Xitoyliklar Tojikiston GESlariga qiziqish bildirmoqda

Tojikistondagi Nurek GESi

Xitoydagi mas'ullar Tojikiston bilan gidroenergetika, quyosh quvvati va boshqa qayta tiklanadigan quvvat manbalari bo'yicha hamkorlik qiziqishini bildirmoqdalar.

Tojikiston ommaviy axborot vositalari xabar qilishicha, Xitoydagi "Xarbin" korporatsiyasi Tojikistondagi gidroelektr loyihalarida ishtirok etishi mumkinligini aytgan.

Bu haqda jurnalistlarga Xitoyning Xeyluntszyan viloyati rasmiylari aytganlar.

Xitoy rasmiylari Tojikistonda GES, engil sanoat korxonalari qurilishida qatnashish o'zlari uchun manfaatli bo'lib ko'rinayotganini, "Xarbin" korporatsiyasi ana shunday yirik loyihalarni hayotga tadbiq etishda katta tajribaga ega ekanini aytganlar.

Ayni paytda Xitoyning Anhui Electric Power Design institute Co., Ltd. elektr quvvati bo'yicha tadqiqot instituti rahbariyati poytaxt Dushanbeda muzokaralar o'tkazgan.

Xususan, Tojikiston Energetika va suv resurslari vazirligi, "Barqi Tojik" shirkati, Tojikiston Savdo-Sanoat palatasi va idora-tashkilotlardagi uchrashuvlarda xitoylik va tojikistonliklarning elektr energetikasi, gidroenergetika, quyosh quvvatidan va boshqa qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishda hamkorlik masalalari muhokama qilingan.

Tojikistondagi qator loyihalarda xorijiy sarmoyadorlar uchun imtiyozlar ko'zda tutilgani xitoylik mehmonlarga tushuntirilgan.

Tojikiston aholisining aksar qismi qishloq joylarida istiqomat qilishi va agar mamlakatda mavjud tabiiy resurslardan oqilona foydalanish oddiy odamlarning hayotini engillashtirishi mumkinligi va Tojikiston taraqqiyotiga xizmat qilishi ham aytilgan.

Tojikiston tog'li o'lka va Markaziy Osiyo suv zaxiralarining aksari Tojikiston va Qirg'izistonda joylashgan.

Tojikiston va Qirg'iziston rahbariyati yanada ko'proq gidro elektr stantsiyalari qurish bilan davlat g'aznasini to'ldirishni istaydilar.

Shu maqsadda Tojikiston mintaqada eng katta deb ko'rilgan "Rog'un" GESi qurilishini boshlagan.

Ammo O'zbekiston rahbariyati yirik GES qurilishi O'zbekiston dehqonchiligiga zarar keltirishini aytadi va mintaqa mamlakatlari bunday yirik loyihalarni amalga oshirishda qo'shni mamlakatlar bilan hisoblashishi lozimligini urg'ulab keladi.

"Rog'un" g'oyasiga qarshi chiqqan O'zbekiston loyihaga BMT, Jahon Banki e'tiborini jalb qilishga muvaffaq bo'lgan.

So'nggi yillarda "Rog'un" qurilishi sur'ati pasaygan.

Lekin yaqinda ham O'zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoev Tojikiston Bosh vaziri Qohir Rasulzodaga maktub yuborgan.

Bunga Tojikistonning Italiyaning Salini Impregilo shirkati bilan "Rog'un" GESini qurish bo'yicha kelishuv imzolagani sabab bo'lgan.

"Jahon banki shafeligida olib borilgan loyiha ekspertizasida Rog'un GESi butun Markaziy Osiyo mintaqasini keng miqyosdagi xavf ostida qoldirishi tasdiqlandi. Bu xavotir qo'shni mamlakat rahbarlari va mutaxassislari tomonidan ko'p marotaba ta'kidlangan va Tojikiston hukumati bu haqda xabardor etilgan", deya xavotir bildirgan Tojikiston bosh vaziriga yo'llagan maktubida O'zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoev.

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring