Muddatli harbiy xizmatga chaqirish tartibi o'zgaradi

O'zbekiston Mudofaa vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining qo'shma qarori bilan muddatli harbiy xizmatga chaqiriluvchilar tanlovini o'tkazish tartibi to'g'risidagi nizomi tasdiqlangan.

Yangi tartibga binoan, muddatli xizmatga borishni xohlovchilar har yilgi tanlovda faqat bir marta ishtirok etishlari mumkin.

Test natijalaridan norozi bo'lganlar ular e'lon qilingandan keyin 3 ish kun davomida mudofaa ishlari boshqarmasiga apellyatsiya shikoyati berish huquqiga ega. Shu bilan birga, jismoniy tayyorgarlik sinovlari natijalaridan norozi bo'lganlar ro'yxati tuzilib, Mudofaa ishlari boshqarmalarida lozim bo'lganda qaytadan sinovdan o'tkazilishi aytiladi.

Tanlovga chaqirilish muddatini kechiktirish va chaqirilishdan ozod etish huquqiga ega bo'lmagan, sog'lig'ining holatiga ko'ra harbiy xizmatni o'tashga yaroqli deb topilgan chaqiriluvchilar jalb qilinadi.

Jismoniy sinovlar 25 sentyabrdan kelgusi yilning 15 yanvarigacha mudofaa organlari bo'limlarida, fanlardan test sinovlari 10 oktyabrdan kelgusi yilning 15 yanvarigacha Davlat test markazi tomonidan o'tkaziladi.

Test imtihonlari matematika, ona tili va O'zbekiston tarixi fanlaridan bo'ladi. Barcha fanlar bo'yicha maksimal ball 60 hisoblanadi.

Chaqiriluvchilarning umumjismoniy tayyorgarlik darajasi 15 balli shkala bo'yicha baholanadi.

O'zbekiston Mudofaa vazirligi rasmiylariga ko'ra, muddatli xizmatga talablarning kuchaytirilishi harbiy xizmatchilar saviyasini oshirish maqsadi bilan bog'liqdir.

Mustaqillikdan so'ng, O'zbekistonda armiyada xizmat qilishni xohlovchilar soni keskin oshgan. Bunga asosan harbiy xizmatga borgan yigitlarning ichki ishlar idoralarida xizmat qilish xohishi hamda oliy o'quv yurtlariga kirishda imtiyozlar berilgani sabab qilib keltiriladi.

Yangi qaror rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran kuchga kirgan hisoblanadi.

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring