BMT Rossiyaga: Halab yo'lagini bizga bering!

Halabdagi Suriya armiyasi harbiylari Image copyright Reuters

BMTning Suriya bo'yicha maxsus elchisi Staffan de Mistura aytishicha, Rossiya Suriyaning Halab shahri aholisi uchun tashkil etmoqchi bo'layotgan insonparvarlik yo'lagi nazoratini BMTga topshirishi lozim.

28 iyul kuni Rossiya hukumati Suriya hukumati bilan birga Halab atrofidagi tinch aholi va isyonchilar chiqib ketishlari uchun keng miqyosli insonparvarlik amaliyotini boshlayotgani haqida e'lon qildi.

BMT vakili Staffan de Mistura so'zlariga ko'ra, uzoq muddatli otashkesimgina Halab aholisining xavfsizligini kafolatlashi mumkin.

Halabda istiqomat qiladigan biror bir tinch aholi vakilini chiqib ketishga majburlamasliklari lozim. Faqat halabliklarning o'zlarigina insonparvarlik yo'lagidan chiqib olganlaridan keyin qaerda qolish qarorini o'zlari qabul qilishlari lozim, deb aytgan janob de Mistura.

Bundan oldin Xalqaro Qizil Xoch tashkiloti Halabni tark etish yoki shaharda qolish qarorini qabul qilgan har bir insonga muhofaza va yordam kafaolatlanishi lozim, degan bayonot bilan chiqqan edi.

Prezident Bashar al-Assadning hukumat kuchlarini qo'llab-quvvatlayotgan Rossiya harbiylari halabliklar uchun to'rtta insonparvarlik yo'lagi tashkil etmoqchi ekanliklarini aytganlar.

Bu yo'laklarning uchtasi tinch aholi uchun, yana biri esa o'z qurol-yarog'ini tashlab chiqishga qaror qilgan aksilassad isyonchilarga mo'ljallangani aytilgan.

Biroq Assad rejimiga qarshi qo'liga qurol olgan bir necha isyonchilar guruhini birlashtirgan Suriya muxolifati vakillari aytishlaricha, Rossiya tashkil etmoqchi bo'layotgan yo'lakdan ko'zlangan maqsad, Halab shahri aholisini shahardan tashqariga chiqarishdir.

Oxirgi oylarda Halab atrofida jiddiy vaziyat yuzaga kelgan.

Suriyaning bir zamonlar biznes markazlaridan biri bo'lgan Halab shahri to'rt yildan buyon qaqshatqich janglar sahnasiga aylangan.

Rossiyaning aviabombardimonlari ko'magida Suriya hukumat kuchlari Halab qamalini tobora toraytirib borishga muvaffaq bo'lmoqdalar.

Halab shahrining sharqiy qismi isyonchilar nazoratida, g'arbiy qismi esa Suriya hukumat kuchlari nazorati ostidadir.

O'tgan hafta Halabdagi to'rt dala gospitali havo hujumiga tutildi.

Oqibatda shifoxonadagi bemorlar, shifokorlar va bolalar halok bo'ldi.

Ko'mak tashkilotlari Halabda 250 mingdan ortiq inson juda og'ir ahvolda qolganlarini aytadilar.

Isyonchilar nazorati ostida qolgan hududlardagi tinch fuqarolarning soni 300 ming atrofidadir.

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring