Turkiyada "Zaman"ning 47 jurnalisti hibsga olingan

Image copyright AFP

Turkiya hukumati to'ntarishga urinishga aloqadorlik bilan mamlakatda yirik "Zaman" nashrining 47 jurnalistini hibsga olgan.

Ular AQShda muhojirotda yashovchi diniy ulamo Fathulloh Gulen bilan aloqada gumon qilinmoqda.

Ushlanganlar orasida ro'znoma rahbariyati vakillari va bloggerlar bor.

Gulenning o'zi bir necha marotaba davlat to'ntarishiga aloqasini inkor qilib chiqdi va uni qoraladi.

Davlatning Anadolu agentligi hibsdagilar orasida "Zaman"ning bloggerlaridan Saxin Alpay borligini xabar qiladi.

Muxolifatning ro'znomasini shu yilning mart oyida Fathulloh Gulen bilan aloqadorlikda gumon qilgandilar. O'shanda Turk hukumati norozilik namoyishi ortidan nashrga nisbatan tashqaridan nazoratni kiritgandi.

Dushanba kuni ham 42 jurnalistni qo'lga olishga buyruq berilgan, undan 16 tasi tergovni kutayotgani to'g'risida xabar tarqalgan.

Biroq rasman ushbu xabarlarga izoh berilgani yo'q.

Ayrim xabarlarda jurnalistlar ro'yxatida Turkiyada taniqli sharhlovchi va sobiq parlament a'zosi Nozli Ilijak nomi keltirilgan.

Xalqaro inson haqlari tashkilotlari bundan avval Turkiyani so'z erkinligi bo'g'ilgan mamlakatlar qatoriga kiritgan.

"Chegara bilmas muxbirlar" esa Turkiya hukumatidan qamoqdagi jurnalistlarni ozod qilishga chaqirgandi. Turkiya mahkum jurnalistlar soni bo'yicha jahonda etakchi o'rinlarda ekani aytiladi hisobotlarda.

16 iyuldan buyon barbod bo'lgan davlat to'ntarishiga urinishga aloqadorlik gumoni bilan 60000 dan ortiq kishi hibsga olingan yoki ishlaridan bo'shatilganlar.

Ular orasida 9000 politsiyachi, 6000 harbiy, 3000 hakam va oliy o'quv yurtlari o'qituvchilari bor.

Turkiya hukumati 2000 dan ortiq tashkilotni yopishga qaror qilgan.

Rasmiylarga ko'ra, 1000 dan ortiq xususiy maktab, 1200 dan ziyod jamg'arma va xayriya tashkiloti, 19 ta kasaba uyushmasi, 15 universitet va 35 tibbiyot muassasasi AQShda istiqomat qiladigan islomiy da'vatchi Fathulloh Gulenga bog'liqdir.

Bundan oldin Turkiya Bosh vaziri o'rinbosari Nurettin Janikli BBC bilan suhbatda hibsga olingan va ishlaridan bo'shatilgan 60 ming kishi faqat "muztog'ning cho'qqisi" ekanini aytgan va bundan keyin bundan ham ko'p hibslar amalga oshirilishini bildirgan edi.

Turkiya hukumatiga ko'ra, AQShning Pensilvaniya shtatida yashaydigan Fathulloh Gulen o'zining harbiylar orasidagi tarafdorlari bilan davlat to'ntarishini amalga oshirmoqchi bo'lgan.

Fathulloh Gulen davlat to'ntarishiga urinishga o'zining aloqasi borligini rad etadi.

Turkiya hukumati AQShdan Fathulloh Gulen topshirilishini istaydi.

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring