Londondagi hujumchi shaxsi aniqlandi

Russell Square
Image caption Hujum London markazidagi Rassell-skver maydonida yuz berdi

London markazida odamlarga pichoq bilan tashlangan kishi asli somalilik Norvegiya fuqarosi ekani aniqlandi, u o'ldirgan ayol esa - AQSh fuqarosi. Bu haqida Skotland-yard bildirdi.

Politsiya bu jinoiy amalga hujumchining ruhiy holati sabab bo'lgan bo'lishiga ishonadi.

Jarohat olgan besh kishi ichida Britaniya, AQSh, Avstraliya va Isroil fuqarolari bor.

London markazidagi Rassel-skver hiyobonida yuz bergan hujum haqida xabar politsiyaga chorshanba kuni mahalliy vaqt bilan 22:33da kelib tushgan.

Politsiyaga sim qoqqanlar noma'lum erkak yo'lovchilarga pichoq bilan hujum qilayotganini xabar qilganlar.

Hujum oqibatida 60 yoshli ayol shu zahotiyoq halok bo'lgan. Ikki kishi hozirda kasalxonada qolmoqda, ammo ularning hayoti xavf ostida emasligi aytiladi.

19 yoshli hujumchi qo'lga olingan va avvalo kasalxonaga, so'ngra politsiya idorasiga olib ketilgan.

Politsiyaning uning ruhiy holati beqaror ekanini bildirdi.

"Biz tergovimizni tez suratlarda olib borayapmiz. Tergov hali nihoyasiga etgani yo'q, ammo ko'p jihatlar hujumga jinoyatchining ruhiy holati sabab bo'lganiga ishora qilmoqda. Biz hozirgi paytda ishonishimizcha, bu avval rejalanmagan hujum bo'lgan, qurbonlar esa tasodifiy odamlar bo'lishgan. Ta'kidlab o'tmoqchimanki, hozircha biz hujumchining terrorchi tashkilotlarga aloqasi borligiga ishora qiluvchi hech qanday ma'lumotni topganimiz yo'q", - dedi Skotland-yard rahbari muovini Mark Rauli.

Rauli, shunga qaramay, politsiya Ovro'podagi oxirgi terror amallari manzarasida barcha ehtimoliy sabablarni tergov qilishini aytdi.

Hujumga guvohlar orasida ispaniyalik oila ham bo'lgan. Ularga ko'ra, hujumchi hech nima gapirmagan va qichqirmagan, faqat odamlarga pichoq bilan hamla qilgan.

Hujum arafasida terror tahdidi tufayli London ko'chalarida ko'proq qurolli politsiyachilar joylashtirilishi e'lon qilingandi.

London hokimi Sodiq Xon poytaxt aholisini tinchlanishga chaqirgan, ammo hushyor bo'lish va shubhali narsalar haqida politsiyaga murojaat qilishga undagan.

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring