Toshkent yana bir qo'rqinchli avtofalokat sahnasi bo'ldi

Toshkentdagi avtofalokat joyi Image copyright Facebook. Voditeli Tashkenta

28 iyuldan 29 iyulga o'tar kechasi Toshkentda ro'y bergan yo'l-transport hodisasi oqibatida to'rt inson hayotdan ko'z yumgan.

Hodisa toshkentliklarga "Frunze savdo markazi" sifatida taniqli chorrahada tungi soat 2 larga yaqin yuz bergan.

Internet sotsial tarmoqlarida falokatdan keyingi fotosuratlar e'lon etilgan, guvohlarning so'zlariga ko'ra, Shota Rustaveli ko'chasi bo'ylab juda katta tezlikda harakatlanayotgan "Spark" rusumidagi avtomobil svetoforning qizil chirog'ida o'tib, Bobur ko'chasida Toshkent aeroporti tomonidan kelayotgan "Kobalt" mashinasiga borib urilgan.

Facebookdagi "Toshkent haydovchilari" guruhida e'lon etilgan fotosuratda "Spark" ag'darilib tomi bilan erda yotganini ko'rish mumkin.

Guvohlarning so'zlariga ko'ra, ikki avtomobil to'qnashuvining ovozi shu darajada kuchli bo'lganki, yon-atrofdagi uylarda uxlab yotgan insonlarni ham uyg'otib yuborgan.

"Spark" avtomobili ichida bo'lgan to'rt inson hayotdan ko'z yumgani, haydovchisining ahvoli og'ir ekani xabar qilinadi.

Ushbu avtofalokat yo'llarda harakatlanish qoidalarini inkor etadigan haydovchilarning o'zlarini tutishlaridan g'azablarga sabab bo'lgan.

O'zbekistondagi avtomobillarning soni tezlik bilan ortib bormoqda va, ayniqsa, poytaxt Toshkent ko'chalarida harakatlanish yildan-yildanga murakkablashib bormoqda.

Buni osonlashtirish maqsadida Toshkentda yo'llarni kengaytirish, haydovchilarni Toshkent Xalqa yo'li bo'ylab harakatlanishga rag'batlantirish, ko'prik va puteprovodlar qurishga harakat qilinmoqda.

Ammo poytaxt yashovchilari va mehmonlar yo'llarda harakatlanish qoidalariga rioya etmaydigan, o'zi va atrofidagi insonlarning hayotini qadrlamaydigan haydovchilar ko'pincha falokatlarga sabab bo'layotganini, oqibatda yosh insonlar hayotdan ko'z yumib, qancha insonlar nogiron bo'lib qolayotganini aytadilar.

Mana shunday hodisalar oldini olish maqsadida ham O'zbekistonda 2015 yil boshida yo'llarda harakatlanish qoidalarini buzganlarga nisbatan jazolar yanada kuchaytirildi.

Ammo bunday choralar ham ko'chani poyga maydoni deb biladigan kalta o'ylov haydovchilarni tiyishga qodir bo'lmayapti.

Siz nima deb o'ylaysiz, insonlarni yo'l harakati qoidalarini buzmaslikka undash yoki o'rgatish uchun yana nimalar qilmoq lozim?

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring