"AQSh Markaziy Osiyoda "o'yin" o'ynamoqchi emas"

John Kerry Image copyright statedepartment

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Markaziy Osiyo davlatlari Tashqi ishlar vazirlari uchrashuvida AQSh hukumati Markaziy Osiyo loyihalariga 15 million dollar ajratishi borasida e'lon qildi.

3 avgust kuni Vashingtonda bo'lib o'tgan "C5+1" guruh doirasidagi uchrashuv chog'ida mintaqadagi iqtisodiy, harbiy va xavfsizlik yo'lida hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama etilgan.

BBC bo'lib o'tgan uchrashuv natijalarini bilish maqsadida AQSh Davlat departamentining voizlaridan Joshua Beykerga bog'lanib, undan nima uchun AQShni Markaziy Osiyo xavfsizligi masalasi shunchayin tashvishlantiradi, deb so'radi.

Joshua Beyker: Bu juda ham nozik masala. Markaziy Osiyo mintaqasiga bo'lgan tahdidlar Amerika Qo'shma Shtatlarini tashvishlantiradimi degan savolingizga javobim shu - albatta, bizni tashvishlantiradi. Lekin shu bilan birga, mintaqaga muayyan bir tahdid borligi ayon emas. Mazkur masalani besh davlat vakillari bu uchrashuvda ko'tarishdi. Shuni aytishim mumkinki, radikallashuv harakatlari mintaqaga, xususan yoshlarga, katta tahdid solmoqda. Garchi, Markaziy Osiyoning har bir mamlakati aynan radikallashuvga qarshi dastur ishlab chiqqan bo'lsa ham hamkorlikni mustahkamlash sohasida hali anchayin qilinadigan ishlar bor. AQSh mintaqadagi ayrim mamlakatlar katta bir tahdid ostida degan fikrdan yiroq. Biz tahdidlarning yoyilib ketmasligini istaymiz. Iroq va Suriyadan qaytib kelayotgan yoshlar bilan hukumatlar yaqindan ishlashlarini xohlar edik.

BBC: AQSh mintaqa xavfsizlikni yana ham kuchaytirish maqsadida qaysi yo'nalishlarda Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlik qilishni ko'zda tutmoqda?

Joshua Beyker: Vazirlar chorshanba kuni bu masalani muhokama qilishgan. Biz ham mahalliy ham amerikalik ekspertlar bir-biri bilan fikr almashib turishlari kerak, degan xulosaga keldik. Ko'proq o'quv mashqlarini o'tkazish, radikallashuvga qarshi maxsus dasturlarni qabul qilish, ehtimoliy jangarilar borasida o'zaro ma'lumotlar... nazarimda josuslik xizmatlarining bu boradagi tadqiqotlari ham almashib turilishi lozim. O'ylaymanki, bo'lib o'tgan uchrashuvdan so'ng, har bir respublikada, har bir poytaxtda, mazkur yo'nalishlar bo'yicha dasturlar ishlab chiqariladi. Biz uchun eng muhim jihat shundaki - Markaziy Osiyo xalqlari Amerika Qo'shma Shtatlarini ularga terrorizmga qarshi kurashda yordam berishga tayyor turgan haqiqiy sherik sifatida ko'rishlari kerak. Nazarimda, davlat rahbarlari o'z navbatida kelishuvning xulosalarini olqishlashlari kerak.

BBC: Uchrashuv doirasida AQSh savdo palatasi Amerikaning yirik sanoat kompaniyalari bilan birgalikda mintaqa vazirlari ishtirokida biznes forum o'tkazgan. Forum ishtirokchilari qudratli va gullab yashnayotgan mintaqa kelajagi masalasini muhokama qilishgan. Ushbu so'nggi tadbirni AQSh Markaziy Osiyo mintaqasini Rossiya ta'siridan chiqarmoqchi, deb talqin qilish mumkinmi?

Joshua Beyker: AQSh bu masalada "o'yin" o'ynamoqchi emas. Ya'ni, AQSh Rossiya manfaatida bo'lgan harakatlar Amerikaga qarshi yoki Amerika manfaatlari doirasi - bu Xitoyga qarshi deb ish tutmaydi. Biz barcha Markaziy Osiyo davlatlari avvalambor bir-biri bilan va boshqa davlatlar bilan yaxshi aloqada bo'lishlarini istaymiz. Biz o'z shirkat va muassasalarimizdan faxrlanamiz, ularni raqobatbardosh deb xisoblaymiz va shuning uchun mintaqaning ichki bozorlarida Amerika shirkatlarining ko'proq ishtirok etishlarini ko'rish niyatidamiz. Misol uchun, Qozog'istonda Turkmanistonga qaraganda Amerika shirkatlari ko'proq faoliyat yurgizadi. Biz har bir mamlakatga sarmoya kiritmoqchimiz va har bir mamlakatda sarmoyalarimizning ko'payishini istayapmiz. Kechagi uchrashuvning maqsadlaridan biri - regional integratsiyalashuv masalasi bo'lgan. Chunki Qozog'istonda biznes ochayotgan Amerika shirkati xuddi shunday tijoratni O'zbekiston, Qirg'iziston va Turkmanistonda ham ochish imkoniyatiga ega bo'lishni istaydi. Ya'ni, bir so'z bilan aytganda, Amerika hukumati - mintaqada o'zaro iqtisodiy hamkorlik rivojlanishini va u erda Amerika shirkatlarining ko'payishini istayotir.

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring