O'zbekistonning aholisi qancha?

Image copyright Umida Ahmedova

O'zbekiston statistika qo'mitasi mamlakat aholisi 32 million kishiga yaqinlashgani haqida xabar tarqatdi. Prezident Karimov esa bundan ikki yil oldin 31 milliondan ortiq o'zbekistonlik haqida gapirgan edi.

O'zbekiston Davlat Statistika qo'mitasining Axborot xizmati xabar tarqatishicha, 2016 yilning 1 iyulida O'zbekiston aholisi 31 million 800 ming kishiga etgan.

Statistika qo'mitasi o'zining "O'zbekiston Respublikasining demografik holati" deb nomlangan xabarida doimiy aholi degan iborani qo'llaydi.

Qo'mitaga ko'ra, 2016 yil boshidan buyon O'zbekiston aholisining soni 231700 kishiga yoki 0,7 foiz ko'paygan.

Qo'mita joriy yil boshida O'zbekiston aholisining soni 31 million 575300 kishi edi, deydi.

Bu raqam Stastistika qo'mitasining stat.uz rasmiy web-saytida keltirilgan.

Davlat Statistika qo'mitasi ma'lumotlariga ko'ra, 2016 yil boshidan buyon O'zbekistonda 318000 chaqaloq tug'ilgan.

Statistika qo'mitasining raqamlari O'zbekistondan chetga chiqib ketayotganlar soni hali ham ko'p ekanini tan oladi.

Qo'mita ma'lumotlariga ko'ra, O'zbekistonga ko'chib kelganlar soni 72 ming kishini, ko'chib ketganlar soni esa 84400 kishini tashkil etgan.

Image copyright Umida Ahmedova
Image caption Kimga ishonsa bo'ladi?

Davlat Statistika qo'mitasi, 2015 yil boshida mamlakat aholisining soni 31 million 22 ming 500 kishi, 2014 yil boshida 30 million 492 ming 800 kishi edi, deydi.

Biroq 2014 yil 16 iyulida Prezident Karimovning O'zbekiston g'allakorlariga tabrigida o'zbekistonliklarning raqami 31 milliondan oshgani aytilgan edi.

"Bundan 23 yil oldin biz 21 milliondan ziyod aholimizning ehtiyoji uchun zarur bo'lgan 5 million tonna g'allani chetdan, katta-katta mablag'lar evaziga, kimlargadir muhtoj bo'lib, yalinib-yolvorib olib kelishga majbur edik. Bugungi kunda esa biz 31 milliondan ortiq aholimizni o'z donimiz, o'z beminnat nonimiz bilan to'la ta'minlabgina qolmasdan, balki chet elga g'alla eksport qiladigan mamlakatga aylandik", deb yozilgan Prezident Karimovning rekord darajada ko'p don to'plangani xabar qilingani munosabati bilan matbuotda e'lon qiliingan tabrigida.

O'zbekiston hukumati muntazam e'lon qilib keladigan yillik 7-8 foizlik iqtisodiy o'sish, har yili 1 million yangi ish o'rni tashkil etilayotgani, aholining yashash sharoiti tobora yaxshilanib borayotgani haqidagi yuqori minbarlardan aytiladigan bayonotlarga shubha bilan qarash yangilik bo'lmay qolgan.

Xalqaro moliyaviy tashkilotlar o'zlarining hisob-kitoblari O'zbekiston hukumatiniki bilan to'g'ri kelmasligini rasman tan olganlar.

O'zbekiston mustaqil bo'lganidan buyon aholini to'liq ro'yxatga olish ishlarini o'tkazmagan.

Eng oxirgi ro'yxatga olish Sho'rolar zamonida - 1989 yilda olib borilgan.

2011 yil 21 martidan 30 apreligacha O'zbek hukumati aholi soni bilan birga xalqning ahvolini o'rganishga qaror qilgan, biroq bu o'rganishlar natijalari jamoatchilikka ma'lum qilinmagan.

25 yil mobaynida aholini ro'yxatga olish ishlari o'tkazilmagani sababini ayrim kuzatuvchilar buning uchun katta mablag' talab qilinishi bilan izohlashadi.

Ammo to'laqonli ro'yxatga olish O'zbekiston hukumatining aholining ijtimoiy-iqtisodiy ahvoliga oid rasmiy ma'lumotlarini savol ostiga qo'yishi ham mumkin.

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring