Бокс: Риода рекорд кўрсаткич
Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Boks: Rioda rekord ko'rsatkich

Bu yilgi Yozgi Olimpiada O'yinlarining boks bellashuvlarida O'zbekistonni rekord sondagi bokschisi himoya etadi.

O'zbekiston erkaklar boks terma jamoasi O'yinlarning barcha vazn toifasida sovrinli o'rinlar uchun ringga chiqadi.

Yodgoroy Mirzaeva esa, mustaqil O'zbekiston tarixida Yozgi Olimpiada O'yinlariga yo'llanma olgan birinchi ayol bokschi bo'ladi.

Bu degani Rioda O'zbekiston ja'mi 11 bokschisi bilan ishtirok etadi.

Bundan avval o'zbekistonlik bokschilar faqat 2000 yilgi Sidney Yozgi Olimpiada O'yinlarida barcha vazn toifalari bo'yicha g'oliblik uchun kurash olib borishgan, xolos.

Boshqa tomondan, boks kurash bilan birga Yozgi Olimpiada O'yinlarida O'zbekiston Olimpiya terma jamoasi eng ko'p medallarni qo'lga kiritgan ikkita sport turidan bittasi bo'ladi.

Terma jamoa bu sport turida bitta oltini doxil O'yinlarning ja'mi ettita medalini qo'lga kiritishga muvaffaq bo'lgan.

O'zbekiston so'nggi London Yozgi Olimpiada O'yinlarida ham anchayin katta sondagi - ja'mi 6 nafar bokschisi bilan ishtirok etgandi.

Xuddi o'sha O'yinlarda O'zbekiston Olimpiya harakati tarixida ilk bor ulardan besh nafari chorak finalga chiqishga muvaffaq bo'lishgandi.

Ammo, bokschilarining erishgan bu kabi yutug'iga qaramay, ulardan faqat bir nafari - Abbos Atoevgina O'yinlarning bronza medalini olishga muvaffaq bo'lgandi, xolos.

Boks mutaxassislari esa, o'shanda o'zbekistonlik bokschilarning imkoniyatlari yaxshi ekani, ularning sovrinli o'rinlarga bemalol da'vogarlik qilishlari mumkinligini aytishgandi.

Bu yil ham Rio ringlarida O'zbekiston sharafini himoya etajak bokschilar orasida Jahon Kubogi sohiblari, jahon va Osiyo chempionatlari sovrindorlari va ko'plab xalqaro turnirlar g'oliblari oz emas.

Bular:

49 kg gacha: Hasanboy Do'stmatov

52 kg gacha: Shahobiddin Zoirov

56 kg gacha: Murodjon Ahmadaliev

60 kg gacha: Hurshid Tojiboev

64 kg gacha: Fazliddin G'oyibnazarov

69 kg gacha: Shahram G'iyosov

75 kg gacha: Bektemir Meliqo'ziev

81 kg gacha: Elshod Rasulov

91 kg gacha: Rustam To'laganov

91 kg dan yuqori: Bahodir Jalolov

51 kg: Yodgoroy Mirzaevalardir.

Boks bo'yicha Sidney Yozgi Olimpiada O'yinlarining oltin medali sohibi Muhammadqodir Abdullaevning BBC O'zbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, bu bokschilarning barchasi Rioda sovrinli o'rinlar uchun bellashishga tayyor.

Eng so'nggida eslatib o'tish joiz, nomdor bokschisi Bahodir Jalolov Rio Yozgi Olimpiada O'yinlarining rasmiy ochilish marosimi chog'ida O'zbekistonning ikkita bayroqdoridan bittasi bo'ladi.

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring