WBA: "Ruslan Chagaev yana reytingga qaytishi mumkin"

Ruslan Chagaev Image copyright AP

Jahon Boks Uyushmasi bu haqda o'zbekistonlik nomdor bokschining jahon chempionligi kamaridan mosuvo etilishi va buning ortidan o'z reytingidan ham chiqarilishi mumkinligiga oid xabari so'nggida ma'lum qilgan.

Ruslan Chagaev shu paytgacha professional boksning WBA tasnifida eng og'ir vazn toifasida amaldagi jahon chempioni sanalar edi.

"Ko'zda tutilgan to'lovni foizi bilan to'lagan taqdirda, ma'lum shartlar asosida, Ruslan va uning promouteri imtiyozlari tiklanishi, Chagaev yana reytingga qaytishi mumkin bo'ladi", - deyiladi Jahon Boks Uyushmasining bu xususdagi rasmiy bayonotida.

Xuddi shu o'rinda WBA so'nggi ikki qarorini "ko'zda tutilgan to'lovlarni to'lamaganlik" sababi bilan izohlagan.

Xossatan, Ruslan Chagaevning Fres Okendoga qarshi 2014 yilgi jangi uchun to'lanishi shart bo'lgan $40.750 dollarlik to'lovga alohida to'xtalib o'tgan.

Ruslan Chagaevning bu haqda WBA tomonidan bir necha bor ogohlantirilgani, ammo biror bir javob olinmagani ta'kidlangan.

Jahon Boks Uyushmasining bayon qilishicha, ko'plab talablari va bergan imkoniyatlari ortidan, tartib-qoidalariga muvofiq, bir qarorga kelishgan.

Ya'ni, "Ruslan Chagaev jahon chempionligi kamaridan mosuvo etilgan va buning ortidan reytingdan chiqarilishi ham ko'zda tutilgan".

"Na-da Ruslan Chagaev va na-da promouteri Timur Dugazaevning WBA ruxsati bilan bo'lib o'tuvchi janglarda ishtirok etishlari va yoki ularni targ'ib etishlari mumkin bo'lishi" ham aytilgan.

WBA rasmiy xabari tafsilotlariga qaytilsa, "Chagaev va yoki promouterining ko'zda tutilgan to'lovlarni to'lashlarini nazarda tutgan holda mahkama Okendo bilan revansh jangi o'tkazilishiga buyruq bergan".

Ayon bo'lishicha, buning uchun "yakuniy muhlat o'laroq joriy yilning 14 iyuli belgilangan, ammo WBA ga bu kabi to'lov kelib tushmagan".

Ammo, Jahon Boks Uyushmasining eng so'nggida aytishicha, "agar ko'zda tutilgan to'lovlar to'lansa, Chagaev va jamoasi bu o'ng'aysiz vaziyatdan chiqib ketishlari mumkin".

Jang

Image copyright AP

Eslatib o'tish joiz, ikki raqib bokschi o'rtasidagi bu jang o'sha yilning 6 iyul kuni bo'lib o'tgan.

Ochkolar hisobiga asli puerto-rikalik raqibini mag'lub etgan Ruslan Chagaev professional boksda o'z vazn toifasida ikkinchi bor jahon chempioniga aylangandi.

Shundan so'ng Ruslan Chagaevning o'sha yilning 17 oktyabr kuni revansh jangida asli puerto-rikalik raqibi Fres Okendo bilan ringga tushishi ham rejalangandi.

Biroq raqibining elkasidan olgan jarohati sabab, Olmoniyaning Kil shahrida bo'lib o'tishi kutilgan jang bekor bo'lgandi.

Buning ortidan Ruslan Chagaev o'z chempionlik kamarini himoya qilish uchun shu yilning mart oyida avstraliyalik bokschi Lukas Braunga qarshi ringga chiqqan.

Ammo bu gal ham Grozniyda bo'lib o'tgan hal qiluvchi jangida raqibiga yutqazib qo'ygandi.

Oradan ikki oy o'tib esa, ikkinchi doping sinovidan ham o'ta olmagani bois, Jahon Boks Uyushmasi Lukas Braunni jahon chempionligi kamaridan mosuvo etgan va uni olti oyga boksdan chetlatgandi.

Jahon Boks Uyushmasining so'nggi qarori ortidan esa, Ruslan Chagaev o'zining sobiq raqibi Fres Okendo bilan qayta muzokaralarini boshlashi mumkinligi aytilgan va unga buning uchun 120 kun muhlat berilgandi.

Xuddi shu o'rinda eslatib o'tish joiz, 2012 yildan buyon o'z janglarini erkin agent maqomida o'tkazib kelayotgan Ruslan Chagaev, qariyb uch yildirki, Chechenistondagi Ahmat Hoji Qodirov boks klubini namoyon etib keladi.

Bu klub amaldagi chechen rahbarining tashabbusi va qarori bilan 2013 yil oxirlarida jahon, Ovro'po va Rossiya chempionlari doxil jahon miqyosidagi sportchilarni tayyorlab kelgan "Ramzan" klubi o'rniga tashkil etilgan va marhum otasining nomi bilan atalgan.

Boshqa xabarlar

Boksga ixtisoslashgan qator Rossiya nashrlari, jumladan, Sports.Ru ining shu kunlarda yozishicha, 37 yoshli Ruslan Chagaev o'zining bokschilik faoliyatini yakunlashga qaror qilgan.

Nashr bu haqda, go'yoki, uning promouteri Timur Dugazaevga tayanib xabar bergan.

Aytilishicha, "bunga Ruslanning ko'zlaridagi muammo sabab bo'lgan".

Ayni shu o'rinda chap ko'zidagi muammolar sabab, o'zbekistonlik nomdor bokschining 2001 yili jarrohlik amaliyoti o'tkazgani ham eslatib o'tilgan.

BBC O'zbek Xizmatining bu kabi xabarlarga oydinlik kiritish urinishlari esa, hozircha o'z samarasini bergani yo'q.

Ruslan Chagaev 2007 yilda rossiyalik bokschi Nikolay Valuevni engib, professional karerasida ilk bor jahon chempionligini qo'lga kiritgandi.

U so'nggi bor 2011 yilda jahon chempionligi kamari uchun ringga chiqqan, ammo jangini boshqa bir rossiyalik bokschi Aleksandr Povetkinga boy bergandi.

Havaskor boksda ham bir necha bor Osiyo va Jahon chempionlari bo'lgan o'zbekistonlik dongdor bokschi professional boksda ham eng og'ir vazn toifasida dunyodagi eng kuchli bokschilardan biri sanaladi.

Ruslan Chagaev professional boksda shu paytgacha 38 ta jang o'tkazgan bo'lsa, shundan 34 tasida g'alaba qozongan.

Uchtasida jangini boy bergan va bittasida durang natija qayd etgan.

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring