Qirg'iziston: "Ahmadiya" Chubak Hojidan norozi

Chubak Hoji Jalilov Image copyright Youtube

Qirg'iziston musulmonlari diniy idorasining sobiq rahbari Chubak Hoji Jalilov "Ahmadiya" oqimi tarafdorlari haqida aytgan so'zlari yuzasidan O'sh militsiyasiga chaqirtirilgan.

Qirg'iziston Ichki ishlar vazirligi ushbu xabarni tasdiqlagan, sobiq muftiy teologik ekspertizaning natijasi bilan tanishish uchun chaqirtirilayotgani ma'lum qilgan.

O'tgan yil oxirida O'shda "Ahmadiya" diniy oqimining bir a'zosi o'ldirilib ketilgan edi. Voqeadan keyin marhumning yaqinlari Chubak Hoji Jalilovni mazkur oqimni ochiqdan-ochiq qoralab, diniy adovatni qo'zg'adi, deya huquq-tartibot idorasiga arz qilgan. Sobiq muftiy esa "Ahmadiya"larni "musulmon emas" jamoat sifatida ta'riflagan, biroq o'ziga nisbatan aytilayotgan da'volarni inkor qilgan.

"Ahmadiya" oqimining vakillari Chubak Hoji Jalilov ustidan yozgan arizasi yuzasidan Ichki ishlar vazirligining Tergov bo'limi boshqarmasining O'shdagi hududiy bo'limi tekshiruv olib bormoqda. Sobiq muftiyning himoyachisi Aqin To'qtaliev aytishicha, Chubak Hojining O'shga qachon borishi aniq emas.

"Unga O'shga tergovga kelsin deb, 5 avgustda chaqiruv qog'ozi kelgan. Endi bu uning har kuni aytib yuradigan gapi-da. U o'z fikrini erkin aytayapti-da. Din komissiyasi, bu ekstremistik so'z, deb xulosa chiqaribdi. Uning gaplarini barchasi ekstremistik bo'laveradimi? Biz O'shga borganimiz yo'q, birga boramiz. Tergovchi soat 10 ga kelinglar, deb yozibdi, biroq sanasini ko'rsatmabdi. Bishkekdan O'shga chaqirmasdan, bu erga chaqirsa ham bo'lardi" - deydi himoyachi.

Mazkur holat yuzasidan Chubak Hoji Jalilovning o'zi bilan bog'lanishning imkoni bo'lmadi. U, Internetda joylashtirilgan ma'ruzasida "Ahmadiy"larni "musulmon emas" jamoat sifatlagan.

O'tgan yili oxirlarida O'shning Qorasuv tumanidagi "Qashqar qishloq"da yashagan 37 yoshli Yunusjon Abdujalilov o'z uyi yonida otib ketilgan edi. Marhum "Ahmadiya" oqimining a'zosi ekani, unga diniy kelishmovchilik sabab suiqasd qilingani aytilgan. Mazkur holat yuzasidan O'sh va Jalolobodda o'tkazilgan maxsus amaliyotlarda, qurol-yarog', katta miqdordagi o'q-dori bilan sakkiz odam qo'lga olingan. Ularning ba'zilari Suriyada tayyorgarlikdan o'tib kelgan, deya xabar qilingan.

Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Baqit Seyitovning ma'lum qilishicha, Din ishlari bo'yicha davlat komissiyasi teologik ekspertiza o'tkazgan va unda "diniy adovatni qo'zg'ashga da'vat qilingan", deya xulosa chiqarilgan.

"O'sha ekspertiza xulosasi bilan o'zi tanishib chiqib, unga ma'qul yoki ma'qul emasligini bilaylik, deb chaqirtirilgan xolos. Agar u xulosaga norozi bo'lsa, unda yana ham ko'proq, tajribali ekspertlarni chaqirib, komissiya guruhi tuziladi va xulosa qaytadan o'rganilib chiqiladi. U hozir faqat shuning uchungina chaqirtirilmoqda. Undan boshqa narsa yo'q. Uning aytganlarida shunday da'vat bormi yoki yo'qmi, ekspertiza tayyorlangan" - deya izohlaydi Baqit Seyitov.

So'nggi paytlarda sobiq muftiy Chubak Hoji Jalilov ismi tilga olingan, jamiyatda bahsli fikrlarni paydo qilgan munozarali voqealar yuz bermoqda. Din masalalari bo'yicha mutaxassis Nurlan Ismailov fikricha, davlat Jalilov kabi ta'sirli diniy olimlardan foydalana olishi muhim.

"Davlat shunday kishilarning ish-harakatlari, yo'nalishini, energiyasini to'g'ri foydalanishga harakat qilishi kerak. Ekstremizm, Suriyaga ketayotganlarni to'xtatish, dinlararo munosabatlarni birgalikda mustahkamlash kabi ishlarda foydalanishi kerak. Yumshoq yo'l bilan bu kishining pozitsiyasini yana ham yumshatsa bo'ladi. Agar u kishi qattiq ketib qoldi deb, unga shunday munosabat qilinsa, unda u ham radikalizm bo'lib qoladi. Radikalizm o'z vaqtida radikalizmni yaratadi. Davlat tarafidan ta'qib etilib, jamiyatni qaysidir bir tarafidan yoqtirilgan vaziyat, o'z vaqtida din bilan davlat orasida nizoni keltirib chiqarishi mumkin. Bunday odamlarni ta'qib etaversa, ularning muxlislari, auditoriyasida davlatga qarshi fikr paydo bo'lishi mumkin. Bu o'z navbatida qator muammolarni paydo qiladi. Shuning uchun davlat og'ir vazminlik bilan, aqlliroq siyosat yurgizishi kerak" - deb hisoblaydi mutaxasis.

Qirg'izistonda "Ahmadiya"lar soni mingga yaqin ekani aytiladi va ularning faoliyati rasman cheklanmagani ma'lum. Biroq ular har yili rasmiy qayta ro'yxatdan o'tayotganda, muammolar yuzaga kelishidan norozi bo'ladilar.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring