Frantsiyada garovga olingan rohib o'ldirildi

Image copyright APTN
Image caption Cherkov atrofi politsiya tarafidan o'rab olingan

Frantsiya matbuotiga ko'ra, mamlakat shimolidagi Sent-Eten dyu Ruvre shahridagi cherkovning 84 yoshli rohibi ikki qurolli tomonidan o'ldirilgan.

Ichki ishlar vazirligining bildirishicha, qurollilar ibodat chog'i cherkovga kirib borib, rohib va yana 4 kishini garovga olishgan.

Frantsiya televideniesi xabar qilishicha, politsiya hodisa joyiga etib borganidan keyin otishma ovozlari eshitilgan. Hozirda garovgirlar ikkovi ham o'ldirilgani aytiladi.

"Islomiy Davlat" deya atalmish guruhga aloqador vebsahifa hujumchilar guruhning "jangchilari" bo'lganini da'vo qilgan.

Prezident Fransua Olland ham ikki hujumchi IDga tegishli bo'lgani iddao qilinayotgani haqida aytgan.

Avvalroq, Ichki ishlar vazirligi garovga olinganlardan biri og'ir yaralangani va hozir unga tibbiy yordam ko'rsatilayotganini bildirgandi.

Vazirlik voiziga ko'ra, hujumchilarning maqsadi hozirgacha qorong'u. Tekshiruvlarga politsiyaning aksil-terror bo'limi prokurorlari boshchilik qilishadi.

Hudud politsiya tarafidan o'rab olingan va odamlardan uzoqroq turish so'ralgan.

Prezident Fransua Olland va Ichki ishlar vaziri Bernar Kaznev hodisa joyiga yo'l olishgan.

Frantsiya Bosh vaziri Manuel Vals "vahshiyona hujum"dan dahshatga tushganini bildirgan. "Butun Frantsiya va barcha katoliklarga shikast etdi. Biz birdammiz", deya tvit qilgan u.

Ayni paytda mahalliy odamlardan biri o'ldirilgan 92 yoshli rohibni bolaligidan bilgani haqida aytgan:

"Oilamiz bu erda 35 yildan beri istiqomat qiladi va biz uni har doim bilib kelganmiz. U jamoa uchun benihoya qadrli inson edi. Juda og'ir-vazmin, o'ziga e'tiborni tortishni yoqtirmasdi".

Hujumchilar kimligi borasida hali biron bir ma'lumot oshkor qilingani yo'q, ammo oy boshlarida Nitstsa shahrida Frantsiya Milliy kuni munosabati bilan o'tgan tantanalar chog'i amalga oshirilgan hujumdan beri mamlakat hushyor holatda qolayotgandi.

O'shanda bir hujumchi yuk mashinasini olomon ustiga haydashi oqibatida 80 dan ortiq inson nobud bo'lgandi.

Politsiya Nitstsadagi hujumchi kelib chiqishi tunislik Frantsiya fuqarosi Muhammad Bulol bo'lganini aytgan.

Hodisa ortidan esa, o'zini "Islomiy Davlat" deb ataydigan guruh ayni hujum ortida turgani da'vosi bilan chiqqan.

Ammo, Ichki ishlar vaziri Muhammad Bulol josuslik xizmatlariga jihodchi sifatida ma'lum bo'lmaganini qayd qilgan.

Oldinroq, hujumchi mayda tartibbuzarliklar uchun politsiya e'tiboriga tushgani aytilgandi.

BBCning Parijdagi muxbiriga ko'ra, Frantsiya hukumati bu kabi hujumlarni to'xtatish yuzasidan kuchli bosim ostida qolmoqda.

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring