Ekspert: "Ilhom Ibodov hibs ostida qiynoqqa solingan"

Kishan Image copyright Andrew Brookes

Rahim va Ilhom Ibodovlar 2015 yilning 16 avgustida hibsga olingandilar. Faollarga ko'ra, Ibodovlar ularni "himoyalab" kelgan Milliy Xavfsizlik xizmati xodimlari bilan kelishilgan to'lov yuzasidan kelib chiqqan tortishuv oqibatida hibsga olinganlar.

Rahim va Ilhom Ibodovlarni tijorat qoidalarini buzish va noqonuniy xorijiy valyuta savdosini tashkillashtirishda ayblashgan.

Huquq faollariga ko'ra, Ibodovlarni muntazam ravishda shafqatsiz kaltaklashgan va qiynoqlar natijasida og'ir jismoniy shikastlardan Ilhom Ibodov 13 sentabrda hibsxonada jon bergan.

Uning jasadi fotosuratlarini yaqinlari huquq faollari orqali CENLIBART deb nomlangan Frantsiya inson huquqlari guruhining mustaqil ekspertizasiga taqdim etishgan.

Ushbu guruh eksperti Nigar Axmedbekovaning BBC bilan suhbatda aytishicha, Ilhom Ibodov jasadi fotosuratlarini o'rganib chiqib, uning qiynoqqa solingani haqidagi xulosaga kelgan.

Nigar Axmedbekova: Shu yilning 26 iyunida men o'rta yoshdagi erkak jasadi tushirilgan 20 ta fotosurat va ikki videolavhani o'rganib chiqdim. Men shunday xulosaga keldim: jasadda kaltaklash izlari yaqqol ko'rinadi. Unga o'limidan sal avval tanasining turli qismlariga to'mtoq predmet bilan etkazilgan zarba izlari bor. Masalan badanida, boshida va oyog'ida bu kabi izlar bor. Buning natijasida terining chuqur lat eyishi, gemotoma va yallig'lanishlar ro'y bergan. Mening taxminim bo'yicha bularning ostida bo'lgan ichki organlar ham lat egan bo'lishi mumkin. Men albatta o'limga sabab infarkt bo'lgan yoki bo'lmaganligi haqida xulosa berolmayman, ayni vaqtda o'limga unga etkazilgan zarbalar tufayli og'riqli shok bo'lmaganligini ham ayta olmayman. Bu borada aniq xulosani faqatgina jasadni yorib ko'rgan ekspert bera oladi. Lekin o'limga aynan qaysi faktor sabab bo'lgani muhim emas, muhimi uning tanasida etkazilgan zarbalarning aniq belgilari borligidir. Hatto oyog'ida arqon bilan qattiq bog'langani yoki kishan solingani belgilari bor edi.

BBC: Lekin bu dog'lar o'limdan so'ng paydo bo'ladigan dog'lar bo'lishi ehtimoli yo'qmi?

Nigar Axmedbekova: Patalogoanatomlar va ekspertlarda o'limdan keyin paydo bo'ladigan dog'larni etkazilgan zarba oqibatida paydo bo'ladigan dog'lardan farqlay oladigan yo'llari bor. Bu ikki holat o'rtasida juda katta farq bor. Jasadda o'limdan keyin tabiiy ravishda paydo bo'ladigan dog'lar shundoqqina terining tagida bo'ladi va kengroq manzarani beradi. Biz ko'rgan jasaddagi dog'lar esa anchayin chuqur va bir joyga qaratilganligini ko'rish mumkin edi. Bundan tashqari, bu dog'lar joyida yallig'lanishlarni ham ko'rish mumkin edi. To'pig'ida esa qattiq predmet bilan etkazilgan o'yiqlarni ko'rish mumkin edi. U erda teriga etkazilgan jarohatni yaqqol ko'rish mumkin. Bu esa jasaddagi dog'lar kategoriyasiga kirmaydi.

BBC: Lekin fotosuratlar asosidagina siz aytayotgan xulosalarga naqadar aniqlik bilan kelish mumkin?

Nigar Axmedbekova: Albatta, shifokor sifatida men hech qachon asossiz bir xulosaga kelishdan o'zimni olib qochaman. Lekin fotosuratlar bu chizilgan rasm emas. Rasmlardagi kabi u erda hech narsani qalbakilashtirib bo'lmaydi. Bundan tashqari, bu fotosuratlarni menga ishonchli manba taqdim etgan. Men bu fotosuratlarni qo'limda lupa bilan juda sinchikovlik bilan o'rganib chiqdim. Men mustaqil ekspertman. O'zbekiston bilan meni hech narsa bog'lamaydi. Lekin repressiv rejimlar o'zini qanday tutishini juda yaxshi bilaman, mening turmush o'rtog'im ham tazyiqlar qurboni bo'lgan. Mahbuslarga qanday yo'llar bilan zarar etkazilishini bilaman.

O'limdan ikki oy o'tib Ibodovlar oilasiga topshirilgan o'lim guvohnomasida rasmiy tashxis - yurak xuruji deb yozilgan. 2016 yilning 15 fevralida Buxoro shahri mahkamasi olamdan o'tgan Ilhomning akasi Rahim Ibodovni soliq to'lashdan bosh tortgani, xorijiy valyutani noqonuniy yo'lda sotib olgani va boshqa qator iqtisodiy ayblovlar bilan sakkiz yilga ozodlikdan mahrum qilishga hukm chiqardi.

Hozirda adolat izlagani tufayli Ibodovlarning oilasi katta bosim ostida qolmoqda.

Markaziy Osiyoda Inson huquqlari assotsiatsiyasiga ko'ra, O'zbekiston Ichki ishlar vazirligi va Milliy Xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan bo'lgan tazyiqlar va tahdidlarga qaramay, Ibodovlar oilasi mazkur ish borasida jamoatchilik e'tiborini tortishga qaror qilishgan.

Markaziy Osiyoda Inson huquqlari assotsiatsiyasi rahbari Nadejda Ataevaning BBC bilan suhbatda aytishicha, O'zbekistonda tadbirkorlarga qarshi ayblovlarni qalbakilashtirish praktikasi surunkali tus olgan.

Nadejda Ataeva: Men inson huquqlari himoyachisi sifatida bir jihatga e'tiborimni qaratdim. Ibodovlaring ishida hukumat rasmiylari pora berishdan bosh tortgan tadbirkorlarni jazolamoqchi bo'lganlari ayon bo'ldi. Kimki iqtisodiy jinoyatga qo'l urgan bo'lsa, so'zsiz javobgarlikka tortilishi kerak. Biroq O'zbekistonda soliq to'lovlari va tadbirkorlik sohalarida shaffoflikning yo'qligi bilan birga hukm surayotgan qonunbuzarliklar sharoitida har qanday tadbirkorning omadi shaxsiy aloqa va "homiy"larga borib taqaladi. Boshida rasmiylar tadbirkorga biznesni rivojlantirish uchun xalaqit berishmaydi, lekin keyin esa hatto o'ldirib yuborish orqali uni barbod qilishadi. Ibodovlar mahkama ishi O'zbekiston rejimining yorqin ko'zgusidir.

BBC: Sizning iddaolaringiz qanday dallilarga asoslangan? Qiynoqlarning turli tafsilotlari va fotosuratlarni qaerdan olgansiz?

Nadejda Ataeva: Ibodovlar oila a'zolari qiynoqlar izlarini o'zlari suratga tushirib, ularni birma-bir qayd etishga muvafaq bo'lganlar. Odatda bunday holat kamdan-kam sodir bo'ladi. Biz surat va videolarni mustaqil tibbiy ekspertlarga yubordik. Biz ularga "suratdagi Ilhom Ibodovning jismoniy jarohatlari uning o'limiga olib kelishi mumkin bo'lganmi?" degan savol qo'yganmiz. Albatta, o'lim sabablarini rasmlargina orqali aniqlash qiyinligini biz tushunganmiz. O'lim sababini bilish uchun o'lgan inson jasadini maxsus sud-med ekspertiza laboratoriyasi sharoitida tekshirish kerak. Marhum Ilhomning jasadi yaqinlariga shoshilinch ravishda ko'mish uchun topshirildi. Hukumat "qiynoqlarga chek qo'yilgan" deb navbatdagi iddaolarni aytayotgan bir vaqtda huquq himoyachilari mamlakatda o'lim holatlarini mustaqil ekspertiza qilish uchun sharoit yaratilmaganligini isbotlash uchun aynan bu ishni misol sifatida olib chiqmoqdamiz.

BBC: Mahkama jarayonlarida ayblanuvchilarning advokatlari ishtirok etishganmi? Umuman raislik qilgan sudya va ish olib borgan himoyachi qiynoq ro'y berayotganiga e'tibor qaratishganmi?

Nadejda Ataeva: Mahkama jarayonlarida Ibodovlarning advokatiga bosim o'tkazilgan bo'lib, hakam Rahim Ibodovning ular qiynoqlarga tutilgani borasidagi so'zlarini e'tiborsiz qoldirgan. Mahkama raisi unga ochiqdan-ochiq bu mavzuda gapirmaslikni tavsiya bergan. Rahim Ibodovning so'zlari, hattoki, mahkama protokollarida qayd etilmagan. Lekin advokat Ibrohim Norovning appelyatsiya shikoyatlarida bu so'zlar bor. Avvaliga, hibsga olinganlaridan so'ng, ayblanuvchi Ibodovlarga davlat tomonidan bir advokat tayinlangandi. U Ibodovlar oilasiga: "Xavotir olmanglar, hammasi yaxshi" deb ishontirgan. Biroq u aka-ukani himoyalash uchun hech qanday harakat qilgani yo'q. Butun tergov jarayonida qarindoshlar ularni ko'rolmaganlar. Ularning singlisi Dilfuza hibs muddatini uzatish uchun yig'ilgan Buxoro shahri sudiga borib, uzoqdan ko'rgan. Aka-ukani olib kelganlarida sud binosiga Ilhomni ikki nazoratchi sudrab olib kelishgan. Dilfuza Ilhomning boshi nazoratchilardan birining elkasida bo'lganini ko'rgan. Hakam uni bu holatda ko'rib, indamagan va hibs muddatini cho'zishga buyruq burgan. Bir necha soatdan so'ng Ilhom jon bergan.

BBC: O'zbekiston jazoni o'tash tizimida so'roq va tergov jarayonida ayblanuvchi olamdan o'tganining sabablarini aniqlashtirish uchun ichki tekshiruvlar yo'lga qo'yilmaydimi?

Nadejda Ataeva: Yo'q, bu ma'lumotlar yopiq sanaladi. Ibodovlar oilasi turli tashkilotalrga, jumladan, prezident devoni, prokuratura va MXXga ham, 120 ga yaqin muassasaga murojaat yuborganlar. Javob olishmagan. Faqat mahkama idoralaridan hujjatlarning nusxalarini olishgan, xolos. Bo'lib o'tgan sud jarayonlari borasida ma'lumotlarni bir necha oylab kechiktirilib olishga muvafaq bo'lganlar. Hattoki 13- sentyabrda jon bergan Ilhom Ibodovning o'limi haqidagi guvohnomani qarindoshlar 11 noyabrda olishgan. Ilhom o'lgan kuni uning jasadi oilaga topshiririlganda, ularga bir necha soat ichida ko'minglar, degan buyruq kelgan. Oila a'zolari, qiynoqlar izlarini ko'ra turib, o'zlari ekspertiza qila olmaganlar. Faqat bizga Ibodovlar onasining aytishicha, surat va videoga tushirishga ulgurganlar. Ibodovlar oila a'zolari o'z shikoyatlarida, Ilhom Ibodovning, ularning so'zlariga ko'ra, o'limiga javobgar bo'lgan rasmiy shaxslarning ismlarini oshkor qila boshlaganlaridan so'ng, uch nafar Milliy Xavfsizlik xodimi boshqa viloyatlarga ishga o'tkazilgan.

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring