"C5+1 yig'inida Gulnoraning muzlatilgan pullari muhokama qilinmaydi"

Joshua Beyker
Image caption Joshua Beyker

AQSh Davlat departamentining voizlaridan biri Joshua Beykerga ko'ra, 3 avgust kuni Markaziy Osiyo davlatlari Tashqi ishlar vazirlari Vashingtonda asosan mintaqadagi iqtisodiy, harbiy va xavfsizlik masalalarida hamkorlikni muhokama etishadi.

C5+1 yig'inida O'zbekiston tomonidan Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov ishtirok etishi xabar qilingan.

C5+1 ilk yig'ini o'tgan yil noyabr oyida Samarqandda kechgan edi.

Unda AQSh Davlat kotibi Jon Kerri ham ishtirok etgandi.

BBC AQSh Davlat departamentining voizlaridan Joshua Beykerdan C5+1 uchrashuvlaridan maqsadlar haqida so'ragan.

BBC: Bu kabi uchrashuvlar bilan Amerika Qo'shma Shtatlari Markaziy Osiyoda ta'sir doirasini kengaytiradimi va ayni masalada Rossiya bilan o'zaro bo'lashish yo'lini ko'radimi? Umuman, Vashington Moskva bilan mintaqada ta'sir doirasini o'zaro kelishgan holda bo'lashadimi?

Joshua Beyker: Yo'q, bundan bir rejamiz yo'q. Biz o'z ta'sir doiramizni bo'lib o'tirmaymiz. Biz bu besh Markaziy Osiyo davlatlarini hurmat qilamiz. Bu uchrashuvdan maqsad mintaqaviy integratsiyani yo'lga qo'yish. AQSh avvalo bu davlatlar o'zaro va keyin dunyo bilan integratsiya bo'lishi tarafdori...

BBC: Qo'shma Shtatlar mintaqa davlatlarining o'zaro integratsiya jarayonida vositachi va yoki o'ziga xos homiy bo'lish niyatida, shundaymi?

Joshua Beyker: Biz bu davlatlar orasida iqtisodiy, harbiy va xavfsizlik masalalarida o'zaro hamkorlik kuchayishi tarafdorimiz. Albatta, mintaqa davlatlari AQSh va boshqa dunyo davlatlari bilan ham shu yo'lda ko'proq hamkorlik qilishlarini istaymiz.

BBC: O'zbekiston hukumati Gulnora Karimovaning xorijdagi muzlatilgan pullarini qaytirishni istaydi. Bu haqda nima deysiz? AQSh bu pullarni qaytarishga qanday qaraydi? Ayni masala Toshkent istagani kabi hal bo'lishi qanchalar haqiqatga yaqin?

Joshua Beyker: Men aynan shu savol bu uchrashuvda ko'tariladi deb o'ylamayman. Aytganimday, bu uchrashuvda asosiy e'tibor mintaqaga qaratiladi. Balki bu masalaga AQShning Toshkentdagi elchixonasi javob bera bilar, ammo Kerri janoblari ayni savolga e'tibor beradi degan fikrdan uzoqman.

BBC: O'zbekistondagi inson huquqlari bilan bo'lgan vaziyat tilga olinadimi va yoki bunga ham e'tibor qilinmaydimi?

Joshua Beyker: Yo'q, gumanitar masalalar albatta ko'tariladi bu uchrashuvlarda... Inson huquqlari masalasi nafaqat O'zbekiston, balki qolgan davlatlarda va hatto AQShda ham katta bir masaladir. Inson huquqlari bilan bog'liq vaziyatni ko'tarishdan bir tortinib o'tirmaymiz. Ochiq-oydin gapiramiz bu masalada...

BBC: Qirg'izistonlik taniqli inson huquqlari faoli Azimjon Asqarovga AQSh Davlat departamentining mukofoti topshirilganidan keyin Bishkek va Vashington munosabatlarida biroz tanglik kuzatildi. Umuman, AQSh bu mamlakatlarda qamoqda qolayotgan inson huquqlari faollarini nomma nom ozod etish masalasini ko'taradimi?

Joshua Beyker: Ertangi uchrashuvlarda inson huquqlari masalasi ko'tariladi. Ammo alohida bir inson huquqlari faollarining ozod etilishi masalasi ertaga ochiqlanmasa kerak... Lekin ikki tomonlama uchrashuvlar chog'ida, masalan, AQSh - O'Zbekiston, AQSh - Turkmaniston uchrashuvlarida biz bu masalalarni aniqroq ko'taramiz...

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring