"Hamma kirish imtihonlari onlayn ko'rsatilsin!"

Toshkentdagi Inxa universitetiga kirish imtihoni Image copyright Inha.uz

Toshkentdagi Inxa universiteti kirish imtihonlarini to'g'ridan-to'g'ri Internetda tomosha qilish mumkinligi haqidagi xabar O'zbekistondagi oliy o'quv yurtlariga kirish shaffofligi borasidagi muammoga yana bir bor e'tibor qaratdi.

Inxa universiteti matbuot xizmati tarqatgan xabarda aytilishicha, universitet ma'muriyati ilk bor har bir xohlagan insonga oliy o'quv yurtiga kirish imtihonini real vaqt rejimida onlayn kuzatib borish imkoniyatini beradi.

Muddao - imtihon jarayonining shaffof va ochiq ekanini namoyish etish, deyiladi universitet nomidan e'lon qilingan xabarda.

Ushbu xabar nega 1 avgust kuni O'zbekistonning barcha o'quv yurtlariga test imtihonlarini onlayn kuzatib borishni tashkil etish mumkin emas, degan savolni tug'dirgan.

O'zbekistonda oliy o'quv yurtiga kirish jarayonlari ortida doimo korruptsiya va poraxo'rlik bo'lib kelgan.

1997 yildan SSSR zamonidagi yozma va og'zaki kirish imtihonlari tartibi bekor qilindi va test imtihonlariga o'tishga qaror qilindi.

Bu qaror o'qishga kirishdagi poraxo'rlik oldini olish maqsadida qabul qilindi, deb aytildi.

Mamlakatda Davlat Test markazi tashkil qilindi va test imtihonlarida noqonuniy ishlarga yo'l qo'ymaslik maqsadida kuzatuv O'zbekiston Milliy Xavfsizlik xizmatiga yuklatildi.

Ammo o'tgan qariyb yigirma yillik tajriba O'zbekistonda "o'qishga pul bilan kirish" bartaraf etilmaganini ko'rsatdi.

Bu boradagi ishlardan yaxshi xabardor bo'lgan o'zbekistonliklarning so'zlariga ko'ra, qaysi o'quv yurtida necha abiturientni necha pulga kiritish o'quv yurti rahbariyati bilan Milliy Xavfsizlik xizmatining mas'ullari o'rtasida "oldi-berdi" qilinadi.

Image copyright BBCUZBEK

Bugungi kunda 15 dan ortiq noqonuniy va norasmiy usullar qo'llanilib testi imtihonlari "topshiriladi".

Ular orasida "Parovoz", "Tanka", "Shpora", "Bunker", "Telefon", "Parashyut", "Telepatiya", "Soldat", "0 variant yoki X variant" kabi usullar keng tarqalgan.

1 avgust kuni butun O'zbekiston bo'ylab mobil aloqa operatorlari Internet va sms jo'natish xizmatlarini vaqtincha o'chirib qo'yadilar, ko'p ming sonli Milliy Xavfsizlik va militsiya xodimlari qo'riqchilikka jalb etiladi.

Ota-onalar jazirama havoda test imtihoni tugab farzandlari chiqishini kutib turishga majbur bo'ladilar.

Yana test imtihonlari javobini bugungi kompyuetrlashgan zamonda 10-15 kunlab kutishga to'g'ri keladi.

Mana shular ham O'zbekistonda oliy o'quv yurtiga kirishda qallobliklar mavjudligidan dalolatdir.

Inxa universitetining xabari Internet sotsial tarmoqlarida keng muhokamalarga sabab bo'lmoqda.

O'zbekistonning barcha o'quv yurtlariga kirish imtihonlari onlayn-translyatsiyasini tashkillashtirish lozim, degan takliflar bildirilmoqda.

Onlayn-translyatsiya ko'p ming sonli qo'riqchilar jalb qilingan imtihonlardan arzonga ham tushishi eslatilmoqda.

Siz nima deysiz? Nega shu paytgacha O'zbekistonda hamma institut va universitetlarga kirish test imtihonlarini onlayn kuzatish tashkil qilinmagan?

Eski tartibdan kimga foyda, kimga zarar?

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring