Nazarboeva: nasha o'simligi sanoatini rivojlantirish kerak

Qozog'iston Bosh vaziri o'rinbosari Darig'a Nazarboeva Image copyright PM.KZ

Qozog'iston Bosh vazirining o'rinbosari Darig'a Nazarboeva mamlakatda narkotiksiz nasha o'simligini yetishtirish va uning asosida ishlab chiqarishni rivojlantirish zarurligini aytgan.

Bu haqda Prezident Nazarboevning qizi hukumatning maxsus majlisida tegishli idora-tashkilotlarga buyruq bergan.

Maxsus majlis nasha o'simligini narkotik moddalardan tozalash va bu o'simlikdan sanoat va tibbiyot maqsadlarida foydalanish masalasiga bag'ishlangan.

Majlisda Qozog'iston tarixida ilk bor Janubiy Qozog'iston, Olma-Ota, Qarag'anda va Shimoliy Qozog'iston viloyatlarida tajriba tarifasida nasha ekib yetishtirilgani aytilgan.

O'sha tajribalarda yetishtirilgan hosil namunalarini AQSh, Olmoniya, Belgiya va Xitoyga qayta ishlashga yuborishga qaror qilingan.

Xorijdan olingan tadqiqot natijalari asosida qog'oz uchun tsellyuloza chiqarish mumkin.

Nazarboeva xonim Qozog'iston o'zining qog'oziga ega emasligini, nasha o'simligi tsellyulozasidan turli xil qog'oz va to'qimachilik mahsuloti ishlab chiqarish mumkinligini aytgan.

Giyohvandsiz nasha yetishtirish bilan shug'ullanadigan shirkatlarga litsenziya berish, bu harakatlarni BMTning Narkotiklarga qarshi kurash boshqarmasi bilan hamkorlikda olib borish zarurligini ta'kidlagan Darig'a Nazarboeva.

Qozog'iston bilan Qirg'iziston chegarasidagi Chuy vodiysi yovvoyi nasha o'sadigan ulkan hudud hisoblanadi.

Bu yerdagi hosil yiliga 5-6 ming tonnani tashkil etadi, deb ko'riladi.

"Davlat nasha o'simligi sanoatini o'zining qattiq nazorati ostida rivojlantirishi lozim", deb aytgan Qozog'iston Bosh vaziri o'rinbosari Darig'a Nazarboeva.

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring