Tojik muhojirining ko'zi olib tashlandi

tojik muhojir

Rossiyada shifokorlar tojikistonlik mehnat muhojiri Sulaymon Saidovning jarohatlari tufayli o'ng ko'zini olib tashlashga majbur bo'lganlar.

Muhojir shu yilning 8 aprel kuni Moskva metrosida hujumga uchrab, bir qancha joyidan yaralangani aytilgan edi.

Besh farzandning otasi bo'lgan Sulaymon Saidov yana bir jarrohlikni boshidan o'tkazishi kerak. Shifokorlar uning bosh miyasini himoyalaydigan metall plastina o'rnatishlari lozim.

8 aprel kuni moskvalik Sergey Tsarev va Sulaymon Saidov o'rtasida vagonda janjal kelib chiqadi. Oqibatda Tsarev yonidan to'pponcha olib unga qarata bir necha o'q uzadi.

Gumondor hodisadan bir soat o'tib ushlangan.

59 yashar Tsarevga nisbatan "qotillikka urinish" moddasi bilan jinoiy ish qo'zg'atilgan.

Sindirilgan va mayib qilingan

Sulaymon Saidov yaqinlarining aytishicha, uning ko'zidagi jarrohlik amaliyoti uchun 60 ming rubl ketgan. Operatsiya uchun mablag' jamoatchilik tashkiloti tomonidan yig'ilgan.

Jabrlanuvchining ukasi Dilshod Saidovning BBCga aytishicha, jismonan sog'lom, sportchi, dindor insonning mayib qilib qo'yilganini ko'rish yaqinlari uchun juda og'ir.

"U hech qachon hech kim bilan muammoga bormasdi. U odamlarni, hayotni sevardi. Uning millati, terisi, ko'zi, sochining rangi kimgadir yoqmagani uchun shu ahvolga solindi, sindirildi. Sog'lom erkak ko'rishdan mahrum bo'ldi. Unga doimiy bosh og'rig'i azob beradi. U boshqa sport bilan shug'ullana olmaydi, jismoniy ish bajara olmaydi", deydi Saidovning ukasi.

Saidovning oilasi uning davolanishi uchun qariyb 100 ming rubl sarflashdi. Do'stlari va yaqinlari pul yig'ishga yordam berishmoqda.

"Ikkinchi jarrohlik amaliyoti bizga 164 ming rublga tushadi. Bu mablag'ni hali topishimiz kerak. Biz uyga pul yubormay qo'ydik. Rossiyaga o'zi tirikchilik uchun kelganmiz. Hozir ish topish ham qiyin. Vatanimizda qolgan yaqinlarimiz o'zlari mustaqil pul topishga harakat qilmoqdalar endi", deb aytadi jabrlanuvchining do'stlaridan biri.

"To'rt marta otdi"

Sulaymon Saidovning o'zi 12 yildan beri Rossiyada yashab kelgani, o'ziga nisbatan avval ham hujum bo'lganini aytgandi BBCga.

"Men jiyanim bilan uyga qaytayotgan edik. Menga hujum qilgan kishiga u dastlab jiyanim Muhammadjon Hakimovni turta boshlaganda e'tibor berdim. U qattiq mast edi. Bizning qaerdan ekanligimizni bilgach, qattiq jahli chiqib ketdi. Oramizda dahanaki jang boshlandi. U bizga baqirib, haqorat qilganda, biz jim o'tirdik. Keyin u turib o'q otdi, deb eslaydi Sulaymon.

"Kameraga bizning harakatimiz tushib qolgan, men undan qurolini olishga harakat qilgan edim. Shuning uchun politsiya bizni urushgan deb o'yladi. Stantsiyaga kelganda u to'rtinchi marta o'q uzdi, o'q mening qornimga tegdi. Men shunga qaramasdan undan to'pponchani tortib oldim. U qochdi, men yiqildim. Politsiya yugurib keldi. Ular meni janjalni boshlagan va qurol meniki deb o'ylashdi. Biroq voqeaga guvoh bo'lgan bir qiz meni jabrlanuvchi ekanimni, o'z hayotimni asrash uchun qurolini olganimni aytib berdi", deydi Sulaymon Saidov.

Tojikiston hukumati oldinroq Rossiyadan hodisani adolatli tekshirishni talab qilgan edi.

Tuganmas oqim

Turli ma'lumotlar bo'yicha, Rossiyada millionga yaqin tojikistonlik mehnat muhojirlari bor. Ularning aksariyati yoshlar bo'lib, vatanida ishsizlik, yetarli ish haqi topolmasdan Rossiyaga borishga majbur bo'lganlardir.

Ularning ko'pchiligi qishloqlardan kelishgan, rus tilini yaxshi bilishmaydi va bu o'zga yurtda ular duch keladigan jiddiy muammolar boshidir.

Tojik huquq faoli Oynaxol Bobonazarova fikricha, Dushanbe muhojirlarni himoyasi uchun zarur choralarni ko'rishi shart. Rossiya-Tojikiston ikki tomonlama kelishuvlarga qaramasdan, tojik muhojirlarining huquqlari himoya qilinmaydi.

Eng dahshatlisi- hukumat fuqarolari o'limi haqida sukut saqlaydi. Ular kasallikdan vafot etishadi, sababi abgor vaziyatlarda yashashadi, yaxshi ovqatlanishmaydi, shifokorga borishmaydi, texnika xavfsizligiga rioya etishmaydi. Ular o'g'irlik qilmaslik, odam o'ldirmaslik uchun Rossiyaga pul ishlashga borishadi, sababi vatanida ish yo'q, yetarli pul topishning imkoni yo'q. Hukumat muhojirlarni himoya qilishi lozim", deydi u.

Rossiyadagi tojiklar ittifoqi raisi Abdullo Davlatovga ko'ra, mehnat muhojirlari doimiy ruhiy va jismoniy bosimlarni his qilishadi.

Noinsoniy sharoitlarda yashab, emay-ichmay, kasal bo'lib, o'zlariga eng kam pul sarflab, ishlaganlarini uylariga yuborishga harakat qilishadi. Rossiya fuqaroligi yo'qligi va tibbiy himoyalanmaganlik ularni kasalxonada davolanishga imkon bermaydi. Rossiya tomoni favqulodda holatlarda muhojirlarga yordam berishga rozi bo'lgan", deb aytadi Davlatov.

Tojikiston hozircha Rossiyadagi mehnat muhojirligidagi fuqarolarining ommaviy qaytishiga tayyor emas. Mutaxassislarga qaraganda, mamlakatning deportatsiya qilingan ko'plab fuqarolari vatanida pul topolmay, yana Rossiyaga borish uchun qonunni buzishga majbur bo'lishadi.

•BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - uzbekbbclondon

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring