Dabdabali nikoh o'rniga xayriya

O'sh Image copyright Facebook

Qirg'izistonning O'sh viloyatida yashovchi Temirlan Tokoev o'zining nikoh to'yida ortiqcha dabdabadan voz kechib, uning o'rniga 60 nafar muhtoj oilaning farzandiga maktab uchun kerakli o'quv qurollari va papkalar sovg'a qildi.

Image copyright Facebook

30 iyul kuni bo'lib o'tgan to'yda yigit O'shdagi qishloqlardan biridagi 60 nafar muhtoj oilaning farzandiga maktab uchun kerakli o'quv qurollari va papkalar tarqatgan.

Yosh oilaning bu sahovati ijtimoiy tarmoqlarda olqishlanib, kelin-kuyovga baxt tilaganlar.

Bundan ikki kun oldin Nestan va Azat Amanovlar ham serhasham to'y o'rniga xayriya aktsiyasi o'tkazib, 25 bolani maktabga tayyorlaganlari xabar qilingan.

Xayriya tadbiri Bishkekdagi Qirg'iz-Turk universiteti masjidida o'tkazilgan.

Aktsiya qatnashchilari masjidlar faqat ibodat qilish uchun emas, yoshlarning ijtimoiy faolligi markazi bo'lishi lozimligini ta'kidlaganlar.

Dabdabali nikoh to'yi o'rniga, xayriya qilish o'zbekistonliklar orasida ham keng muhokama qilingan. Maslahat.uz sahifasidagi postda izoh qoldirganlar O'zbekistonda ham kundan-kun dabdabalashib borayotgan to'ylar, isrofgarchiliklar o'rniga, shunday savobtalab insonlarning amallari ommalashsa yaxshi bo'lishini aytganlar.

Oftobxon Ulugbekovna "uncha muncha odamni kulidan kelmaydi. Tasanno!" - deydi Facebookda.

"Baraka topsin, avlodlaridan Aytmatovdek mashxur yozuvchilar etishib chiksin!" - tilak tildiradi Nurbek Yuldashev.

"Bizda 10 ta Galentvagenni va bitta tuyxonani puliga 5000 ta papka olsa buladi. Lekin ...", deb yozadi Jurabek Turdiyev .

Otabek Irgashev ismli foydalanuvchi "Bizdayam kimdir shunaka tashabbusni boshlasa takrorlanib ketuvrardimi...? afsuski biz jamiyatimizda kabul kilingan keraksiz urf-odatlardan osonlikcha kutuladigan xalk emasmiz. katta tuy kilib xammani edirib-ichirishimiz, artis zotini yanada boy kilishimiz, xullas karzga botib bo'sayam jamiyatdagi urnimizni yukotmasligimiz (be'manilik) kerakku!", deya kinoya qiladi.

Shaxboz Musayevning "bizdayam shunaqa mardlar bormikin. Qirg'iz, turk birodarlarimiz boshlab beribdi...", degan fikriga

Anvar Sa'dullaev "Uning uchun xotindan, qaynona qanotadan, ota-onadan, qarindosh-urug'dan, mahalla ko'zdan, uzoq-yaqindan, butun 32 million aholimizdan ruxsat olish kerakda", deb javob qaytaradi.

Timur Ahmedov esa "Hozirgi qizlar rozi bo'larmikin bunday shartlarga?", degan savolni qo'yadi.

Otabek Irgashevning yozishicha, "Butun respublikamiz bo'ylab har birisini puliga tsexlar, fabrika-zavodlar ko'rsa bo'ladigan to'yxona atalmish restoranlarni ko'rdim. Bizning boylar pul topishning eng Oson yo'li to'yxona qurish ekanligini yaxshi bilishadi. Ayniqsa o'zbek uchun to'y hayotida muhim narsa sifatida qaralgandan so'ng. Biz be'mani to'ylarimizni qisqartirmas ekanmiz muammolar girdobidan qutulolmaymiz!"

2015 yil yozida Turkiyaning Suriya chegarasiga yaqin Kilish viloyatidagi nikoh to'y jahon ommaviy axborot vositalarining diqqatiga tushgan edi. Turkiyalik kelin-kuyov o'z hayotlaridagi baxtli hodisani 4000 Suriya qochqinini to'ydirish bilan nishonlashgandi.

Image copyright Serhat Killis Gazetasi

Odatda turk to'y marosimlari bir necha kun davom etib, oxirgi kun katta bazm ziyofat bilan tugaydi.

Biroq an'anaviy dabdabali dasturxon o'rniga Fathulla Uzumchio'g'li va Eshra Po'lat Suriyadan fuqarolar urushi oqibatida chegaradosh hududda boshpana topgan minglab qochqinlarga oziq-ovqat tarqatishgan.

Miskin va muhtojlar bilan non bo'lashish g'oyasi kuyov bolaning otasi Ali Uzumchio'g'lidan kelib chiqqan.

U boshqalar ulardan o'rnak olib, suriyalik birodaru opa-singillar bilan to'y ziyofatlarini birga bo'lashishlariga umid bildirgandi.

Kelin va kuyov boshqalarni baxtli qilish o'zlari uchun katta iftixor ekanligini aytganlar.

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring