Rio 2016: O'zbek sporti tarixida ilk bor...

Darya Dmitrieva Image copyright Getty Images
Image caption Sovrinli o'rinlar uchun kurash badiiy gimnastika bahslarida ham juda qizg'in kechadi

...badiiy gimnastika bo'yicha O'zbekiston terma jamoasi Yozgi Olimpiada O'yinlarida ishtirok etadi.

Luiza G'anieva, Zarina Qurbonova, Samira Amirova, Valeriya Davidova, Go'zal Raymanova va Marta Rostoburova Rio Olimpiadasining guruh bahslarida ilk bor sovrinli o'rinlar uchun kurash olib borishadi.

O'yinlarning badiiy gimnastika bellashuvlari 14 avgust kuni start oladi.

Badiiy gimnastika bo'yicha O'zbekiston terma jamoasi so'nggi Osiyo O'yinlarining g'olibi, amaldagi Osiyo chempioni sanalishadi.

Bellashuvlarning yakka kurash bahslarida esa, Rioda O'zbekistonni Anastasiya Serdyukova namoyon etadi.

Boshqa tomondan, Rio O'yinlariga ham yo'llanmani qo'lga kiritish bilan o'zbekistonlik sport gimnastikachisi Oksana Chusovitina o'ziga xos rekord o'rnatgan.

Sport gimnastikasi tarixida ketma-ket etti Olimpiada O'yinlarida bellashayotgan birinchi gimnastikachiga aylangan.

O'zbekistonlik sport gimnasti Anton Fokin uchun esa, Riodagi O'yinlar o'z karerasidagi ikkinchisi bo'ladi.

Anton Fokin 2008 yilgi Pekin Yozgi Olimpiada O'yinlarining bronza medali sohibi sanaladi.

Bundan tashqari Ekaterina Xilko va Anna Kasparyan Rioda trampolinda sakrash bahslarida sovrinli o'rinlar uchun o'z kurashlarini boshlashadi.

Ekaterina Xilko Pekin va London Yozgi Olimpiada O'yinlarining ishtirokchisi sanaladi.

Xalqaro bellashuvlarda katta tajribaga ega Ekaterina Xilko 2008 yilgi Pekin Yozgi Olimpiada O'yinlarining bronza medali sohibasi bo'ladi.

BBC O'zbek Xizmati Riodagi O'yinlar arafasida O'zbekiston Gimnastika Federatsiyasi Bosh kotibi Go'zal Filippova bilan bog'lanib, ayniqsa, ilk bor Yozgi Olimpiadada ishtirok etajak o'zbekistonlik badiiy gimnastikachilarning hozirliklari bilan qiziqdi:

Go'zal Filippova: Bu yil badiiy gimnastika bo'yicha qizlarimiz Rio Yozgi Olimpiada O'yinlariga ikkita yo'llanmani qo'lga kiritishdi. Yo'llanmalardan biri individual bahslarda Anastasiya Serdyukova, ikkinchisi esa, guruh bahslarida bellashuvchi beshta gimnastikachi qizimizga nasib etdi. Qizlarimiz bitta jamoa tarkibida uzoq vaqtdan buyon birga shug'ullanib kelishadi. Ularning programmasi juda qiziq bo'lishi barobarida o'ta murakkab ham. Albatta, har doim ham bo'lganidek sportchi sifatida Rio Yozgi Olimpiada O'yinlarida juda yaxshi natijalarga umid qilayapmiz. Yana shuni ham aytishni istardimki, Olimpiada O'yinlarida har bir sportchida doimo medal olish imkoniyati bo'ladi.

BBC: O'zbekistonlik badiiy gimnastikachilar qaerda va qanday tayyorlanishdi? Ularning hozirliklaridan ko'ngillaringiz qanchalik to'q?

Go'zal Filippova: Terma jamoamiz hozir Toshkent shahridagi milliy bazamizda tayyorgarlik ko'rmoqda. Bizda, ayniqsa, Olimpiada darajasidagi turli sport musobaqalariga hozirlik ko'rish uchun juda yaxshi shart-sharoitlar yaratilgan. 1 avgust kuni esa, terma jamoa o'quv-trenirovka mashg'ulotlarini o'tkazish uchun Amerika Qo'shma Shtatlariga uchib ketadi. U erda AQSh terma jamoasi bilan hamkorlikda guruh bahslari bo'yicha sborlar o'tkazishadi. Bundan tashqari, orada bo'lib o'tgan turli bellashuvlar ham jamoamiz uchun Rio Olimpiadasiga hozirlik vazifasini bajardi. Amerikadagi bazada yaratilgan shart-sharoitlar ham juda yaxshi. Amerikalik do'stlarimiz risoladagidek tayyorlanishimiz uchun hamma imkoniyatlarni muhayyo etishmoqda.

BBC: Amerikadagi mashg'ulotlari ortidan, badiiy gimnastika bo'yicha O'zbekiston milliy terma jamoasi qachon Braziliyaga etib boradi?

Go'zal Filippova: Guruh bahslarida ishtirok etuvchi qizlarimiz Rio-de-Janeyroga 14 avgust kuni etib borishadi. Yakka kurash bahslarida bellashuvchi Anastasiya Serdyukova ham xuddi o'sha kuni Rioga safar qiladi. Ammo Anastasiya shu erda, Toshkentning o'zida tayyorlanadi. Biz esa, hammasi ko'ngildagidek bo'lishiga umid qilib qolamiz.

BBC: Birgina rossiyalik badiiy gimnastikachi qizlarning chiqishini oladigan bo'lsak ham, Rio Yozgi Olimpiada O'yinlarining medallariga da'vogarlik qiluvchilarning soni oz bo'lmaydi. O'yinlardagi eng asosiy raqiblaringiz, deb kimlarni ko'rayapsiz?

Go'zal Filippova: Men raqiblarni asosiy yoki ikkinchi darajalisi, deb ajratmagan bo'lardim. Mening nazarimda, aslida barcha ishtirokchilar sizning raqibingiz bo'ladi. Chunki bu - sport. Lekin, shunga qaramay, biz Rossiyadan bo'ladimi yoki Ukrainadan, ularning qaerdan ekanliklariga qaramay, o'zaro do'stona munosabatdamiz. O'zimiz esa, tayyorlagan programmamizni ijro etamiz, o'ylagan barcha rejalarimiz ko'ngildagidek amalga oshishiga umid qilib qolamiz.

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring