Dunyo bo'ylab Gulenga aloqador maktablar yopiladimi?

Image copyright Reuters
Image caption Fathulloh Gulen

Turkiya hukumati dunyo davlatlari hukumatlariga Fathulloh Gulenga aloqador maktablarni yopish yuzasidan bosimini oshirgan.

Turkiya hukumati Gulen rahbarligidagi "Xizmet" harakatini joriy oygi harbiy to'ntarish urinishi ortida turganlikda ayblaydi.

Mazkur tashkilotga aloqador maktablar dunyoning 160dan ortiq mamlakatida faoliyat qiladi.

Davlat to'ntarishiga urinish ortidan Turkiyaning o'zida Fathulloh Gulenga bog'liq deb ko'rilgan 1000 dan ortiq ta'lim dargohi yo yopildi va yo hukumat tasarrufiga o'tkazildi.

Endi hukumat guruhning sarmoyalari va mamlakat tashqarisidagi ta'sirini nishonga olayotgan ko'rinadi.

Afrikada bo'linish

Turkiyaning Somalidagi vakili o'tgan hafta rasman mamlakat hukumatidan Gulen harakatiga aloqador barcha tashkilotlarni yopishni so'ragan.

Somali so'rovga javoban uch maktab va bir shifoxona boshqaruvini Turkiyaning Mogadishudagi elchixonasiga topshirgan.

Shu bilan birga, hukumat maktablar turkiyalik xodimlaridan mamlakatni bir hafta ichida tark etishni talab qilgan.

Somalining tezkor javobi ko'plarni hayron qoldirgani yo'q. Turkiya o'tgan 4 yil asnosida mamlakatga 400 million dollarlik yordam kiritgan.

Ammo, Afrikaning boshqa mamlakatlariga ta'sir o'tkazish u qadar oson bo'lmayotir.

2013 yil Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo'g'on va uning sobiq ittifoqchisi Gulen bilan orasi buzilgan.

Erdo'g'on janoblari 2014 yil Turkiya-Afrika sammiti chog'i qit'a davlatlarini "o'zlarini ko'ngilli ma'rifatchi ko'rsatadiganlarning josuslik amallari" yuzasidan ogohlantirgandi. Bu bilan u Gulenning "Xizmet" harakatiga ishora qilgan.

O'shanda Erdo'g'onning so'zlariga barcha tinglovchilar ham ishonishmagan va ayrim Afrika rahbarlari maktablarni maqtab chiqishgan.

Markaziy Osiyodagi maktablar

Image copyright RFE/RL
Image caption Tojikistonda hukumat ixtiyoriga olgan maktablardan biri

Fathulloh Gulenga aloqador maktablar 1990 yillarda Sho'rolar Ittifoqi qulaganidan so'ng Markaziy Osiyoda ham faoliyat boshlagandi.

Hozirda Lotin Amerikasidan tortib Pokistonga qadar "Hizmet"ning 2000 dan ortiq xususiy o'quv yurtlari borligi aytiladi.

Ularning bari Turkiya biznesmenlari tomonidan moliyalanadi va mamlakatning yumshoq ta'sir kuchi ifodasi o'laroq ko'riladi.

Ayrim kuzatuvchilar bu kabi o'quv muassasalarini Turkiyaning tashqi siyosati yo'lida qo'l kelishini urg'ulashadi.

Aksariyat holatlarda bu maktablarda asosan mahalliy mulozimlar va jamoat arboblarining farzandlari tahsil olishadi.

Bu holat esa ana shu maktablar bo'lgan davlatlardagi siyosiy va moliyaviy qudratga ega elita bilan Anqaraning aloqalarini yaxshilagan.

Kimga qandoq...

Amalga oshmagan harbiy to'ntarish ortidan birinchilardan bo'lib Ozarbayjon Turkiya xalqi va hukumatiga o'z birdamligini izhor etdi.

Ozari hukumati Gulenga aloqador ko'rilgan Qofqoz universiteti ustidan ma'muriy nazoratni o'z ixtiyoriga oldi.

Gulen harakati Markaziy Osiyoning aksar davlatlarida faol edi.

Bunga asosan Turkiyaning mintaqa davlatlari bilan din, madaniyat va til yaqinligi sabab bo'lgani aytiladi.

Ammo 2000 yillarda O'zbekiston va Turkmanistonda vaziyat o'zgardi.

Bu maktablar birin-ketin yopila boshlandi.

So'nggi harbiy to'ntarishga urinishdan keyin Turkiya hukumati mintaqada Gulen harakatining ta'sirini ozaytirish yo'lida keskin qadamlar qo'yishni boshladi.

Ammo Anqaraning ayni harakatlar olqishlar bilan kutib olingani yo'q.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlud Chavushogli Qirg'izistondagi hamkasbiga murojaat qilar ekan, mahalliy matbuotga ko'ra, "agar Gulen tarafdorlariga nisbatan siz chora ko'rmasangiz, biz sizga munosabatimizni o'zgartiramiz. O'z birodarlarimizdan bizni dastaklashlarini kutamiz", deb aytgan.

Chavushoglining bu ogohidan Qirg'iziston mulozimlariga ta'sir etmagan ko'rinadi.

Mamlakat Tashqi ishlar vaziri "bu maktablar Qirg'izistonning ichki ishi" ekanini urg'uladi.

Boshqa ko'plab mamlakatlar ham bu maktablardan voz kechishga shoshilmayaptilar.

Bolqon davlatlariga ham o'nlab maktablardan voz kechish da'vati qilingan, ammo Xorvatiya matbuoti mulozimlarni "shoshma-shosharlik" bilan ish tutmaslikka chaqirdi.

Pokistonda "Hizmet"ning 21 ta maktabi borligi aytiladi.

Hozirga qadar bu mamlakat mulozimlari maktablarga qarshi aniq bir amallarga qo'l urishgani yo'q.

Muxolifat liderlaridan Imron Xon esa ayni maktablarni qo'llashini aytdi.

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring