Qozog'iston politsiyasi: vaziyat nazorat ostida

Zo'ravonliklar oqibatida yiqitilgan devor Image copyright TVK-UKO.KZ

Janubiy Qozog'iston viloyati rahbarlari, Ichki ishlar vaziri o'rinbosari va mahalliy aholi Maqtaaral tumanidagi zo'ravonliklar yuz bergan qishloqda majlis o'tkazganlar.

Iyul oyining oxirgi kunlarida Seyfullin qishlog'ida mahalliy qozoq va tojik millatiga mansub aholi vakillari o'rtasida to'qnashuvlar yuz berganidan keyin bu erda huquq-tartibot organlarining shtabi tashkil etilgan.

To'qnashuvlarga 7 yashar qizaloq 15 yoshli maktab o'quvchisi tomonidan jinsiy zo'rlangani haqidagi mish-mishlar sabab bo'lgan.

Qozog'iston rasmiylari Janubiy Qozog'iston viloyatining Maqtaaral yoki Paxtaorol tumanida vaziyat huquqni muhofaza qilish idoralari nazoratida ekanini aytmoqdalar.

2 avgust kuni Janubiy Qozog'iston viloyati hokimi Beybit Atamqulov, Qozog'iston Ichki ishlar vazirining o'rinbosari, viloyatdagi barcha huquq-tartibot idoralari rahbarlari, viloyat tuman va shahar hokimlari zo'ravonliklar yuz bergan Seyfullin qishlog'iga borganlar.

Zo'ravonliklardan keyin bu erda shtab tuzilgan, o'sha shtab majlisiga rahbarlar bilan birga mahalliy aholi vakillari ham qatnashganlar.

Viloyat hokimi Beybit Atamqulovning bu majlisda aytishicha, o'tkazilgan tibbiyot ekspertizasi voyaga etmagan qizcha jinsiy zo'rlanganini tasdiqlamagan.

Viloyat hokimi odamlarni har xil mish-mishlarga ishonmaslikka chaqirgan.

15 yoshli Tojik maktab o'quvchisi 7 yashar Qozoq qizaloqni jinsiy zo'rlagani haqida xabar tarqalgani zo'ravonliklar boshlanib ketishiga sabab bo'lgan.

Huquq-tartibot idoralariga ko'ra, olomon Seyfullin qishlog'i yashovchilariga, binolarga 28 iyul kuni hujum qilganlar.

Muratboev qishlog'idagi bir do'konga, Dihon qishlog'idagi ikki bino va bir avtomobilga o't qo'yilgan.

Seyfullin qishlog'iga politsiya kuchlari tashlangan.

Politsiyadan xabar qilishlaricha, "Bezorilik" bandi bo'yicha qo'zg'atilgan jinoyat ishi yuzasidan 34 kishi hibsga olingan.

Zo'ravonliklarga aloqador deb ko'rilgan insonlar yonida tayoqlar, o't qo'yish maqsadi uchun deb ko'rilayotgan 5 litrli benzin solingan idish topilgan.

Rasmiylar tergov davom etayotganini aytmoqdalar.

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring