Halabda qaqshatqich janglar bo'lmoqda

Halab shahri Image copyright Reuters
Image caption Halab shahrida qaqshatqich janglar davom etmoqda

Suriyaning Halab shahri janubiy mavzelarida hukumat qo'shinlari va isyonchi guruhlar o'rtasida qaqshatqich janglar davom etmoqda.

Faollarga ko'ra, Rossiya havo zarbalari yordamida hukumat kuchlari isyonchilardan ba'zi hududlarni tortib olishga muvaffaq bo'lishdi.

O'tgan dam olish kunlarida isyonchi guruhlar hukumat qo'shinlariga qarshi yirik hujumlarni boshlagandilar.

Hujumlarga yaqinda al-Qoida bilan o'z aloqalarini uzgan Fotih al-Sham front guruhi boshchilik qilmoqda. Mazkur guruh sobiqan o'zini al-Nusra fronti deb atardi.

Uning maqsadi hukumat va isyonchilar o'rtasida bo'lib olingan Halabda hukumat qurshovida qolgan mavqelarni ozod qilishdir.

Hukumat o'rab olgan mavzelarda 300 ming odam qolib ketmoqda.

"Zaharli moddalar"

Rossiya armiyasi bildirishicha, Halabdagi isyonchilar "zaharli moddalar"ni qo'llashgan.

Suriya davlat matbuotiga ko'ra, isyonchilar hukumat nazorati ostidagi hududlarga zaharli gaz solingan raketalarni otishmoqda.

Rossiyaning Interfaks xabar agentligi seshanba kungi hujumlar ortidan bir necha odam halok bo'lgani va 20 nafari kasalxonaga yotqizilganini xabar qildi.

Zaxarli gaz qo'llangani borasidagi da'volar mustaqil kuzatuvchilar tomonidan tasdiqlanganicha yo'q.

Halab uchun jang Suriya hukumati uchun strategik jihatdan o'ta muhimdir. Bir vaqtlar yirik tijoriy markaz sanalgan Halab shahri besh yillik urushlar oqibatida deyarli butkul vayron bo'lgan.

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring