Turkiya prezidenti Erdo'g'on Rossiyaga safar qiladi

Image copyright AFP
Image caption Yaqin o'tmishdan (Arxiv)

Turkiya Bosh vazirining o'rinbosari Mehmet Shimshekka ko'ra, prezident Rajab Toyib Erdo'g'on kelasi oy Rossiyaga safar qilib, prezident Vladimir Putin bilan uchrashadi.

O'tgan yil Turkiya Rossiyaning harbiy uchog'ini urib tushirganidan keyin ikki mamlakat o'rtasidagi munosabatlar keskin yomonlashgandi.

Iyun oyi oxirida Anqara Moskvaga bu voqea yuzasidan afsusda ekanini bildirib, uzrhohlik maktubi yo'llaganidan so'ng, o'zaro munosabatlarda "muzlar erishi" jarayoni kuzatilmoqda.

Munosabatlardagi yumshashning ilk belgilari Rossiya mulozimlari Turkiyaga o'z sayyohlarining safariga o'rnatilgan cheklovlarni bekor qilishida ko'rindi.

Ikki davlat o'rtasida aksilterror hamkorlik va harbiy muloqotlar yana yo'lga qo'yildi.

Rossiya Bosh vaziri Dmitriy Medvedev Turkiyaga nisbatan jazo choralari bosqichma-bosqich bekor qilinishi haqida aytgan edi.

Turkiya Bosh vaziri o'rinbosarining Anadolu xabar agentligiga aytishicha, Erdo'g'on Putin bilan Sankt-Peterburgda 9 avgust kuni uchrashishi rejalangan.

Iyun oyi oxirlarida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo'g'on telefon orqali so'zlashishgandi.

Xabarlarga ko'ra, o'shanda ikki prezident yuzma-yuz uchrashishga kelishib olganlar.

Bundan oldin Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Prezident Putin Prezident Erdo'g'on bilan telefon muloqotida Istanbulning Otaturk xalqaro aeroportiga qilingan va 40 dan ortiq inson umriga zomin bo'lgan hujumni qoralagani haqida xabar qilgan edi.

Turkiya-Rossiya munosabatlarining yaqin tarixi

Rossiya va Turkiya munosabatlari 2015 yil noyabrida yomonlashdi.

Bunga Turkiyaning Suriyadagi harbiy havo hujumlarida qatnashayotgan Rossiyaning Su-24 harbiy uchog'iniurib tushirgani sabab bo'ldi.

Turkiya tarafiga ko'ra, Rossiya uchog'i Turkiyaning havo hududini buzib kirgan va Rossiya uchuvchisi ogohlantirishlarga hech qanday javob bermagan.

Rossiya Mudofaa vazirligi esa o'zining qiruvchi uchog'i Suriya hududidan chetga chiqmaganini aytgan.

Ushbu hodisani Prezident Putin "orqaga urilgan pichoq" deb ta'rifladi.

Turkiya meva-sabzavotining Rossiyaga olib kiritilishiga taqiq kiritildi.

Shuningdek, Rossiya sayyohlarining Turkiya sohillarida dam olishlari ham taqiqlandi.

Rossiyadagi qurilishlarda band bo'lgan Turkiya qurilish shirkatlarining faoliyati ham cheklandi.

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring