O'zbek va Qozoq chegarasida sayyohlar uchun "yashil yo'lak" kerak

qozoq-o'zbek chegarasi

Qozog'iston O'zbekiston bilan ikki mamlakat chegaralaridan sayyohlar o'tishi imkoniyatlarini yaxshilash choralarini ko'rib chiqmoqchi.

Bu haqda Qozog'iston elchisi Erik Utembaev jurnalistlarga ma'lum qilgan.

Xabarga ko'ra, Qozog'iston rasmiylari bu masala bo'yicha "O'zbekturizm" vakillari bilan gaplashganlar.

"Biz o'zbek tomoni bilan chegarada sayyohlarning muammolarsiz o'tishlarini ta'minlaydigan yo'lni ko'rib chiqyapmiz. Sayyohlar uchun maxsus "yashil yo'lak" ochilishi muhokama qilinmoqda, degan u Sputnik nashri muxbiriga. Bu erda albatta ba'zi bir o'zgarishlar bo'ladi. Sayyohlik shirkatlari ko'proq mustaqillikni oladilar, shu bilan birga, mamlakat xavfsizligiga bog'liqligi tufayli ularda mas'uliyat ham oshadi, chegaradan faqat haqiqiy sayyohlar o'tkazilishi lozim", deb qayd etgan Qozog'iston vakili.

Qozoq tomonining taklifiga ko'ra, Qozog'istondagi sayyohlik hududlariga yashil yo'lak ochilishini ta'minlaydigan loyihalarni amalga oshirish kerak. Buning uchun ikki mamlakatdagi barcha manfaatli tizimlar - hukumat, turistlik shirkatlari, chegara va bojxona nazoratiga javob beruvchi idoralar sa'y-harakatlarini birlashtirish zarur. Shunday hududlardan biri o'zbekistonliklar orasida ommabop Sariog'och bo'lishi mumkin, deydi u.

Utembaev so'zlariga ko'ra, elchixona hozirda qaysi yo'nalishda sayyohlarning ko'proq talabi mavjudligini aniqlash uchun sayyohlik shirkatlari bilan uchrashuvlar o'tkazmoqda.

Turoperatorlar bilan muloqot munosabatlarda qanday to'sqinliklar borligini aniqlashini aytadi elchi.

Markaziy Osiyo respublikalari o'rtasida fuqarolarning ilgari muammo bo'lmagan bordi-keldilari mustaqillikdan so'ng muammoga aylandi.

Jumladan, O'zbekiston va Qozog'iston o'rtasidagi chegaradan o'tish yillarki anchayin vaqt va mashaqqat talab qiladigan jarayon bo'lib qolgan.

Chegaradan o'tuvchilarning aksari ish topish ilinjida yo'lga chiqqan o'zbekistonlik mehnat muhojirlaridir.

Har bir chegara nuqtasiga taaluqli rasmiyatchiliklardan tashqari chegaraning ikki tomonida ham "norasmiy", ammo ko'rinishidan chegarachi va bojxonachilar bilan kelishilgan holda ish yurituvchi vositachilar mehnat muhojirlaridan iloji boricha ko'proq pul undirishga harakat qilishlari tez-tez bunga guvoh bo'lganlar tomonidan aytiladi.

Buning ustiga, O'zbekiston tomonidagi o'tish nuqtalarida kerakli sonda mutaxassislar o'tirmasligi bois, odamlar yo soatlab chegarada turib qolishadi va yo navbatsiz o'tish uchun pora berishga majbur bo'lishlari to'g'risida xabar berishadi.

Bahor va yoz chog'i katta sondagi o'zbekistonlik mehnat muhojirlari Qozog'istonga o'tishga harakat qilishadi. Kech kuz va qish payti esa ular yana vatanga qaytib keladilar.

Natijada chegara maskanlarida yil bo'yi uzun navbatlar uzilmaydi. Bir necha yil oldin O'zbekiston tomoni mehnat muhojirlarini boshqa fuqarolar va qozog'istonliklardan ajratilgan holda chegaradan o'tkazishni boshlagan edi.

Qozog'iston tomonida hujjat to'ldirish bo'yicha qo'shnisi kabi ortiqcha talablar bo'lmasda, u tarafda ham odamlarning to'planib qolish hollari uchrashi xabar qilinadi.

Bir necha oy oldin BBCga gapirgan o'zbekistonlik O'zbek-Qozoq chegarasida yuzaga kelgan nazorat holatlari orqasidan ko'zbo'yamachilik, poraxo'rlikdan aziyat chekkanini aytgandi.

Yangi amalga oshishi kutilayotgan "sayyohlar uchun koridor" ochish haqida O'zbek tomoni hozircha munosabat bildirgani yo'q.

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring