Eng, iching, lekin isrof qilmang!

Oziq ovqat mahsuloti Image copyright FAO

Italiya parlamenti mamlakatda isrof etilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari hajmini kamaytirish yo'lida yangi qonunni tasdiqladi.

Yangi qonun saqlash muddati yaqinlashib qolgan va shunga o'xshash mahsulotlarni muhtojlarga xayriya qilib berish yo'lidagi ba'zi cheklovlarni olib tashlagan.

Mahsulotlarning isrofgarchiligi muammosi faqatgina Italiyada mavjud emas.

BMTning Oziq-ovqat va Agrosanoat tashkilotiga ko'ra, ba'zi Ovro'po davlatlarida etishtirilgan mahsulotning 40 foizga qadari chiqindiga chiqariladi.

Buncha mahsulot bilan esa 200 millionga yaqin insonni boqish mumkin ekan.

Bir muncha muddat avval Italiya oliy mahkamasi och qolgani tufayli kichik miqdorda oziq-ovqat o'g'irlashni jinoyat sifatida ko'rmaslik haqida qaror ham chiqargandi.

BMTning Oziq-ovqat va Agrosanoat tashkilotidan Kameliya Bukatarioning BBC O'zbek xizmati bilan suhbatida aytishicha, mahsulotlar isrofgarchiligi muammosi jahon bo'ylab keng tarqalgan va faqatgina rivojlangan mamlakatlarga xos bo'lgan "nuqs" emas.

Kameliya Bukatario: 2011 yili Oziq-ovqat va Agrosanoat jamg'armasi ilk bor bu borada hisobot chiqarib, inson tanavvuli uchun ishlab chiqariladigan oziq-ovqatning jahon bo'ylab uchdan bir qismi isrof qilinishi haqida aytgan edi. O'shandan beri Ovro'po Ittifoqi, hukumatlar va yana qator tashkilotlar bu muammoni kengroq o'rganib, o'z ma'lumotlarini taqdim eta boshladilar. Oxirgi ma'lumotlarga ko'ra, masalan Ovro'po Ittifoqi davlatlarida yiliga inson tanavvul qilishi mumkin bo'lgan 88 million tonna oziq- ovqat chiqindiga chiqarilmoqda. Ya'ni, mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda, import qilinmoqda, eksportga yuborilmoqda, er, suv va boshqa zaxiralar bu yo'lda xarjlanmoqda, lekin bu mahsulotlarning uchdan bir qismi odamlarning dasturxoniga etib bormayapti, yoki etib borganidan keyin baribir chiqindiga ketmoqda. Shuning uchun hukumatlar bizning tashkilotimiz bilan birga bunga qarshi choralarni ko'rib chiqmoqdalar.

Image copyright FAO

BBC: Etishtirilgan mahsulotning uchdan biri chiqindiga chiqishi bu juda hayratga soladigan holat. Deylik, bir oila haftasiga 100 dollarlik oziq-ovqat sotib olsa-yu, buning 33 dollarga tengi chiqindiga tashlansa. Qanday qilib? Bunga sabab nima?

Kameliya Bukatario: Agarda iste'molchi nuqtai nazaridan qarasak, bunga bir qator sabab bor. Bu holat har qanday xo'jalikda, xoh katta bo'lsin, xoh kichik oilada ro'y berishi mumkin. Masalan, iste'molchi vaqt kamligi tufayli o'zi ehtiyojini chamalab, qancha mahsulot sotib olishi kerakligini rejalashga ulgurmasligi tufayli yuz berishi mumkin. Ya'ni, keragidan ko'p mahsulot sotib olingani uchun. Ortiqcha mahsulot esa muzlatgichda qolib ketib, oxir-oqibat chiqindiga tashlanadi. Boshqa tomondan, ba'zilar olgan mahsulotlarini rejalab ishlatish yoki ortib qolgan narsalarni qayta ishlatish yo'llaridan bexabarlar. Shuning uchun iste'molchilar o'z ehtiyojlarini diqqatliroq o'rganib, rejalash yo'llarini o'rgansalar maqsadga muvofiq bo'lardi.

BBC: Boshqa tomondan saqlash muddati o'tgan oziq-ovqatlarning supermarketlar tomonidan chiqindiga tashlanishi ham keng miqyos olgan, shundaymi? Ko'pda do'konlar oziq-ovaqt xavfsizligi sohasidagi cheklovlar tufayli ularni muhtojlarga ham bermaydilar...

Kameliya Bukatario: Albatta isrofgarchilik haqida gapirganimizda biz mahsulotni ishlab chiqarishdan tortib, uni qayta ishlash va xaridga chiqarish jarayonlari va bosqichlarini ham nazarda tutishimiz kerak. Men bu jarayonning faqatgina bir qismi yoki bosqichiga e'tiborni jamlamagan bo'lardim. Har bir qadamda inson iste'mol qilishi mumkin bo'lgan mahsulotni aniqlab, uning isrofga chiqmasligi yo'llari ko'rib chiqilishi kerak. Supermarketlarga kelsak, ularga ortib qolgan mahsulotni muhtojlarga berishni taqiqlaydigan qonunlar yo'q. Shuning uchun ishlab chiqaruvchi ham, qayta ishlovchi ham, sotuvchi ham - hammalari isrof bo'lish ehtimoli bo'lgan mahsulotni aniqlab, buning oldini olish yo'llarini ko'rib chiqishi kerak. Agar shunday qilsalar, xavfsiz yo'lda bu mahsulotni insonlarga etkazish yo'lini topish mumkin. Aytib o'tganimdek, buni taqiqlovchi qonunlar yo'q. Albatta, har qanday mahsulotni insonlarga etkazishda sotuvchilar inson sog'ligiga zarar etkazmasligi yo'lida ehtiyot choralarini ko'radilar. Ba'zida esa bu sohadagi qonun-qoidalar noto'g'ri yo'lda talqin etilib, haddan tashqari ehtiyotkorlikka yo'l qo'yiladi. Lekin biz bilamizki, mahsulotni isrof qilmaslik yo'llari bor va xohish bo'lgan vaqtda oziq-ovqatlarni insonlarga etkazish mumkin va shunday amallar qilinayotgani misollari ham bor.

Image copyright FAO

BBC: Lekin isrofgarchilik borasida boy davlatlar bilan rivojlanayotgan mamlakatlar orasida farq bo'lsa kerak. Aholisi ocharchilikka yuz tutayotgan yoki zo'r-bazo'r kun kechirayotgan davlatlarda bu kabi isrofgarchilikka yo'l qo'yilmasa kerak?

Kameliya Bukatario: Albatta, har bir mintaqaning mahsulot isrofgarchiligi sohasida o'ziga yarasha muammolari bor. Mahsulotning chiqindiga chiqishi har erda, hatto ochlikka ko'pda yuz tutadigan Afrika mamlakatlarida yoki Lotin Amerikasida ham yuz beradi. Deylik, Afrikada isrofgarchilik katta shaharlarda, asosan sotish jarayonida ko'proq yuz beradi. Qishloq erlarida esa mahsulotni etishtirish va uni qayta ishlash bosqichida ro'y beradi. Ya'ni, kerakli infrastrukturaning yo'qligi, saqlash sharoitlari, qayta ishlash va qadoqlash kabi shart-sharoit etarli ravishda rivojlanmagani tufayli. Aytmoqchimanki, isrofgarchilik turli mintaqalarda turli sabablar tufayli yuz bermoqda. Lekin statistik ma'lumotlar yirik rivojlangan shaharlarda isrofgarchilik o'sib borayotganini ko'rsatmoqda. Shuning uchun bu muamolarni sinchkovlik bilan o'rganib, rivojlanib kelayotgan mamlakatlarda ham bu muammo keng miqyosda ro'y berishining oldini olish choralarini ko'rishimiz kerak.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring