"Nima bo'ldi, tushuntiring Ahmad aka?"

Ahmadboy Image copyright Internet

Chinozda moliyaviy piramida tuzib, mashhur bo'lgan, ikki oy oldin esa hibsga olingan Ahmadboy mavzusi tinganicha yo'q.

Ahmadboy-Ahmadjon Tursunboyev mavzusi O'zbekistonda hali ham dolzarb.

Tergov ishlari orqasidan chiqqan xabarlarda minglab dollar pulini Ahmadboyga berganlar orasida san'at ahli ham borligi to'g'risida gaplar paydo bo'lgandi.

Yaqindagina ijtimoiy tarmoqlarda qaysi xonandayu sozanda Ahmadboyga qancha pul berib kuyib qolgani muhokama qilingan bo'lsa, endi Ahmadboyga atab yozilgan qo'shiq tilga tushgan.

Qo'shiqda o'zining eski Matiz mashinasi o'rniga Captiva avtomobilini orzu qilgan va Matizini Ahmadboyga berib, mashinasiz qolgan "jabrdiyda"i dardi kuylanadi.

Xayollarda ne-ne orzular bor edi,

Bu o'ngimmi yoki tushim, kulfat ekan.

Hamma hayron, hamma giryon, dili vayron,

Nima bo'ldi, tushuntiring Ahmad aka? - deb kuylaydi Murod Manzur.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi
Аҳмадбой ҳақида қўшиқ

Qisqa fursatda qo'shiqqa olingan klip minglab marotaba tomosha qilingan.

Bu Ahmadboy nomining she'rga ilk solinishi emas. Oldinroq Ahad Qayum degan shoir ham unga atab she'r yozib ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatgan. U o'zining she'ri muxlislar talabiga binoan yozilganligini aytgan.

Bechoralar ishlatmayin kallani,

Kalla desa opkelibdi sallani.

Siz ham poylab ayni kerak pallani,

Fil ham axir sizcha emas, Ahmadboy.

Bu ishingiz yaxshi emas, Ahmadboy!

Xafa bo'lmang shoir Ahmad Qayumdan,

She'r yozing deb talab qilishdi undan.

Ranjimang siz endi aslo hech kimdan,

Bu so'zlarim sizga bir dars, Ahmadboy.

Bu so'zlarim sizga bir qarz, Ahmadboy.

Bu ishingiz yaxshi emas, Ahmadboy!

kabi satrlar bitilgan she'r hali o'zbek qo'shiqchilar tomonidan kuyga solinmadi.

Ahmadboyning mijozlari ichida taniqli san'atkorlar ham borligi haqida xabarlar orqasidan ro'yxatdagi bir qator qo'shiqchiyu qiziqchilar unga aloqadorlikni rad etib chiqishgan, ba'zilari uni hatto tanimasliklari, faqat to'yida birrov xizmat qilganlarini aytishgandi.

Chinozlik Ahmadboyni quyuq duo qilayotgani aks etgan video tarqalgan xonanda Dilfuza Ismoilova Ahmadboy o'zining uzoq qarindoshi ekani, uning to'yida tilak bildirganining yomon tomoni yo'qligini izoh bergandi.

Ahmadboyga pul berib hech nimasiz qolganlar davlat tomonidan musodara etilgan pullar va mol-mulk egalariga balki qaytarilar, degan umidni hali uzganlaricha yo'q.

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring