O'zbekistonga uchayotgan tikuchar Tolibon qo'liga tushgan

Rossiya tikuchari

Pokiston va Afg'oniston rasmiylari xabar qilishicha, Pokistonning Peshovar shahridan O'zbekistonga tomon yo'l olgan MI-17 tikuchari buzilib, Afg'onistonning Log'ar viloyatiga qo'nishga majbur bo'lgan.

Vertolyot ichidagi 6 Pokiston va 1 Rossiya fuqarosini Tolibon asirga olgani haqidagi xabarlar tarqalmoqda.

Tikuchar qo'ngan Log'ar viloyatining ushbu hududlari ancha vaqtdan buyon Tolibon nazorati ostida.

Pokiston Tashqi ishlar vazirligi so'zchisi Nafis Zakariyo transport tikuchari Pokistonning Panjob viloyati hokimligiga tegishli bo'lganini tasdiqlagan.

Afg'onistonning Lo'g'ar viloyati rasmiylari esa tikuchardagi etti inson qaerdaligini o'rganib bu haqda xabar berishlarini aytganlar.

Pokiston rasmiylariga ko'ra, MI-17 tikucharini O'zbekistonga olib borib ta'mirlashga qaror qilingan.

Tikuchar uchuvchisi pokistonlik, aviatexnigining esa Rossiya fuqarosi ekani xabar qilingan.

Kobuldagi Rossiya elchiligi ham tikucharda Rossiya fuqarosi bo'lgani haqidagi axborotni tekshirayotgani haqida aytgan.

Ushbu hodisa Afg'oniston g'arbida xorijlik sayyohlar hujumga tutilgan kunga to'g'ri kelgan.

Hirot viloyatida qurolli kishilar xorijiy sayyohlarni olib ketayotgan mashinalarning karvoniga hujum qilib olti kishini yaralaganlar.

Afg'on rasmiylarining BBCga aytishicha, 12 sayyoh afg'on askarlari himoyasi ostida Hirot shahriga ketayotganlarida pistirmaga uchraganlar.

Hirot hokimining voizi Jayloni Farhod BBCga sayyohlar sakkiz britaniyalik, uch amerikalik va bir nemis ekanini bildirdi.

Engil jarohat olgan sayyohlar shifoxonaga yotqizilganlar.

Qurolli kishilarning kim ekani noma'lum, ammo ular mamlakat bo'ylab o'z hujumlarini avj oldirgan Tolibon a'zolari deb ishoniladi.

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring