Markaziy Osiyo: O'zbekiston eng yaxshisimi?

Internet foydalanuvchisi

Agar, yangi tadqiqot natijalariga tayanilsa, O'zbekiston internet foydalanuvchilarining soni bo'yicha dunyoning 201 davlati orasidan 37-o'rinda ekan.

Bu esa, o'z navbatida, Markaziy Osiyo davlatlari orasida qayd etilgan eng yaxshi ko'rsatkich bo'lib chiqqan.

Bundan tashqari, o'tgan bir yil davomida O'zbekistonda internet foydalanuvchilarining soni o'tgan bir yil ichida soni 6.1 foizga ortgani ham ma'lum bo'lgan.

So'nggi tadqiqot InternetLiveStats tomonidan olib borilgan.

Ayni tadqiqot tafsilotlaridan O'zbekiston aholisining yarmidan ko'prog'i, ya'ni 15.4 milliondan ortiq kishining internetdan foydalanishi ma'lum bo'lgan.

Ammo bu shirkat tadqiqotining qay asosda olib borilgani va unda kelingan xulosalar qanday manbalarga tayanishi ma'lum emas.

O'zining 100 milliondan ortuvchi internet foydalanuvchisi bilan sobiq Sho'ro davlatlari orasidan eng yaxshi natija qayd etgan Rossiya esa, yangi ro'yxatda 6-o'rinni egallagan.

Rossiya, boshqa tomondan, bu kabi ko'rsatkichi bilan yuqori o'nlikka kirolgan yagona sobiq Sho'ro davlati bo'lgan.

O'zbekistondan uchta o'rinda yuqori kelgan Ukraina esa, Rossiyadan keyin ikkinchi eng yaxshi natija qayd etgan.

So'nggi beqarorliklar manzarasida ham Ukrainada 20 millionga yaqin kishining internetdan foydalanishi ma'lum bo'lgan.

Ammo

Lekin, ta'kidlash joiz, yangi ro'yxatda 31-o'rinda kelgan va o'zining o'ta an'anadorligi bilan tanilgan Saudiya Arabistoni esa, o'z internet foydalanuvchilarining soni bo'yicha bu ikki davlatni ham ortda qoldirib ketgan.

So'nggi tadqiqot natijalaridan hozir Saudiya Arabistonidagi internet foydalanuvchilarining soni 21 milliondan ortishi ma'lum bo'lgan.

Markaziy Osiyo davlatlari orasidan 43-o'rin bilan Qozog'iston ikkinchi eng yaxshi natija qayd etgan davlat bo'lib chiqqan.

Ozarbayjon 58 va Belarus 61-o'rinda kelgan.

Boshqa tomondan, O'zbekistonning ko'rsatkichi Belgiya va Shveytsariya kabi rivojlangan Ovro'po mamlakatlarinikidan ham yuqori ekani ma'lum bo'lgan.

Davomiy qurolli nizolar ichida bo'lgan qo'shni Afg'oniston esa, bu ro'yxatda 99-o'rinni egallagan.

Ammo, shunda ham, Afg'onistondagi vaziyat Qirg'izistondagidan ko'ra yaxshi bo'lib chiqqan.

Ma'lum bo'lishicha, shuncha beqarorliklarga qaramay, Afg'oniston aholisining ikki milliondan ortiqrog'i internetdan foydalanar ekan.

Yangi ro'yxatda Afg'onistondan etti o'rin quyida kelgan Qirg'izistondagi internet foydalanuvchilarining soni esa, afg'onlardan bir necha yuztaga kam ekan.

Tojikiston bu ikkovlondan ham quyi, ya'ni 114-o'rinda kelgan bo'lsa, 134-o'rin bilan Turkmaniston eng yomon natija qayd etgan so'nggi Markaziy Osiyo davlati bo'lgan.

Boshqa tomondan, ta'kidlash joiz, Qirg'iziston, Tojikiston va Turkmaniston, bu ro'yxatda, hatto, yuqori yuztalikka ham tusha olishmagan.

O'zining 721 millionta internet foydalanuvchisi bilan Xitoy tadqiqot olib borilgan qolgan 200 davlatni ortda qoldirib ketgan. Yangi ro'yxatda peshqadamlik qilgan.

Hindiston (462 million) va AQSh(qariyb 287 million) esa, yuqori uchlikka kirgan qolgan ikki davlat bo'lishgan.

Eng so'nggida ta'kidlash joiz, Xitoy va Hindiston dunyoning aholisi eng ko'p ikkita davlati bo'lishsa, Markaziy Osiyoda bu mavqe'ni O'zbekiston egallaydi.

Boshqa tomondan, "Chegara bilmas jurnalistlar" xalqaro tashkiloti internet tsenzurasi bo'yicha O'zbekistonni, yillarki, "yomonlar ro'yxati"ga qo'shib kelishi ham bor gap.

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring