"Istasangiz kovushni boshga kiying, ammo portlatmang..."

Qirg'iziston prezidenti o'ziga "voris" tanlamaydi Image copyright Social media
Image caption Qirg'iziston prezidenti o'ziga "voris" tanlamaydi

Prezident Atambaev qirg'izistonliklarga hech kim qanaqa kiyinish bo'yicha majburan o'z hukmini o'tkazmasligini urg'ulagan.

Anchayin qarama-qarshiliklarga boy bo'lgan bu chiqishida Qirg'iziston rahbari "din niqobi ostida terrorchilikka da'vat etgandan ko'ra, ayollar kalta yubkalarda yurgani ma'qulroq", deb aytgan.

Issiqko'ldagi "Ruh O'rda" kompleksida bo'lib o'tgan press-konferentsiyada Qirg'iziston prezidenti Almazbek Atambaev, mahalliy, hamda horijiy jurnalistlarning savollariga javob bergan.

"Qirg'izistonda 1950 yillardan buyon ayollar qisqa kiyim bilan yuribdilar, lekin ulardan hech birisi "shahidlik kamarini" taqmaganlar va hech kimni portlatmayaptilar. Hohlasangiz, oyoq kiyimingizni boshingizga kiyib oling, ammo odamlarni... portlatmang. Bu din emas", deya ta'kidlagan Atambaev.

Yaqinda Bishkekda qirg'iz ayollarining milliy kiyimda va yuzlari yopilgan chodirda tushgan suratlari aks etgan bannerlar joylashtirilgan edi.

Unda "Qayran elim, qayda baratabiz - Aziz halqim, qaerga ketmoqdamiz" deb yozilgan.

Bu bannerlarni prezident Atambaev dastaklagan va respublikaning boshqa viloyatlarida ham joylashtirilishi uchun mablag' ajratilishini buyurgandi.

Bunga norozi bo'lganlar, ba'zi hududlardagi bannerlarni yirtib, ularga o't ham qo'yganlar.

O'tgan haftada esa qirg'iz ayollarining milliy libosda va qirg'iz qizlarining qisqa yubkachan tushgan suratlari, xuddi o'sha savol "Qayran elim, qayda baratabiz - Aziz halqim, qaerga ketmoqdamiz" savoli ostida Bishkek ko'chalariga ilingan.

Pasportdagi "millat" muammosi

Prezident Almazbek Atambaevning fikricha, pasportdan fuqaro millati ko'rsatilgan qatordan uni olib tashlash to'g'ri bo'ladi.

"Uning o'rniga, "qirg'iz fuqarosi" deb yozish kerak" - deydi davlat rahbari.

Yaqinda Davlat ro'yxatga olish xizmati pasportlarning yangi ko'rinishini ishlab chiqib, uning loyihasini taklif etgan. Unga ko'ra fuqaroning millati ko'rsatilmaydi. Bu o'z navbatida jamoatchilikda qizg'in bahsu-munozaralarga sabab bo'lgan. Kimlardir bu millatga xoinlik deb atasa, boshqalar esa fuqaroviy hamjihatlikni tashkil etuvchi muhim amal deb baholashgan.

"Voris" bo'lmaydi

Shuningdek, prezident Almazbek Atambaev o'zining o'rniga "voris" tayinlamasligini aytgan.

Hokimiyatdan ketish arafasida hech qaysi bir nomzodga qo'llov ko'rsatib, unga tashviqot ishlarini yurgizmasligini ham qo'shimcha qilgan davlat rahbari.

"Qirg'iziston katta qishloqqa o'xshaydi. Xalq deyarli bir-birini taniydi. Ular kimni tanlashni ham yaxshi bilishadi", deydi Atambaev.

Qirg'iziston qonunchiligiga muvofiq, prezident Almazbek Atambaevning davlat rahbarlik muddati 2017 yilning kuzida yakunlanadi va u qayta saylanish huquqiga ega emas.

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring