Мараканада тўп сурган биринчи ўзбек ‘йигити’...
Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Marakanada to'p surgan birinchi o'zbek "yigiti"...

...kim bo'ldi ekan-a, desangiz, O'zbek futboli afsonasi Birodar aka Abduraimov.

Ya'ni, u kishidan boshqa biror bir O'zbek futbolchisiga halicha bu kabi sharaf qayta nasib etmagan.

Marakana esa, dunyoning istalgan manaman, degan futbolchisi bir bor to'p surishni orzu qiluvchi afsonaviy stadion bo'ladi.

Afsonaviy "Marakana" bu yilgi Yozgi Olimpiada O'yinlari chog'ida ham stadionlarning guli bo'ladi.

Bu yilgi Rio Yozgi Olimpiada O'yinlarining rasmiy ochilish va yopilish marosimlari aynan ana shu Marakanada bo'lib o'tadi.

Boshqa tomondan, bu - afsonaviy Marakananing Olimpiya O'yinlariga ilk bor mezbonlik qilishidir.

Ammo qariyb bir asrlik tarixga ega Marakana bungacha futbol bo'yicha qo'shaloq jahon chempionati, Konfederatsiya Kubogi kabi futbol olamining eng nufuzli bellashuvlariga sahna bo'lib ulgurgan.

1968 yilda sobiq Sho'rolar Ittifoqi bo'yicha ikkita eng zo'r to'purardan bittasi, deb topilgan Birodar aka Abduraimov oradan yil o'tib, futbol bo'yicha SSSR milliy terma jamoasi tarkibiga taklif etiladi.

Birodar aka SSSR milliy terma jamoasi safida futbol bo'yicha 1970 yilgi jahon chempionatiga tayyorgarlik doirasida Janubiy Amerikaga safar qiladi va afsonaviy Marakanada ham to'p surishga muvaffaq bo'ladi, afsonaviy Garrincha bilan ham uchrashadi.

"Agar, ta'bir joiz bo'lsa, Marakana futbolning Makkasi bo'ladi. Men ham bu stadionda bir kun kelib to'p suraman, deb hech qachon o'ylamaganman. O'zimni 120 ming tomoshabin qarshisida ko'rib, o'zbekistonlik yigit...ko'zimdan yosh chiqib ketgan. Buning ustiga Marakanada bo'lib o'tgan o'sha o'yinda "Vasko da Gama"ni 1:0 ga yutib qo'ydik. Eng asosiysi - o'yindan keyin oldimizga Braziliyaning Peledan keyin ikkinchi eng mashhur futbolchisi bo'lgan Garrincha kelgan. Futbol o'ynagisi kelib turgan ekan, biz bilan birga mashg'ulot o'tkazgan...", - deya o'sha kunlarda xotirlaydi O'zbek futboli afsonasi.

Marakana o'z vaqtida 200 mingga yaqin tomoshabinni o'z bag'riga sig'dirgan va dunyodagi eng yirik stadion nomiga da'vogarlik qilgan.

Ya'ni, mezbon Braziliya Urugvayga yutqazib qo'ygan futbol bo'yicha 1950 yilgi jahon chempionatining final uchrashuvini Marakananing o'zidan turib 199 854 ishqiboz bevosita tomosha qilgan.

Jahon futboli tarixida ungacha bu kabi rekord sondagi tomoshabin boshqa hech bir stadionda kuzatilmagan.

Orada bir necha bor qayta ta'mirdan chiqqan bu afsonaviy stadionda bo'lib o'tajak Rio Yozgi Olimpiada O'yinlarining rasmiy ochilish marosimiga esa, 5 avgust kuni qariyb 80 000 kishining to'g'ridan-to'g'ri guvoh bo'lishi kutilmoqda.

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring