Qozog'istonda yirik avtohalokat

Qozog'istonlik ayol

Avtohalokat Qozog'istonning Qo'stanay viloyati hududida yuz bergan.

Olmaotadan Rossiyaning Ekaterinburg shahriga ketayotgan uzoq yo'lga qatnovchi avtobus halokatga uchragan.

Rossiya TASS axborot agentligi xabariga ko'ra, natijada 6 kishi qurbon bo'lgan. Qirqdan ortig'i yaralangan.

Bu haqda agentlikka Qo'stanay viloyati Ichki ishlar boshqarmasi politsiya xizmati boshlig'i muovini Qurmet Majikenov bildirgan.

Bu mas'ulning so'zlaridan ayon bo'lishicha, qurbonlardan ikki nafari Rossiya fuqarosidir.

Bundan tashqari hodisada yaralanganlarning o'ndan ortiqrog'i ham rossiyalik.

Uch qurbonning Qozog'iston fuqarosi ekani aniqlangan va yana birining qaerlik bo'lgani hozircha ma'lum emas.

Xabarlarga ko'ra, joriy paytda yaralangan uch kishi Qorabaliq tumani kasalxonasi jonlantirish bo'limida.

Uch Rossiya fuqarosi doxil yana sakkiz kishi Qo'stanay viloyat kasalxonasiga yuborilgan.

Avtohalokatda yaralanganlar orasida bir Tojikiston fuqarosining ham borligi aytilmoqda.

Avtobusda ja'mi qancha yo'lovchining bo'lgani hozircha ma'lum emas.

Avtohalokat

Politsiya mas'uliga ko'ra avtohalokat kecha kechqurun Priuralsk tumanida yuz bergan.

Rossiya chegarasi tomon ketayotgan yuk mashinasi yo'lovchi avtobusiga borib urilgan.

Dastlabki taxminlarga ko'ra, yuk mashinasining g'ildiragi chiqib ketib, avtobusning biqiniga borib tekkan.

Buning oqibatida avtobusning orqa qismi sirilib ketgan va eng og'ir tan jarohati ham o'sha erda o'tirgan yo'lovchilarga etgan.

Viloyat politsiya mas'ullarining aytishlaricha, haydovchisi to'qnashuv oldini olishga urinarkan, avtobus yo'ldan bir necha metrga chetga chiqib ketgan.

Yuk mashinasi ham trassadan 5-7 metr uzoqlikka otilib ketgan.

Joriy paytda halokat sathida qutqaruvchilar, politsiya va favqulodda xizmati xodimlarining ishlashayotgani ham xabar qilinmoqda.

Bu - Qo'stanayda o'tgan 7 yil badalida kuzatilgan eng yirik avtohalokat ekani aytiladi.

Ma'lum bo'lishicha, Qozog'iston Jinoyat Kodeksining "Ikki yoki undan ortiq kishining o'limiga sabab bo'lgan yo'l harakati qoidasini buzish"ga oid 345-bandi bo'yicha mahkamaoldi tekshiruv ishlari boshlangan.

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring