Rio 2016: Mezbon birinchi Lotin Amerikasi davlati

Mezbon Rio Image copyright Getty Images

2009 yilda Xalqaro Olimpiya Qo'mitasida kechgan qizg'in ovoz berishlar ortidan Braziliyaning Rio-de-Janeyrosi bu yilgi Yozgi Olimpiada O'yinlariga mezbonlik qilish huquqini qo'lga kiritgan.

Mezbon shaharlik uchun kurashda Madrid, Tokio va Chikagoni ortda qoldirgan Rio bu kabi sharafga noyil, deb topilgan birinchi Lotin Amerikasi shahriga aylangandi.

Bu kabi xushxabar manzarasida Braziliyaning o'sha paytdagi prezidenti Inasio Lula da Silva ham quvonchlarini yashira olmagan, "dunyo Braziliyaning davri etib kelganini tan olganini"ni bayon qilgandi.

So'nggi yangilik oradan qisqa vaqt o'tmay Rio-de-Janeyroda haqiqiy bayramga aylanib ketgan, Kopakabana sohiliga o'n minglab odam yig'ilgandi.

Samba maktabining etakchi raqqosalari o'z raqslarini qoyillatishgan, hammayoqni shaharning asosiy ramzlaridan biri bo'lgan Iso Masih ramzi tushirilib, ostiga "Rio seni sevadi" so'zlari bitilgan bayramona bayroqlar tutib ketgandi.

Birpasda hammayoqni tutgan bu kabi tantana, bu kabi shodiyona ko'pchilikni hayratga ham solmay qo'ymagandi.

Hammani ortda qoldirib

Ovoz berishlarning yakuniy bosqichiga kelib, mezbon shaharlikka da'vogarlar ro'yxatida to'rtta davlat: Madrid, Rio-de-Janeyro, Tokio va Chikago qolishgandi.

Ovoz berishlar Xalqaro Olimpiya Qo'mitasining Kopengagendagi maxsus yig'ini chog'ida bo'lib o'tgan, dastlabki ikki bosqichda Chikago va Tokio eng kam ovoz to'plashgandi.

Chikago esa, hali ovoz berishlarning birinchi bosqichidanoq pastga qulagandi.

O'sha paytda bu hammani hayratga solgan, chunki Chikago 2016 yilgi Yozgi Olimpiada O'yinlariga mezbonlikka asosiy da'vogar shahar sifatida ko'rilgandi.

AQSh Prezidenti Barak Obama rafiqasi Mishel Obama bilan shaxsan o'zi Daniyaga tashrif buyurgan.

Xalqaro Olimpiya Qo'mitasiga murojaat qilib, ularni qadrdon Chikagosiga ishonishlariga undagan, shahar "O'yinlarni butun dunyo faxr qilajak darajada" o'tkazishga qodir ekanini da'vo qilgandi.

Bunaqasi esa, Amerika Qo'shma Shtatlari tarixida kuzatilmagandi.

Lekin, shunga qaramay, Barak Obamaning prezident boshi bilan qilgan da'vati ham ish bermagan, Chikago ja'mi 98 ta ovozdan bor-yo'g'i 18 tasini qo'lga kiritishga muvaffaq bo'lgandi.

Agar, Oq Uy matbuot kotibining so'zlariga tayanilsa, AQSh rahbari o'shanda ozmuncha xafa bo'lmagan.

Rioning g'alabasi

Braziliyaning Riosi esa, ovoz berishlarning ikkinchi bosqichida ham bo'sh kelmaydi.

Madrid 29 va Tokio 20 ta ovoz olgan paytda Rio-de-Janeyro berilgan ja'mi ovozlarning qariyb yarmini qo'lga kiritadi.

Ovoz berishlarning yakuniy bosqichi esa, g'olibning kim ekani borasida hech kimda biror bir shubha qoldirmaydi: Rioga ovozlarning 66 tasi nasib etadi. Madrid esa, bor-yo'g'i 32 ta ovoz bilangina cheklanishga majbur bo'ladi.

Oradan bir soat o'tib, Xalqaro Olimpiya Qo'mitasining prezidenti Jak Rogge tribunaga chiqadiyu, g'olibni e'lon qiladi.

"Har qanday bellashuvda bo'lgani kabi bu tanlovimizda ham g'olib yagona bo'ladi. Menga esa, bugun 31 Yozgi Olimpiada O'yinlarining mezboni, deb Rio-de-Janeyroni e'lon qilish sharafi nasib etdi", deya gapni qisqa qiladi janob Rogge.

Marosimda hozir bo'lgan Braziliya hay'ati quvonchining zo'ridan ko'zlaridan yosh to'kishgacha boradi.

Braziliyaning o'sha paytdagi prezidenti Lula esa, ko'zlarida yosh bilan, "qolgan da'vogar davlatlar faqat o'zlarini taqdim etishdi. Biz esa, bag'rimiz va yuragimizni", - deya bayon qilishgacha boradi.

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring