Harbiy xizmatsiz xorijga chiqish qiyinlashadi

Qirg'iziston askarlari
Image caption Qirg'iziston askarlari

Davlat xavfsizlik qo'mitasi armiyaga bormay yurgan harbiy yoshdagi fuqarolarning xorijga chiqishiga cheklov kiritish tashabbusi bilan chiqqan.

Tayyorlanayotgan loyihada armiyaga bormay yurganlarning ro'yxati chegara xizmatiga beriladi va shu orqali harbiy xizmatdan yashirinib, chet davlatda yurgan fuqarolar nazoratga olinadi.

Jamoatchilikda bu loyiha yuzasidan konstitutsiyaviy huquq va majburiyatlarga bog'liq turli fikrlar paydo bo'lgan.

Davlat havfsizlik qo'mitasining harbiy ishlar bo'yicha mutaxassisi, polkovnik Namisbek Amanalievning so'zlariga ko'ra, askarlikka loyiq yigitlarning chegaradan chiqarmaslik bo'yicha loyiha "Tashqi migratsiya to'g'risidagi" qonun asosida ishlab chiqilgan.

"Mazkur loyiha "Tashqi migratsiya to'g'risidagi" qonunini amalga oshirish maqsadida ishlab chiqildi. Bu qonun 2000 yili 17 iyulda chiqqan. Ayni qonun bo'yicha 2016 yilning 4 iyulida xavfsizlik qo'mitasi maxsus qaror qabul qilgan. Bunda harbiyga loyiq fuqarolarning davlatdan tashqariga chiqish huquqini vaqtinchalik cheklash kerak ekani nazarda tutilgan. Men alohida urg'ulamoqchiman - bu vaqtinchalik cheklov. Qaror tashqi migratsiya ishlari bo'yicha Bosh qonun va boshqa shu kabi huquqiy aktlarga asoslangan", deydi Namisbek Amanaliev.

Polkovnik Amanaliev loyiha amalga oshgan taqdirda har yili bahorgi va kuzgi chaqiruvlardan keyin askarlik majburiyatini bajarmasdan ketgan fuqarolar ro'yxati chegara xizmatiga berilishi va mazkur xizmat bu borada ish olib borishini qo'shimcha qiladi.

Harbiy mutaxasislar xavfsizlik qo'mitasi bu qarorni noilojlikdan qabul qilayotganini aytadilar. General-mayor To'qo'n Mamitov Qirg'izistonda har yili 70 ming yigitlar harbiylikka chaqiruv yoshida bo'lishini, biroq Qirg'iz armiyasiga uch ming askar qabul qilinishi, ba'zida shu raqamni ham to'ldirish mushkul ekanini aytadi.

"Harbiy komissariyat ko'chada yurgan yoki og'rib qolgan bolalarni askarlikka chaqirib, rejani to'ldirishga majbur bo'ladi. Sog'ligi yaxshi, psixologik har taraflama tayyor, baquvvat yigitlarni chaqiraylik deb borishsa, ular chet davlatlarga ketgan bo'ladi. Shuning uchun harbiy xizmat mutasaddilari bu qarorni qabul qilishmoqchi. Jamoatchilik buni to'g'ri tushinish kerak", deya izohlaydi mutaxassis.

Inson haqlari faoli Aziza Abdirasulova esa harbiy xizmatni o'tashga boshqa yo'llar bilan ham jalb qilinsa bo'ladi, degan fikrda.

"Chet davlatga chiqishga cheklov qonun bilan dastaklanishi kerak. Bu aslida inson huquqini cheklashdir. Ikkinchi tarafdan, yigitlar askarlikka 18 yoshdan 25 yoshgacha borishga majbur. Agar 19 yoshida xorijga ketsa, bu uni armiyadan qochib ketdi degani emas. U 21-22 yoshida kelib ham armiyaga boraveradi", deydi huquq himoyachisi Aziza Abdirasulova.

Harbiy xizmatga umuman borishni istamaydiganlar ham oz emas.

"Hozir men 27 yoshdaman, biroq harbiy xizmatga borgan emasman. Sababi armiyaga borgan tanishlarimning aksariyati, u erda ustavdan tashqari noqonuniy harakatlar bo'lishini aytadi. Mazax qilish, pul talab qilish, do'pposlashlar ko'p bo'lishini aytadilar. Shuning uchun o'zimni o'ylab, armiyaga bormaslikka qaror qildim", deydi ismi sir tutilishini istagan qirg'izistonlik yigitlardan biri.

Huquq himoyachilari davlat harbiy xizmat yoki muqobil xizmatni bajarishga majburlashdan avval, armiyadagi sharoitlarni yaxshilashi kerakligini aytishadi.

Qirg'izistonda majburiy harbiy xizmat bir yil. Bundan tashqari yigitlar muqobil xizmat bilan ham o'zining harbiy majburiyatini ado etsa bo'ladi. Uning uchun 25 ming som to'lashi kerak, biroq ular kelajakda huquq-tartibot idoralarida ishlay olmaydi.

Shuningdek, ikkinchi kategoriya bo'yicha xizmat o'tash uchun 50 ming so'm to'lab, bir oy armiyaga boradilar va kelajakda kuch idoralarida ishlash imkoniyatiga ega bo'ladilar.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring