Rio 2016: Gap bo'lgan Olimpiya mash'alasi

Rio Olimpiadasi mash'alasi

Har bir Olimpiada O'yinlari, ayniqsa, Yozgisining "gap" bo'lishi allaqachon odatiy tus olib ulgurgan.

Shunday ekan, Riodagisi ham bundan mustasno emas.

Naq O'yinlar arafasida mezbon shahar mas'ullari qolib, mehmon davlatlar matbuoti ham "shikoyat qilish"ga tushgan.

Rioning bu yilgi Yozgi Olimpiada O'yinlariga so'nggi hozirliklari shu kunlarda manaman, degan G'arb nashrlarining e'tiboriga ham tushgan.

Bir tomondan, oylarki, kun tartibidan tushmay kelayotgan Zika virusi.

Boshqa tarafdan, doping mojarosi jahon sport olamini zil titratayotgan bir manzarada Braziliyadagi yagona laboratoriyaning yopilishi...

Bu yoqdan Rioda keng quloch yoygan jinoyatchilik hollari bo'lsa, boshqa yoqdan Braziliyadagi siyosiy beqarorliklaru ifloslangan suv diqqatni tortgan.

Birlari O'yinlar uchun mo'ljallangan sport inshootlari haliyam qurilib, bitmadimi, degan taajjubda bo'lsa, boshqalari naqliyot yo'llari, va'da qilinganidek, kengayishga ulgurarmikan, deya bosh qotirgan.

Mas'ullar, o'z navbatida, federal zaxiradan qo'shimcha mablag'lar o'z vaqtida etib kelmasa, hammasi chippakka chiqishidan xavotirda.

Yana bir ogohlik

AQSh josuslik mulozimlarining so'nggi ogohlantirishi esa, bularning barchasiga qo'shimcha bo'lmay qolmagan.

Ular Rioga yo'l solayotgan fuqarolarini hushyor bo'lish, elektron uskunalaridagi barcha qimmatli ma'lumotlarni ortda qoldirishga da'vat qilishgan.

Amerika Josuslik Xizmati xodimlariga ko'ra, Olimpiada O'yinlari kabi yirik xalqaro sport tadbirlari shpionlar va kiber jinoyatchilarga juda qo'l keladi. Ustiga ustak, bu kabi bellashuvlarga dunyoning manaman, degan sportchilari boradi.

Bu ikki holatni nazarda tutgan AQSh hukumati esa, maxsus ogohlik kampaniyasiga qo'l urish darajasigacha borgan.

Xuddi shu manzarada mezbon Rio yuz tutib turgan shuncha muammo qolib, Olimpiya mash'ali ham, hatto, etakchi G'arb nashrlarining e'tiborini tortish darajasida "gap" bo'lishga ulgurgan.

Avvaliga hammani mash'ala olib o'tilayotgan Manausdagi yaguar qo'rqitgan bo'lsa, keyin uni suv sepib o'chirmoqchi bo'lgan shaxs muammosi o'rtaga chiqqan.

Marosim "ishtirokchisi" ekanini unutib, askarga tashlangan yaguar, alal-oqibat, otib o'ldirilgan.

Uning otib tashlanishi yuzasidan harbiylar, hatto, tergov ishi ham boshlashgan.

O'yin tashkilotchilari esa, Olimpiya mash'alasini zanjirda esa-da, yirtqich hayvon bilan ko'z-ko'z qilish qarori yanglish bo'lganini tan olishgan.

Yagur muammosi bartaraf etilishidan qisqa vaqt o'tmay, 27 yoshli yigit o'zini ko'rsatib qo'ymoqchi bo'lgan.

Braziliya markazidan olib o'tilayotgan mash'alayu mash'alachilarga qarata bir paqir suv sepgan. Mash'alani o'chirmoqchi bo'lgan.

Ammo rejasi amalga oshmagan, o'zi esa, mahalliy huquq-tartibot xodimlari tomonidan hibsga olingan.

Rio Yozgi Olimpiada O'yinlarining mash'alasi 5 avgust kuniga rejalangan rasmiy ochilish marosimiga qadar 20000 chaqirim yo'l va Braziliyaning 300 ta shahrini bosib o'tadi.

O'yinlar mash'alasi so'nggi - 2012 yilgi London Yozgi Olimpiadasida ham katta gap bo'lgan.

Avvaliga mash'alaning 8 mingta tekshikchasi, so'ngra shunga muvofiq 8 mingta mash'ala tashuvchi, buning ortidan, mash'alachiga hujum qilib, uni olmoqchi bo'lgan o'smir yigitcha va yakunida mash'alaning Britaniya aholisining naq 95 foiziga ko'rsatilgani rosa gaplarni qizitgandi.

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring