O'zbekistonda Xavfsizlik Kengashi yig'ini

O'zbekiston Prezidenti Islom Karimov

Toshkentdan olingan rasmiy xabarlarga ko'ra, yig'inga O'zbekiston Prezidenti Islom Karimovning shaxsan o'zi boshchilik qilgan.

"Xavfsizlik Kengashining yig'ini chog'ida mamlakat janubiy chegaralarida xavfsizlikni ta'minlash, xavf-xatar va tahdidlarni neytrallashtirish" masalasi muhokama etilgan.

"Terrorchilik va ekstremizmga qarshi kurashda mintaqa davlatlari bilan hamkorlikni kuchaytirish" borasida ham so'z borgan.

Bu haqda O'zbekiston Davlat Axborot agentligi rasman ma'lum qilgan.

Ammo agentlik prezident Islom Karimov boshchiligi ostida Toshkentda bo'lib o'tgan so'nggi Xavfsizlik Kengashi yig'inining bundan boshqa tafsilotlariga to'xtalmagan.

Bu yig'inning nega aynan hozir bo'lib o'tgani sabablari ham ochiqlanmagan.

Ammo O'zbekiston, yillarki, qurolli nizolar ichida qolayotgan Afg'oniston bilan bevosita chegaradosh.

137 chaqirimga uzangan chegara chizig'i aynan O'zbekiston janubini Afg'oniston shimoli bilan bog'lab turadi.

Qo'shni Afg'oniston

Image copyright EPA

Katta sondagi G'arb boshchiligidagi ittifoq kuchlarining 2014 yilgi safarbarligi ortidan Afg'onistonning aynan O'zbekiston doxil ko'pchilik Markaziy Osiyo davlatlariga qo'shni shimoliy va shimoliy-sharqiy mintaqalarida xavfsizlik bilan bog'liq vaziyat jiddiy izdan chiqqan.

Bu erda toliblardan tashqari mahalliy mas'ullar IShID guruhi a'zolariga nisbat beruvchi va aksariyatining Markaziy osiyolik ekanliklari aytiluvchi xorijiy jangarilar ham faollashishga muvaffaq bo'lishgan.

Bu ikki jangari guruh a'zolari hamkorlikda so'nggi bir yarim yil ichida uyushtirishga muvaffaq bo'lgan eng yirik va halokatli hujumlari ham Afg'onistonning aynan Markaziy Osiyo davlatlariga qo'shni viloyatlariga hisobiga to'g'ri keladi.

Ustiga ustak, 2014 yilda Yaqin Sharqdagi IShID guruhiga rasman bay'at keltirganligini e'lon qilgan O'zbekiston Islomiy Harakati ham yaqinda Afg'onistonga to'lig'icha qaytganliklarini ma'lum qilgan.

AQSh boshchiligidagi ittifoq qo'shinlarining Afg'onistonda Tolibon tuzumining qulashi bilan yakun topgan 2001 yilgi harbiy amaliyotlari ortidan, O'zbekiston Islomiy Harakati o'zining yaqin ittifoqchilari bilan birga qo'shni Pokistonga qochishga majbur bo'lgan va o'shandan buyon asosan quvg'inda faoliyat yuritib kelayotgandi.

So'nggi oylarda olinayotgan xabarlardan esa, O'zbekiston Islomiy Harakati a'zolarining Afg'oniston shimolidan tortib, janubiga qadar faollashishga muvaffaq bo'lishayotgani aytiladi.

Mas'ullarga ko'ra, bu jangarilarning ayollari ham jang olib borish san'atini puxta egallashgan, bundan tashqari, ular turli portlovchi moddalar yasash, josuslik ma'lumotlari yig'ish va mahalliy aholini urushga targ'ib etish bilan ham shug'ullanishadi.

Orada tolibonparast "Islomiy Jihod Ittifoqi" o'zbek jihodiy guruhi ham Afg'onistonning Markaziy Osiyoga bevosita chegaradosh qator shimoliy va shimoli-sharqiy viloyatlariga hujum qilish rejasida ekanliklarini da'vo qilib chiqqandi.

O'zbekiston doxil qolgan barcha Markaziy Osiyo davlatlari shundoqqina biqinlarida so'nggi yillarda bo'y ko'rsatayotgan bu vaziyatdan jiddiy va oshkora bir xavotirda.

So'nggi yillarda Afg'oniston bilan o'zaro chegaralarini nihoyatda mustahkamlash va qo'shnilaridan kelishi mumkin bo'lgan har qanday tahdidning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni ko'rish harakatida.

IShID

Tolibon qatorida IShID jangari guruhining faoliyati Afg'oniston va mintaqa davlatlari qolib, oxirgi paytlarda Pentagonning ham e'tiborini o'ziga tortmay qolmagan.

AQSh hukumati Afg'onistondagi qo'shinlari vakolatini yanada kengaytirgan, ularga istalgan payt jangarilarni hujumga tutish buyrug'ini bergan.

Prezident Barak Obama, shuningdek, 10 mingga yaqin Amerika harbiysining Afg'onistondan olib chiqish jarayoni sekinlashtirilishini ham bayon qilgan.

Ular afg'on hukumat kuchlari bilan hamkorlikda so'nggi oylarda IShID yaqinda o'zining Yaqin Sharqdagi islomiy xalifatining bir qismi, deb e'lon qilgan sharqiy Nangarxor viloyatida havo hujumlariga zo'r berishgan.

Agar, imkonli bo'lgan rasmiy ma'lumotlarga tayanilsa, shu paytgacha Afg'onistonning bu viloyatida ayrim mahalliy liderlari doxil yuzlab IShID jangarilarini o'ldirishgan.

Ammo xuddi shu manzarada kuni-kecha IShID Afg'onistonda o'zining o'zbek tilidagi radio eshittirishlarini boshlaganiga oid xabarlar ham olingan.

IShID guruhi Yaqin Sharqdagi islomiy xalifatini globallashtirib, aksariyat Markaziy Osiyo davlatlariga qo'shni Eron va Afg'onistonni ham o'z ichiga oluvchi qadim Xurosonni qayta tiklash niyatida.

O'zbekiston Islomiy Harakati esa, dastlab O'zbekistondagi mavjud tuzumni ag'darib, o'rniga islomiy xalifat barpo etish niyati bilan dunyoga kelgan.

Yaqinda Natoning Afg'onistondagi Bosh qo'mondoni ham ilk bor Yaqin Sharqdagi "Islomiy Davlat" guruhining Afg'onistonda faollik bilan o'ziga yangi jangarilar yollayotganini oshkora va rasman e'tirof etib chiqqandi.

Xalqaro harbiy tahlilchilar nazdlarida esa, mavjud holat kamida AQSh tomonini bu yaqin yillar ichida Afg'onistonni tark etmaslik qarorini qat'iylashtirishiga olib keladi.

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring