Rio 2016: Kim qancha va'da qilmoqda?

Rishod Sobirov Image copyright AFP

Agar, shu kunlarda yangrayotgan rasmiy va norasmiy xabarlarga tayanilsa, bu yil ham "an'anaga sodiq" qolingan: dunyoning qator davlatlari o'z sovrindorlariga allaqachon kattayu kichik pul mukofotlari va'dasi bilan chiqishgan.

O'zbekistonning qator sportga ixtisoslashganu ixtisoslashmagan internet nashrlarining xuddi shu kunlarda tarqatgan xabarlariga ishonilsa, Rio Yozgi Olimpiada O'yinlarining o'zbekistonlik oltin medali sohibi 200.000 AQSh dollari miqdoridagi mukofot puliga umid qila oladi.

Bu kabi xabarlarda O'yinlarning kumush medali sovrindori uchun 100.000 AQSh dollari ko'zda tutilgani aytilsa, bronza medalini qo'lga kiritgan sportchi uchun 75.000 AQSh dollari ko'zda tutilayotgani anglashiladi.

Ammo BBC O'zbek Xizmatining ushbu xabarlarga rasmiy manbalar orqali oydinlik kiritish urinishlari hozircha o'z samarasini bergani yo'q.

Ayrim internet nashrlari esa, ko'zda tutilayotgan mukofot pulining g'olib sportchilarga qaysi: davlat yoki qora bozor kursida berilishi savoli bilan ham qiziqishgan.

5 avgust kuni Braziliyada start olajak Rio Yozgi Olimpiada O'yinlarida o'zbekistonlik ja'mi 70 nafar sportchi sovrinli o'rinlar uchun kurash olib borishadi.

Ular akademik eshkak eshish, badiiy gimnastika, boks, dzyudo, engil va og'ir atletika, sport gimnastikasi, stol tennisi, suzish, taekvondo, tennis, erkin va yunon-rum kurashi bo'yicha qator sport turlari bo'yicha o'z kuchlarini sinab ko'rishadi.

Agar, o'z g'oliblariga mukofot pullarini e'lon qilib ulgurgan qolgan Markaziy Osiyo davlatlariniki bilan qiyoslansa, O'zbekiston eng katta va'da bilan chiqayotgan ikkita ikkita mintaqa davlatidan bittasi bo'ladi.

Ya'ni

Qo'shni Qozog'iston Olimpiada chempioni bo'lgan sportchisiga 250 ming dollar mukofot puli bermoqchi.

Bunga qo'shimcha oltin medali sohiblarini 3 xonali kvartira bilan ham siylamoqchi.

Agar, qator internet nashrlarida chop etilgan xabarlarga tayanilsa, bu haqda Qozog'iston Sport va jismoniy tarbiya qo'mitasi raisining birinchi o'rinbosari ma'lum qilgan.

Uning so'zlaridan qozog'istonlik Olimpiada O'yinlarining kumush medal sohiblari 150 ming AQSh dollari va 2 xonali kvartira, bronza medali sovrindorlarining esa, 75 ming dollar va bir xonali kvartiraga umid qila olishlari ma'lum bo'lgan.

Qirg'izistonlik Rio Olimpiadasi chempioni esa, 100 ming AQSh dollaridan sal oshiqroq mukofot puliga ko'z tika oladi.

Bu haqda shaxsan Qirg'iziston Prezidenti Almazbek Atambaevning o'zi rasman bayon qilgan.

Uning so'zlariga tayanilsa, O'yinlarning kumush medali sovrindori uchun 56.000 va bronza medali sohibi uchun 52.000 AQSh dollari miqdorida moliyaviy rag'batlantirishlar ko'zda tutilgan.

Tojikiston hukumati esa, Rio Olimpiadasida shundoq ham sanoqli sonda ishtirok etayotgan sportchilariga anchayin kamtarroq mukofot pullari va'dasi bilan chiqqan.

Ya'ni, O'yinlarning tojikistonlik oltin medali sohibi bu yil 300 000 somoniy mukofot puliga umid qila oladi.

Bu - 38 ming AQSh dollaridan sal oshiqroq mablag' deganidir.

Shu yil bahor oylarida esa, Tojikistonning Rio Yozgi Olimpiada O'yinlariga yo'llanma ololgan sportchisiga 10.000 somoniy (1270 dollar) miqdorida mukofot puli va'da qilganiga oid xabarlar paydo bo'lgandi.

Xuddi shu o'rinda ta'kidlash joiz, internet xabarlarida tilga olinayotgan summa - O'zbekiston so'nggi 2012 yilgi London Yozgi Olimpiada O'yinlarida o'z sportchilariga va'da qilganidan ikki barobariga ko'pdir.

Qozog'iston esa, so'nggi gal mintaqa davlatlari orasidan birinchilardan bo'lib g'olib sportchilariga pul mukofotlari va'dasi bilan chiqqan.

Ularning bayonotlaridan qozog'istonlik oltin medali sohibining chorak million AQSh dollariga ko'z tika olishi mumkinligi ma'lum bo'lgandi.

Qolganlar-chi?

O'tgan gal O'yinlarning oltin medali sohibiga qariyb yarim million dollarlik mukofot puli va'dasi bilan chiqqan Ozarbayjon hukumati esa, bu yil himmat bobida anchayin kamtarroq ko'ringan.

Ya'ni, o'zining Riodagi bo'lajak Olimpiada chempionlariga chorak milliondan oshib-oshmaydigan mukofot puli belgilagan.

Kumush medali sovrindorlarini 126 ming, bronza medali olganlarini esa, buning teng yarmi miqdoridagi pul bilan siylashga qaror qilgan.

Ammo, shunda ham, bu - Rossiya doxil qolgan Sho'ro davlatlari o'z olimpiyachilariga va'da qilayotgan mablag'lar orasidan hozircha eng yirigi bo'lib chiqqan.

Deylik, Rossiya o'zining Rio Olimpiadasi chempioniga va'da qilayotgan pul mukofoti bor-yo'g'i 61.000 AQSh dollari atrofida ekani ma'lum bo'lgan.

Ustiga ustak, bu - Rossiya o'tgan gal oltin medali uchun va'da qilgan mablag'dan ikki barobar kam ekani ham ayon bo'lgan.

Ammo qanchalik hotamtoylik borasida Moldova qolgan sobiq Sho'ro davlatlarini ortda qoldirib ketgan.

Rasmiy Kishinyov birvarakayiga Rio Olimpiada O'yinlari bellashuvlarining yuqori sakkiztaligiga kirolgan sportchilariga mukofot puli va'dasi bilan chiqqan.

Moldova Rioda oltin medali ololgan sportchisiga 150 ming AQSh dollariga va'da qilgan bo'lsa, ro'yxatda 8-o'rinni egallagan olimpiyachisiga 10.000 AQSh dollari berishini aytgan.

Eng so'nggida shuni ham ta'kidlab o'tish joizki, ham Qishki va ham Yozgi Olimpiada O'yinlarida katta sondagi sportchilari bilan ishtirok etuvchi Amerika o'z g'oliblariga so'nggi bir necha o'n yillikda faqat 25.000 AQSh dollari miqdorida mukofot puli berib kelgan.

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring