Tojikistonda rossiyalik askar halok bo'lgan

Rossiya bazasi Image copyright Internet

Rossiyaning Tojikistondagi 201- harbiy bazasi Hatlon viloyati Qo'rg'ontepa shahrida shartnoma bo'yicha xizmat o'tayotgan rus askari o'limini tasdiqlagan.

Rasmiylarning bildirishicha, sodir etilgan hodisaga maishiy nizo sabab bo'lgan.

Dastlabki ma'lumotlarga binoan, rossiyalik shartnoma asosidagi askar shahardagi ko'ngilochar binolardan birida kelib chiqqan to'polonda o'ldirilgan.

Mahalliy yashovchilar va askar o'rtasida dahanaki jang janjalga aylanib ketgan. Hodisa tafsilotlari o'rganilmoqda.

"Voqea maishiy xarakterga ega. Askarning o'limi yuzasidan jinoiy ish qo'zg'atildi. Surishtiruv ishlarini Rossiya bazasi rahbariyati va Tojikiston huquqni muhofaza qilish idoralari birgalikda olib borishmoqda", deb aytgan Markaziy harbiy okrug vakili BBCga.

Tojikistondagi rossiyalik harbiylarning harakatlari bundan oldin ham muhokamalarga sabab bo'lgan va mahalliy aholining noroziligini uyg'otgandi.

Iyul oyi oxirida Dushanbeda harbiy askar Ivan Sherbakov 22 yoshli Shoira Jobirovaning o'limida aybdor deb topilib, qamalgan.

O'tgan yil avgustida Dushanbe shahrida tojik taksi haydovchisining o'limini sodir etganlikda ayblangan rossiyalik askarlar Fedor Basimov va Ildar Saxapov ozodlikdan mahrum etilganlar.

Shuningdek, 2015 yil iyulida Ko'lobda harbiy xizmatni o'tayotgan rossiyalik askarlar spirtli ichimlik ta'sirida mahalliy aholi bilan janjallashgan, ularning sha'niga irqchilik mazmunidagi haqoratlar aytganlar.

Kuzatuvchilar fikricha, bu kabi hodisalarni kamaytirish maqsadida Rossiyaning harbiy qismlari Ko'lobdan ko'chirilgan.

201 harbiy baza Rossiya qurolli kuchlarining mamlakatdan tashqarida mavjud eng yirik bazalaridan bo'lib, uning bo'limlari Dushanbe va Qo'rg'ontepada joylashtirilgan.

Rossiya harbiy bazasining Tojikistonda qolish muddati 2012 yil oktyabr oyida 30 yilga uzaytirilgan edi.

Tomonlar harbiy bazaning saqlanishi mintaqada barqarorlik va xavfsizlikni ta'minlash omillaridan deb aytganlar.

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring