Markaziy Osiyo tashqi ishlar vazirlari Vashingtonda yig'iladi

Markaziy Osiyo Tashqi Ishlar vazirlari Vashingtonga boradi Image copyright Reuters

3 avgustda, Vashingtonda AQSh Davlat kotibi Jon Kerri(John Kerry) Markaziy Osiyoning besh respublikasi tashqi ishlar vazirlarini qabul qiladi.

Bu haqda AQSh Davlat kotibining Markaziy Osiyo bo'yicha yordamchisi o'rinbosari Daniel Rosenblum matbuot uchun teleanjumanda aytgan.

Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O'zbekiston tashqi ishlar vazirlarining AQSh rasmiysi bilan uchrashuvi C5+1 formati doirasida bo'lib o'tishi kutiladi.

O'tgan yil noyabr oyida Jon Kerrining Markaziy Osiyoga tashrifi chog'ida C5+1 ga Samarqandda asos solingan edi.

Jon Kerri Samarqandda Prezident Islom Karimov bilan ham uchrashgandi.

"C5+1" - bu diplomatik muzokaralar shakli bo'lib, mamlakatlarimiz oldida turgan barcha masalalarni muhokama qilish uchun uni yana davom ettirishni ma'qullaymiz, deb qayd etgan Daniel Rosenblum.

AQSh rasmiysiga ko'ra, Samarqandda vazirlar uch sohada: iqtisod, atrof-muhitni himoya qilish hamda terrorizm tahdidi va Markaziy Osiyoga qo'shni Afg'onistonda barqarorlik masalalari muhokama qilingan va bu borada birgalikda loyihalar ishlab chiqishga kelishilgan, ishchi guruhlar tuzilgan.

Janob Rosenblumning aytishicha, 3 avgustdagi uchrashuvda ko'zda tutilgan loyihalar tasdiqlansa, matbuotda e'lon qilinadi.

Bundan tashqari Markaziy Osiyoning tashqi ishlar vazirlari Amerika biznesi vakillari bilan ham uchrashishlari rejalashtirilgan.

Daniel Rosenblum o'z o'rnida Rossiyaning Markaziy Osiyodagi roliga, barqarorlikni mustahkamlash masalasiga to'xtalgan.

"Markaziy Osiyo bo'yicha Rossiya bilan umumiy qiziqishlarga egamiz. Bu mintaqani barqaror ko'rish va qo'shni Afg'onistonni ham xavfsiz, barqaror mamlakatga aylanishidir. U erdagi vaziyat Markaziy Osiyoga ta'sir qilmay qo'ymaydi. Biz bu borada Rossiyani doimo ijobiy rol o'ynashga chaqirib kelganmiz", degan u.

Uning ta'kidlashicha, AQSh hech qachon Markaziy Osiyoda etakchi ta'sir o'rnatishga intilmaydi. C5+1 guruhi Markaziy Osiyodagi yaxshi aloqalardan manfaatdor boshqa davlatlarga qandaydir murojaat sifatida tushunish kerak emas. Biz Markaziy Osiyo davlatlari Rossiya bilan ham, Xitoy bilan ham yaqin, do'stona aloqada bo'lishi tarafdorimiz va bu juda muhim. Lekin bu degani jo'g'rofiy jihatdan uzoqda bo'lgan boshqa davlatlar bilan yaqin, manfaatli aloqalar bo'lmasligi kerakligini anglatmaydi", deydi janob Rosenblum.

2015 yil noyabrda Samarqandda AQSh Davlat kotibi Jon Kerri besh davlat tashqi ishlar vazirlari Abdulaziz Komilov, Erlan Idrisov, Erlan Abdildaev, Sirojiddin Aslov, Rashid Meredovlar bilan uchrashgan.

Uchrashuvda siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlik muhokama qilingan va Markaziy Osiyo va AQSh o'rtasida hamkorlik to'g'risida deklaratsiya imzolangan.

Qatnashchilar besh mamlakatga ta'luqli masalalarni muhokama etish bo'yicha C5+1 shaklini ma'qullashgani aytilgan edi.

O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov ishtirokidagi hay'at shu yilning 19-21 yanvar kunlari Vashingtonda AQSh hukumati bilan muzokaralar o'tkazgan.

Uchrashuvda tomonlar xalqaro va mintaqa masalalarini muhokama qilganlar. Ikki tomonlama siyosiy, savdo-iqtisodiy, insonparvarlik sohalari bo'yicha munosabatlar bo'yicha fikr almashishgan.

Undan oldin 2013 yilda ham Abdulaziz Komilov etakchiligidagi O'zbekiston hay'ati 2013 yil Vashingtonga borgan.

AQSh va O'zbekiston rasmiylarining asosiy muhokama mavzusi 2014 yilda Afg'onistondagi xalqaro qo'shinlar o'zlarining jangovor missiyasini tugatganlaridan keyingi mintaqadagi xavfsizlik masalasi bo'lgandi.

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring