Mintaqada O'zbekistonsiz yangi alyans

Tashrif Image copyright AFP

Qudratli Xitoy, Pokiston, Afg'oniston va Tojikiston bilan yangi aksilterror ittifoqi tuzmoqchi, mintaqada 'kuchayib borayotgan jangarilik tahdidi'ni jilovlamoqchi.

Ammo ko'zda tutilayotgan yangi alyans tarkibida Afg'onistonga bevosita qo'shni qolgan uch davlat - O'zbekiston, Turkmaniston va Eron yo'q.

Ustiga ustak, xalqaro doirada Xitoyning yaqin ittifoqchisi sifatida ko'riluvchi va ayniqsa, oxirgi paytlarda Afg'onistondagi hozirgi vaziyatdan jiddiy xavotirda bo'lgan Rossiya ham ko'zga tashlanmaydi.

Yangi aksilterror ittifoqiga bosh qo'shishga rozi bo'lgan Xitoy va Tojikiston, boshqa tomondan, chetda qolgan bu to'rttovlon bilan mintaqaning Natosiga qiyos beriluvchi Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a'zodosh mamlakatlar sanalishadi.

Pokiston va Afg'oniston esa, xuddi shu mintaqaviy tashkilot qoshida kuzatuvchi maqomiga ega bo'lgan davlatlardir.

So'nggi xabarning e'tiborga molik yana bir jihati shundaki, yangi alyans Xitoy va Pokistonga raqobatchi sifatida ko'riluvchi va Shanxay Hamkorlik Tashkiloti qoshida yana bir kuzatuvchi davlat bo'lmish mintaqaning ikkita qudratidan bittasi Hindistonni ham chetlab o'tadi.

Shanxay Hamkorlik Tashkiloti esa, o'zining so'nggi oliymaqom yig'inida aynan afg'on mojarosi echimida faolroq o'rin tutishlarining vaqti etganini bayon qilgandi.

Ammo

Image copyright AFP

Frantsiyadan siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimovning aytishicha, uyg'ur ayirmachiligidan jiddiy xavotirda bo'lgan Xitoy kutishni xohlamayapti.

"Xitoy Pokiston va Afg'onistonning bosqichma-bosqich Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a'zo bo'lishini kutib o'tirishning o'rniga, yangi koalitsiya tuzish va shu orqali uyg'ur ayirmachiligiga qarshi kurashni yangi bir xalqaro darajaga olib chiqishni ko'zda tutgan", - deydi tahlilchi.

Rasmiy xabarlardan ma'lum bo'lishicha, yangi ittifoqqa kirishni ko'zlayotgan har to'rt davlat vakillari yana bir bor terrorchilik va ekstremizm mintaqaga jiddiy tahdid ekanini ta'kidlashgan.

Ayon bo'lishicha, bu to'rttovlon bir ittifoqqa bosh qo'sharkan, bu tahdidning oldini josuslik ma'lumotlarini ayirboshlash va o'quv-tayyorgarlik mashg'ulotlarini ko'zda tutgan yangi mexanizm vositasida olishmoqchi.

Xuddi shu o'rinda Frantsiyadan siyosiy tahlilchi suhbatdoshimiz Kamoliddin Rabbimovning ta'kidlashicha ham, yangi ittifoq o'z oldiga Afg'onistonga qo'shimcha harbiy kuchlar yuborish maqsadini qo'ymaydi.

Boshqa tomondan, dunyoning ikkita iqtisodiy va harbiy qudratidan biri sanaluvchi Xitoyning nega aynan bu uch davlat bilan mintaqaviy aksilterror alyansiga kirishayotgani sababi ma'lum emas.

Munosabat

O'z o'rnida, O'zbekiston bo'ladimi, Turkmaniston yoki Rossiya, ular ham Urumchi kelishuviga hozircha rasman munosabat bildirib chiqishmagan.

Boshqa tomondan, so'nggi 15 yil ichida Afg'onistonda etakchi kuchga ega AQSh va Nato ittifoqiga a'zo davlatlar ham, hozircha, bu xususda jim.

Frantsiyadan siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimovning aytishicha, so'z aynan O'zbekiston haqida ketganda, u hali-beri bu ittifoqqa kirishga shoshilmaydi.

"O'zbekiston bunga jiddiy salbiy yoki jiddiy ijobiy baho bermasdan, yangi alyansning faoliyatini uzoq yillar davomida kuzatadi. Chunki O'zbekistonning xalqaro maydondagi xatti-harakati asosan xuddi shunday bo'lib kelgan. Agarki, ittifoq layoqatli, anchayin sarmoyalarga ega, endi Xitoy tomonidan qo'llab-quvvatlanarkan, ancha qudratli bo'lgan tashkilotga aylansa, O'zbekistonga unga qiziqish bildirishi mumkin", - deydi siyosiy tahlilchi suhbatdoshimiz.

"Rossiya esa, yoki bu ittifoqqa taklif qilinmayapti va yoki ichkarida ma'lum bir ziddiyatlar bor".

"Ammo yangi alyansda, ta'bir joiz, skripkani Xitoy o'ynaydi va shuning uchun, albatta, Rossiyaning unga biroz rashk bilan qarashi aniq", - deya o'z so'zlarida davom etadi tahlilchi suhbatdoshimiz.

Boshqa tomondan, tahlilchiga ko'ra, "Rossiyaning yangi ittifoq faoliyatiga xalaqit berish imkoniyatlari, resurslari u qadar katta emas".

"Qulay hamkorlik"

Image copyright AFP

Yuqorida tilga olib o'tilgan barcha omillarni nazarda tutarkan, suhbatdoshimiz "yangi alyans - Xitoy va Pokiston uchun qulay bo'lgan hamkorlik formulasi" ekanini aytadi.

"Ya'ni, Xitoy va Pokistonning Afg'oniston va Tojikistonga ta'sir qilish imkoniyatlari ancha yuqori. Va shuning uchun ham bu erda ma'lum ierarxiya bor. Ya'ni, yagona qutbdagi, yagona ierarxiyadagi bir tashkilot deyishimiz mumkin. Eng yuqorida Xitoy turadi. Ikkinchi o'rinda Pokiston, keyin Afg'oniston va undan so'ngra Tojikiston", - deydi Frantsiyadan siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov.

Mintaqaviy tahlilchilarga ko'ra, mintaqadagi yana bir qudratli o'yinchi davlat bo'lgan Hindistonga nisbatan munosabatda bu ikkovlonning geo-siyosiy manfaatlari va hamkorligi bir nuqtada birlashadi.

Mamlakati qayta zo'ravonliklar girdobiga botib borarkan, Xitoy 2014 yilda Afg'oniston yangi prezidenti Ashraf G'ani Tolibon bilan tinchlik muzokaralarida dastagini so'rab, birinchilardan bo'lib safar qilgan dunyoning ikkita davlatidan bittasi bo'lgandi.

Prezident G'ani bu masalada eng avvalo rasmiy Pekinning Islomobodga bo'lgan katta ta'siri va yirik iqtisodiy qudratiga ko'z tikkandi.

Chunki har ikki Tolibon harakatiga katta ta'sirga ega, deb ko'riluvchi Pokiston Xitoyning mintaqadagi eng asosiy harbiy va iqtisodiy ittifoqchisi bo'ladi.

O'z navbatida, ham harbiy va ham iqtisodiy jihatdan qanchalik qudratli bo'lmasin, shundoq biqinidagi Afg'onistondagi vaziyatning qanday tus olishi, yillarki, qolgan aksariyat mintaqa davlatlari kabi Xitoyning ham diqqat-e'tiboridagi asosiy masalalardan biri bo'lib keladi.

Xitoyning xavotirlari

Image copyright Reuters

Mintaqaviy tahlilchilarga ko'ra, rasmiy Pekin chegaraosha arzon afyun oqimi va uyg'ur islomiy bo'lginchiligining yanada kuchayib, Xitoy yaxlitligi, milliy xavfsizligiga tahdid solishi mumkinligidan jiddiy xavotirda.

Shu dam olish kunlarida esa, Xitoy Mudofaa vaziri Sharqiy Turkiston Islomiy Harakatiga qarshi kurashda ko'rsatgan dastagi uchun afg'onistonlik hamkasbiga o'z minnatdorchiliklarini izhor etgan.

Ammo bu dastakning aynan nimalardan iborat ekanini ochiqlamagandi.

Rasmiy Pekin Sharqiy Turkiston Islomiy Harakatini o'zlaridan mustaqil Shinjon davlatini barpo etish istagida bo'lgan islomiy jangari guruh sifatida ko'rib keladi.

Xitoy uzoq yillardan beri Afg'onistondagi zo'ravonliklarning aynan shu g'arbiy mintaqasiga sizib o'tishidan jiddiy xavotirda.

Azal-azaldan musulmon uyg'urlari yashab kelgan bu mintaqada so'nggi yillarda yuz bergan zo'ravonliklar o'nlab insonlarning umrlariga zomin bo'lgan.

Rasmiy Pekin bu hodisalarda ekstremistlarni aylab keladi, ammo o'z siyosati Shinjondagi tanglikka sabab bo'layotganiga oid baholarni keskin rad etadi.

Ammo, xuddi shuning barobarida, ayrim mintaqa yashovchilarining IShID ga qo'shilish uchun Suriya va Iroqqa ketganliklarini ham inkor qilmaydi.

Xabarlarga ko'ra, bu to'rt davlat Qurolli kuchlari Bosh qo'mondonlari yangi aksilterror alyansi borasida shu hafta chorshanba kuni kelishib olishgan.

G'arbiy Urumchi shahrida bo'lib o'tgan maxsus yig'inga Xitoyning qudratli Markaziy Harbiy Hay'ati mezbonlik qilgan.

So'nggi yangilik katta sondagi G'arb boshchiligidagi ittifoq qo'shinlarining 2014 yilgi ommaviy safarbarligi ortidan qo'shni Afg'onistonda zo'ravonliklar qayta kuchaygan, toliblar bilan bir qatorda saflarida Markaziy Osiyo va g'arbiy xitoylik uyg'ur jangarilari ham oz emasligi aytilayotgan IShID guruhi faollashishga muvaffaq bo'lgan bir manzarada o'rtaga chiqmoqda.

Yangi diplomatik vositachi

Image copyright AP

Afg'oniston prezidentining safari ortidan, rasmiy Pekin kutilmagan va o'ta dadil bayonot bilan chiqqan.

Tolibon muammosiga siyosiy yo'l bilan echim topish, Afg'onistonga harbiylarini yuborishdan tiyilgan holda, buning uchun asosan o'zining yirik iqtisodiy qudratini ishga solish istagini bayon qilgan.

Afg'oniston, Pokiston va Tolibon harakatini muzokaralar stoliga keltirish uchun mintaqada qiymati 100 milliard dollardan ortiq loyihalarga qo'l urmoqchi ekanini aytgan.

Tinchlik muzokaralari uchun o'z hududida betaraf bir zamin hozirlab, toliblarni, hatto, Xitoyga taklif qilish niyatida ekanini bildirgandi.

Rasmiy Pekinning bu bayonoti ortidan, Tolibon harakatining bir emas, bir necha bor Xitoyga safar qilganiga oid xabarlar olingan.

Ammo toliblarning o'zlari tomonidan ham tasdiqlangan esa-da, bu xabarlarda tomonlarning aynan nimalar xususida kelishib olishgani haqida biror bir so'z bormagandi.

Xitoy afg'on mojarosiga diplomatik yo'lda echim topishga qaratilgan va shu yil boshida Afg'oniston, Pokiston ham AQSh ishtirokida yo'lga qo'yilgan yangi tinchlik muzokaralariga ham qo'shilgan.

Ammo tomonlar o'rtasida bo'lib o'tgan bir necha bosqich muzokaralarga qaramay, toliblarni muzokaralar stoliga keltirishga muvaffaq bo'linmagan.

Boshqa tomondan, Xitoy boshchiligidagi yangi aksilterror alyansiga oid xabarlar afg'on mojarosiga echim topishga qaratilgan ana shu muvaffaqiyatsiz urinishlar ortidan o'rtaga chiqmoqda.

Xitoyning afg'on mojarosida yangi mintaqaviy diplomatik vositachi bo'lish tashabbusi durust-quruq ish bermay turib, yanada qonli zo'ravonliklar ichida qolgan Afg'oniston esa, shu yil may oyida rasmiy Pekinga qayta yuz tutgan.

Afg'oniston ijroiy raisi doktor Abdullo Abdullo Pekinga rasmiy tashrifi chog'ida afg'on mojarosiga siyosiy yo'l bilan echim topishga qaratilgan tinchlik muzokaralari ish berishi uchun Xitoydan o'z qudratini ishga solib, mintaqa davlatlariga ta'sir o'tkazishini talab qilgandi.

Va

Image copyright AFP

Rasmiy Pekin ham o'shanda afg'on hukumatining Tolibon harakati bilan tinchlik muzokaralarida vositachilik qilishga hozir ekanini yana bir bor bayon qilgan.

Bundan tashqari, Afg'onistonda qayta tiklash loyihalarini amalga oshirishdan ham manfaatdor ekanini aytgandi.

AQSh etakchi mavqe'ga ega o'tgan 14 yil davomida esa, Xitoyning Afg'onistondagi ishtiroki asosan iqtisodiy va moliyaviy dastak shaklida bo'lgan.

Xitoy shirkatlari butun Afg'oniston bo'ylab turli loyihalar, ayniqsa, kon sohasidagisiga katta miqdorda sarmoya kiritishgan.

Shu yil aprel oyida esa, Xitoy ilk bor Afg'oniston bilan harbiy hamkorligini ham kuchaytirish istagida ekanini bayon qilgandi.

Ammo Afg'oniston ijroiy raisining Pekinga safari bor-yo'g'i bir necha oy avval amalga oshirilganiga qaramay, o'sha paytda yangi alyans xususida biror bir so'z bormagandi.

Xitoy yana prezident Barak Obamaning asosiy urg'u Osiyo -Tinch ummoni havzasiga berilgan yangi tashqi siyosatiga muvofiq, AQSh qadamining o'z chegaralariga yaqinlashishi istiqbolidan ham tinchini yo'qotgan.

Amerikalik siyosatshunoslar esa, 21-asrning siyosiy va iqtisodiy tarixi asosan ayni shu jo'g'rofiy hududda yaratiladi va yoziladi, degan ishonchda.

Ammo, eng so'nggida shuni ham e'tirof etish joizki, shuncha davlatning Afg'onistondagi shuncha yillik "tajribasi"dan kelib chiqib, bugun ham mintaqaviy va ham xalqaro tahlilchilar orasida 35 yillik afg'on mojarosining echimi qanday bo'lishini hozir hech kim bilmasligiga oid xulosaga kelib bo'lganlari ham oz emas.

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring