Qirg'iziston: Muxolifat vakillari so'roqqa chaqirilmoqda

Muxolifat yig'ini Image copyright Empics
Image caption Faollar Qirg'iziston konstitutsiyasi o'zgartirilishi masalasini muhokama etganlar

Qirg'iziston konstitutsiyasi o'zgartirilishiga qarshi tuzilgan muxolifat guruhining ba'zi a'zolari o'zlariga nisbatan bosimlar bo'layotganini aytmoqdalar.

"Erkin el" siyosiy partiyasi rahbari Mavlyan Asqarbekov tanqidiy fikri uchun Ichki ishlar vazirligiga so'roqqa chaqirilganini aytgan.

Ichki ishlar vazirligi esa Mavlyan Asqarbekov "prezidentning o'zi ijtimoiy-siyosiy vaziyatni izdan chiqarmoqda" degan bayonoti yuzasidangina chaqirtirilganini ma'lum qildi.

Xavfsizlik kengashi buyrug'i

2 avgustda Bishkekda muxolif siyosatchilar va fuqaroviy jamiyat vakillari Qirg'iziston hukumatining mamlakat konstitutsiyasini o'zgartirishga bag'ishlangan tashabbusini muhokama qilganlar. Mazkur yig'in "Konstitutsiya. Qayoqqa ketmoqdamiz?" deya nomlangan. O'sha yig'in yakunida konstitutsiyani o'zgartirish bo'yicha referendum o'tkazishga qarshi etti odamdan iborat jamoatchilik guruhi tuzilib, uni fuqaroviy harakatga aylantirish maqsadi olg'a surilgan.

Ushbu guruhga a'zo bo'lgan Mavlyan Asqarbekov mamlakat xavfsizlik kengashining buyrug'i asosida ta'qib etilayotganini aytadi.

"Men u yig'inda xalqaro tashkilotlar va horijiy elchiliklarga murojaat etishni taklif qilib, ulardan Qirg'izistonga ajratilayotgan grant va qarzlarni to'xtatishni talab qilishimiz kerak, deganman. Hokimiyat tarafidan qonunlarni va Bosh qomusni qo'pol ravishda buzish harakatlari bo'layotganini biz ularga tushuntirishmiz kerakligini aytganman. Hokimiyat xalq bilan maslaxatlashmay, konstitutsiyani o'zgartirishga harakat qilayotgani sababli, biz bu masalani muhokama qilish uchun xalq qurultoyini o'tkazish masalasini aytdik. Shu kabi gaplarim uchunmi, menga nisbatan bosimlar kuchaydi. Ichki ishlar vazirligining 10-boshqarmasidan qo'ng'iroq qilib, Xavfsizlik kengashi buyrug'i asosida sizni so'roqqa chaqirayotganlarini aytdi", deydi faol.

Biroq Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Mavlyan Asqarbekov so'zlarini me'yordan oshirish deb hisoblayotganlarini, u 19 iyulda ba'zi Internet saytlariga bergan intervyusida "prezident tinchlik kafolati bo'lmay, qaytaga o'zi vaziyatni izdan chiqarmoqda" degan ayblovi borasida tushuntirish so'rash uchungina chaqirtirilganini aytgan.

Image caption Mavlyan Asqarbekov mamlakat xavfsizlik kengashining buyrug'i asosida ta'qib etilayotganini aytadi

"Asqarbekov prezident gaplari bo'yicha saytlarga uni ayblab, sharh bergan. Xavfsizlik kengashidan "unga huquqiy baho beringlar" degan qog'oz kelibdi. Asqarbekov aytganday "prezidentning gapidan tinchlikka xavf soluvchi qismini siz qaerdan eshitdingiz, qaysi eri o'shanday ekan, ko'rsatib berolasizmi?" degan savol uchungina unga qo'ng'iroq qilishgan. Uni bu haqda aytganlarini o'rganib chiqishmoqda. Chaqirib, darrov qamaymiz, deyilmayapti" - deb aytgan Ichki ishlar vazirligi vakili Medet Imanakunov.

Bo'lib o'tgan yig'inda muxolif ko'z qarashdagi siyosiy kuchlar fuqaroviy jamiyat vakillari bilan birga "hokimiyatni uzurpatsiyalashga yo'l bermaslik" shiori ostida o'zaro hamkorlik qilishga kelishganlar. Siyosatchi Ravshan Jeenbekov hokimiyat muxolifatni birlashuvidan xadiksiragani uchun, ularni ochiq ta'qib eta boshladi, deb hisoblaydi.

"Asosan konstitutsiya bo'yicha, referendum o'tkazish tashabbusiga qarshi qator siyosatchilar, fuqaroviy jamiyat va inson huquqlarini himoya qilish tashkiloti vakillari birlashib, xovliqayotgan hokimiyatni bir seskantirib qo'ydi. Ular bunday qarshilikni kutmasdan, referendumni osongina o'tkazishni ko'zlashgan edi. Shuning uchun endi qo'rqituvga o'tib, avval Mavlyan Asqarbekovga bosim o'tkaza boshladilar. Boshqa siyosatchilarga ham ishorat berib, "haddingizdan oshsangiz, o'tirg'izib qo'yishga tayyormiz", deyishmoqda. Bu - hokimiyatning qulashidan avvalgi hayqirig'i va oxirgi jon talvasasi - deya fikr bildiradi siyosatchi.

Iqtidordagi hokimiyat tarafidan muxolifat vakillariga nisbatan avvalgidek siyosiy ta'qib yo'qligi, uning barchasi avvalgi rejimlar paytida bo'lgan deya fikr bildirayotganlar ham yo'q emas. Biroq shu yil bahorida bir necha muxolif siyosatchi davlatda inqilob qilishga tayyorgarlik ko'rgan degan ayblov bilan qo'lga olingan edilar.

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring