning 2 yil oldin Olmoniyaga kelgani, unga qochqinlik maqomini berish rad etilgani, ammo Suriyadagi vaziyatni hisobga olib, vaqtincha yashash huquqi berilgani xabar qilinmoqda.

Ansbax shahrida suriyalik qochqinga uy berilgan, uning ruhiy xastaliklardan davolangani ham ma'lum bo'lgan.

Bavariya ichki ishlar vaziri Yoaxim Xerrmanning aytishicha, bu odam bundan oldin ham ikki marta o'zini o'zi o'ldirishga harakat qilgan.

Ansbaxdagi qahvaxonaga kirish joyida ro'y bergan portlashda suriyalikning o'zi halok bo'lgan, 12 kishi jarohat olgan.

Yoaxim Xerrman aytishicha, suriyalik qochqinning ryukzagidan topilgan portlovchi moddalar ko'p sondagi insonlarni o'ldirish yoki yarador qilish uchun etarli bo'lgan.

Bavariya ichki ishlar vaziri so'zlariga ko'ra, bundan oldin bu odam shu yaqin atrofda o'tayotgan musiqa festivaliga kirishga harakat qilgan, lekin uni ichkariga kirgizishmagan.

Janob Xerrman fikricha, suriyalik qochqin musiqa festivali ishtirokchilarini nishonga olgan bo'lishi mumkin.

Bu Bavariyada so'nggi bir hafta mobaynida yuz bergan uchinchi hujumdir.

O'tgan dushanba kuni Vyurtsburg shahri yaqinida poezd yo'lovchilariga afg'onistonlik qochqin o'smir bolta va pichoq bilan hujum qilib to'rt kishini jarohatlagan, so'ng uning o'zini politsiya otib o'ldirgan edi.

Myunxen shahridagi savdo markazida 18 yoshli Eron va Olmoniya fuqaroliklariga ega o'spirin olomonga qarata o't ochgan, to'qqiz insonni halok etgan, 16 kishini yaralagan edi.

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring