Suriyada Rossiya harbiy tikuchari urib tushirilgan

Image copyright Reuters

Suriyaning Idlib viloyatida Rossiyaning Mi-8 harbiy-transport tikuchari urib tushirilgan.

Rossiya Mudofaa vazirligiga ko'ra, tikuchar bortida uch ekipaj a'zosi va urushayotgan tomonlarni yarashtiruv markazi ikki zobiti bo'lganlar.

Hodisa Halab shahriga gumanitar yordam olib borgan tikuchar Xmeymim aviabazasiga qaytayotganda sodir etilgan.

Image copyright Reuters

Tikuchar bortidagi Rossiya harbiylarining taqdiri o'rganilmoqda, deyilgandi oldinroq Mudofaa vazirligi xabarida.

Al-Arabiya telekanali esa tikuchar halokati natijasida to'rt inson halok bo'lganini aytgan.

Prezident Putin halok bo'lganlarning oilasiga ta'ziya bildirgan, ularni qahramonlar deb atagan.

Image copyright Reuters

Al-Jazira telekanalining xabar berishicha, Rossiya harbiy uchoqlari tikuchar urib tushirilgan hududlarni dushanba kuni bombardimon qilganlar. Biroq bu xabar rasman tasdiqlangani yo'q.

Internetda tikucharning qulayotgani va yonayotgan qoldiqlari, marhumlar jasadlari aks etgan video va fotosuratlar tarqalgan. Ba'zilarida rossiyalik harbiylarning hujjatlari ham ko'rinadi.

9 iyulda ham Rossiyaning ikki uchuvchisi Suriyaning Palmira shahri yaqinida o'ldirilgan.

Islomiy davlat" jangari guruhi Mi-25 tikucharini urib tushirgani haqida xabar tarqatgandi.

Image copyright Reuters

Rossiyaning Suriyadagi harbiy amaliyotlari 2015 yil sentyabr oyida boshlandi. Rossiya IShIDga qarshi kurashayotganini aytadi.

Biroq Suriyadagi Asad armiyasiga qarshi kurashayotgan muxolifat kuchlari Rossiya nishonlari o'zlariga qaratilganini ta'kidlaydilar.

Mart oyida Prezident Putin Suriyadan Rossiyaning asosiy qo'shinlarini olib chiqish haqida farmon berdi.

Ayni paytda ham Rossiya havo kuchlari Suriyada jangarilar manzillarini havodan bombalashda davom etmoqda.

Suriyadagi amaliyotlar boshlanganidan beri Rossiya o'ndan ortiq harbiysini yo'qotdi, to'rt tikuchari urib tushirildi.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring.