O'zbek matbuoti mustaqillik, to'ylar va fonogramma haqida

Image copyright WEB

Yaqin o'tmishda "biz buyuk xalqmiz" deb yozgan o'zbek matbuoti mustaqillikning 25 yilligi oldidan prezident nutqidan iqtibos o'laroq olingan va hozirgi kunda keng qamrovli tashviqot shioriga aylangan "kim edigu kim bo'ldik" mavzusi ostida yanada "qiziqarli" sarlavhalar bilan maqolalar chop etgan.

"Pecheneni talonga olganman..." (Xalq so'zi, 19 iyul)

Uchqo'rg'on tumanidan fermer Gulxumor Tog'aeva hozirgi kun "saodatimiz sharofatini" mustaqillik yillarining boshlaridagi "pechene izlab" bo'zlab sarson bo'lgan kunlarini taqqoslaydi. 1990 yili bir yoshga to'lgan farzandiga pechene edirmoqchi bo'lgan fermer turmush o'rtog'ining Uchqo'rg'on tumani markazida pechene izlab topa olmaganini eslaydi. "Do'konlarda peshtaxtalar bo'm-bo'sh ekan, hech narsa topa olmabdi", deydi fermer.

Mahalla pediatrini ko'rib qolib, poliklinikadan bolalar pechenesi uchun talon yozdirib olish maslahatini olib, "bir kilogramm pecheneni tuman markazidagi oziq-ovqat do'konidan talonga sotib olgani"dan suyunganini aytadi.

"1990-1992 yillari tumanimizda sanoqli oziq-ovqat do'konlari bor edi. Dehqon bozori haftada bir marta tashkil etilardi.

"Bugun-chi?! Saodatimiz sharofatini qarang, do'konlarimizda barcha narsa muhayyo. Yuzlab oziq-ovqat do'konlari kecha-kunduz ishlab, aholiga xizmat ko'rsatayapti. Peshtaxtalari o'zimizda ishlab chiqarilgan sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan limmo-lim", deydi maqola muallifi. Tog'aeva istiqlol yillarida erishgan yutuqlari haqida davom etadi.

Image copyright WEB

"O'zbekiston mustaqillik va mustabidlik yillarida" (O'zbekiston ovozi, 19 iyul)

Nomi lotinda maqolalari esa kirilda chop etiladigan Xalq demokratik partiyasi kunlik nashriyoti fotosuratlarda "Buxoroning bugungi kamoli va kechagi ayanchli ahvolidan so'zlaydi".

Kichik bir maqolada, mustaqillikning dastlabki yillariga nisbatan bugungi kunda sanoat korxonalari soni 145 dan 2180 ga etganligi, "Buxoro" xalqaro aeroportidagi o'zgarishlar, rivojlanayotgan sayyohlik tizimi aholining "tubdan o'zgarayotgan" hayot tarzi va dunyoqarashi haqida so'z boradi. "Bir so'z bilan aytganda, Buxoro kundan-kunga ko'kka bo'y cho'zmoqda, yashnamoqda," deyiladi maqolada.

"Oymomoning "ayfoni" (Milliy tiklanish, 20 iyul)

"Yoxud "Kim edigu kim bo'ldik?" degan mulohaza atrofidagi o'ylar"ga tolgan, nomi lotinda asosi kirilda qolayotgan yana bir ro'znomada chop etilgan katta bir maqolada "O'zbekiston" NMIU bosh muharriri, Azimboy Boboniyozov, 90 yillar avvalidagi "qiyinchiliklar"ni "mustaqillik yutuqlariga" taqqoslaydi.

Misol tariqasida muallif bir qishloqdagi ayol avvallari oddiy telefondan foydalanishni bilmagani sababli hangoma qilingani, keyinchalik esa bu ayol o'z qishlog'ida "bugungi erkin-to'kin kunlar" tufayli birinchi "Ayfon" tutganini aytadi.

Muallif yana "sobiq tuzum bakovullari"ning "strategiya"sini tanqid qiladi. Jumladan, Qashqadaryo va Surxondaryo vohalarini bog'laydigan poezd yo'llari va elektr energiyasi tarmog'ining qo'shni davlatlar orqali o'tkazilgani haqida fikr bildirib, Boboniyozov shunday deydi: "qo'shni davlatlar, bir kun kelib mustaqil bo'lganda ham muammolarga uchrashi uchun bir-biriga xalqa qilib bog'lab ketilgandi".

"Men va yigirma besh oppoq kabutar" (Diyonat, 21 iyul)

Mustaqillikning 25 yilligi arafasidagi yana bir maqolada 1991 yili tug'ilgan Bibi Robia Saidova o'z yoshini oppoq kabutarlarga taqqoslab, tug'ilishidan oldingi "qora qarg'alar qag'illashini" eshitmaganiga shukr qiladi.

"Mana, bir vaqtlar qarg'alarning dastidan ajdodlarimiz qarolmagan ko'm-ko'k, beg'ubor, keng osmonga ko'tarildik. Ha, biz ko'tarildik: men va yigirma besh oppoq kabutar", deydi muallif, maqolada istiqlol yillaridagi o'zgarishlarga ijodiy yondoshib.

"Alam bilan o'tgan to'y" (Xalq so'zi, 21 iyul)

"Kim edigu kim bo'ldik"ning yana bir mehmoni mehnat faxriysi Mehmon Botirov. Faxriy 1968 yilda bo'lib o'tgan "vo alamo, vo alam" to'yini eslab, nabirasining o'tgan yilning 15 oktyabrida o'tkazilgan to'yini maqtaydi. Maqola muallifi nabirasi to'yi arafasida mahalla faollaridan quyidagi "maslahat"ni olganini aytadi: "Iltimos, mashinalar sonini ko'paytirmanglar. Iloji boricha, ortiqcha dabdabaga yo'l qo'ymanglar, ixchamlashtiringlar".

"Bugun bilan kechaning o'rtasida tog'dek farq bor. Demoqchimanki, yayrab, huzur qilib yashaydigan zamon keldi. Uni ko'z qarog'idek asrash lozim. Chunki to'y - inson hayotining baxtli kechishi ifodasi. Bugungi oilaviy shodiyonalarimiz mazmuni aynan shunday", deydi to'ydan oldi mahalla faollari tomonidan tartibli to'y o'tkazishga chaqirilgan faxriy.

"Muammoga mahallada echim topildi" (Mahalla, 21 iyul)

Image copyright WEB

Kutilmaganda, Mahalla gazetasida chop etilgan bir kichik maqola ikki qishloqdagi muammolarni sanay boshlaydi. "Navbahor va Bahoriston qishloqlarida yo'llar ta'mirtalab, gaz, elektr energiyasi, ichimlik suvi ta'minoti ham muammoga aylangan. Oilaviy biznes va xususiy tadbirkorlik bu yig'in ahli uchun go'yo etib bo'lmaydigan orzu".

Maqola muallifi T. Hayitboev Mirzaobod tumanida tadbirkorlarga hokim tashabbusi ostida ko'rsatilgan ko'mak haqida, hamda fuqarolar yig'inlari faoliyati haqida so'z yuritadi, biroq gaz, elektr energiyasi, ichimlik suvi ta'minoti bilan bog'liq muammolar echimi qanday echilib, qanday natijalarga erishilgani haqida gapirmaydi.

"Aholining turmush farovonligi, hududlar ko'rki, obodligi, avvalo, ularning o'z qo'lida ekanligi hisobot davrida bot-bot tilga olinmoqda. Bu albatta, tuman ahlining "Qars ikki qo'ldan chiqadi" naqliga amal qilish bilan bog'liqligini chuqur anglab etishiga turtki bo'layotir", deb hulosa qiladi muallif.

"FONOGRAMMA(siz) Shou-biznesGA YO'L OChILADI!?" (XXI ASR, 21 iyul)

Image copyright WEB

Kumush Raupova va Sardor Turobovlar o'zbek san'at sohasidagi kamchiliklarga gazetxonlar nigohini qaratadilar. Maqola boshida mualliflar mamlakatdagi barcha sohalardagi tadbirkorlikning tutgan o'rnini eslatib, shuni qo'shimcha qiladilar: "qo'shiqchilikning shou-biznes yo'nalishida faoliyat yuritayotgan ayrim xonanda, klipmeyker, prodyuser va rejissyorlar daromad ilinjida ma'naviyatimizga zid turli xil noan'anaviy chiqishlar orqali mutaxassis, muxlis va tomoshabinlarning e'tiroziga sabab bo'layotir".

Maqolada yoshlarning asl milliy musiqa san'atiga kamayayotgan qiziqishlari, hamda "ommaviy madaniyat" unsurlari bo'lmish bachkana qiliqlarning" ular orasida tarqalishi tufayli milliylik, umuminsoniylik kabi tushunchalarga jiddiy putur etayotgani ta'kidlanadi.

Maqola O'zbeknavo tomonidan o'tkazilgan anjuman haqida tafsilotlar berib, kontsertlarda fonogrammadan foydalanish maxsus komissiya nazorat ostida ekanligini eslatadi. Anjumanda sayoz, engil-elpi, yoshlar ongiga salbiy ta'sir ko'rsatadigan qo'shiqlar muhokama qilingani aytiladi.

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring