London ko'chalarida qurolli politsiyachilar ko'payadi

Londondagi qurolli politsiya xodimi Image copyright AP

3 avgustdan boshlab Britaniya poytaxti London ko'chalarida qurollangan politsiya xodimlarining soni ko'payadi.

Bu haqda London shahri hokimi Sodiq Xon va shahar politsiyasi rahbari ser Bernard Hogan-Hou ma'lum qilganlar.

Bunga oxirgi paytda Ovro'poda hujumlar ko'paygani sabab bo'lgani xabar qilinmoqda.

"Olmoniyada, Belgiya va Frantsiyada hujumlar sodir etildi. Bularni inkor etish biz tomonimizdan aqlsizlik bo'lur edi. Shuning uchun tahdidga javob qaytarishga qodir qurolli zobitlarningko'chalarda bo'lishlari muhim", deb aytgan London politsiya idorasi rahbari.

Ser Bernard Hogan-Hou aytishicha, qurollangan zobitlar Londonning ayrim tumanlarida kechayu-kunduz patrul xizmatini yo'lga qo'yadilar.

Asosiy e'tibor sayyohlar ko'p tashrif buyuradigan va odamlar ko'p to'planadigan joylarga qaratiladi.

"Londonliklarning politsiya va xavfsizlik xizmatlari xavfsizlikni ta'minlash yo'lida qo'llaridan kelgan hamma ishni qilayotganlariga ishonch hosil qilishlari muhim", deb aytgan shahar hokimi Sodiq Xon.

Bundan oldin politsiya London ko'chalaridagi qurolli zobitlarning sonini 600 taga ko'paytirishni rejalashtirayotgani hamda yana 1500 kishini o'qotar qurol bilan muomala qilishga o'rgatish maqsadi haqida xabar tarqatgan edi.

Oxirgi oylarda Ovro'poda bir necha hujum ro'y berdi.

Frantsiyaning Nitstsa shahrida Bastiliya kuni munosabati bilan mushakbozlikni tomosha qilish uchun dengiz sohiliga chiqqan olomon ustiga yuk avtomobili haydab borilgani oqibatida 80 dan ortiq inson halok bo'ldi.

Olmoniyaning Myunxen shahridagi savdo markazida asli kelib chiqishi eronlik Olmoniya fuqarosi olomonni o'qqa tutdi.

Bundan bir necha kun oldin Bavariya poezdi yo'lovchilariga pichoq va bolta bilan hujum qilindi.

Frantsiyaning Sent-Eten-dyu-Ruvr shahridagi cherkovga ikki shaxs hujum qilib, ibodatga to'plangan kishilarni garovga oldi.

Cherkovning keksa rohibini o'ldirib, yana bir kishini jarohatladilar.

Ikki hujumchining ham zo'ravonlikka qo'l urishi mumkinligi haqida politsiya xabardor bo'lgani ma'lum bo'ldi.

O'zini "Islomiy Davlat" deb ataydigan ekstremistik guruh hujumlar uchun mas'uliyatni zimmasiga olib bayonotlar tarqatgan.

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring