Kobulda ikki xorijiy universitet o'qituvchisi o'g'irlangan

Kobuldagi Afg'oniston Amerika Universiteti Image copyright AP
Image caption Ikki kishi Kobuldagi Afg'oniston Amerika Universitetida ishlaganlar

Afg'on rasmiylari xabar tarqatishicha, poytaxt Kobulda avtomobilda borayotgan Afg'oniston Amerika universitetining ikki professori noma'lum qurollilar tomonidan o'g'irlanganlar.

Biri AQSh, ikkinchisi Avstraliya fuqarosi bo'lgan o'qituvchilar borayotgan avtomobil Afg'on xavfsizlik kuchlari kiyimini kiyib olgan qurollilar tomonidan kuch bilan to'xtatilgan va boshqa avtomobilga o'tirg'izilib noma'lum tomonga olib ketilganlar.

Hodisa yakshanba kuni ro'y bergan.

Avstraliya Tashqi ishlar vazirligi mamlakat fuqarosi o'g'irlangani haqidagi xabarni tekshirayotganini bildirgan va vaziyat xatarli bo'lgani uchun avstraliyaliklarga Afg'onistonga safar qilmaslikni maslahat berayotganini eslatgan.

AQSh Davlat departamenti AQSh fuqarosi o'g'irlanganidan boxabar ekanini aytgan, biroq bu borada boshqa sharh bermagan.

Afg'onistonda oxirgi paytda bir necha xorijliklar o'g'irlangani hodisasi yuz berdi.

Iyun oyida hindistonlik ko'mak tashkilotining xodimasi Kobulda o'g'irlandi.

Aprel oyida harbiy kiyim kiygan qurollilar Jalolobod shahrida avstraliyalik yordam tashkilotining xodimini olib qochgan edilar.

O'tgan yili Olmoniyaning GIZ taraqqiyot tashkilotining xodimi bo'lgan ikki Olmoniya fuqarosi ikki alohida hodisada o'g'irlangan, keyinroq ozod etilgan edilar.

O'tgan hafta g'arbiy Hirot viloyatida harbiylar hamrohligida borayotgan xorijiylar karvoniga jangarilar hujum qilishgan, oqibatda olti sayyoh jarohatlangan edi.

Karvonda sakkiz britaniyalik, uch AQSh va bir Olmoniya fuqarosi bo'lgan.

Hirotdagi xorijiylar karvoniga hujum uchun mas'uliyatni Tolibon o'z zimmasiga olgan.

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring