O'zbek matbuotida nima gaplar?

o'zbek matbuoti

Avgust oyi boshida O'zbekistonda chop etilgan ro'znomalarda Yaponiya bosh vazirining rafiqasi Akie Abeni O'zbekiston prezidenti rafiqasi Tatyana Karimova kutib olgani va Toshkent shahri bo'ylab Abe va Karimova xonimlarning turli joylarga tashrif buyurganlari xabar qilinadi. Bundan tashqari, o'zbek olimpiyachilarining Rioga qarab yo'l olganlari va u yerda O'zbekiston bayrog'i ko'tarilgani xabar qilinadi.

Oliy o'quv yurtlariga kirish mavsumida chop etilgan maqolalar esa mamlakatdagi "yuksak marralarni ko'zlagan" yoshlarning "energiya" manbasi - Red Bull - zararlari; ularning 11.4 nafaridan ortig'i o'quv yurtlaridagi birgina joyga raqobat qilayotgan bir paytda duch keladigan poraxo'r "firibgar"lar; to'yda vals tushishga kelisha olmagan bo'lajak kelin-kuyov o'z to'ylarini bekor qilganlari hamda "Made in Uzbekistan" tamg'asi bilan globus eksport qilayotgan yosh tadbirkor haqida so'zlaydi.

"Yuksak marralarni ko'zlagan yoshlar" (O'zbekiston Ovozi, 2 avgust)

Yuqoridagi kabi sarlavhalar ostida, matbuot 1 avgust kuni mamlakat oliy o'quv yurtlarida bo'lib o'tgan test sinovlarini yoritdi. Ushbu maqolada joriy yilda oliy o'quv yurtlariga 663 ming 298 abiturient hujjat topshirgani, o'z o'rnida bu ko'rsatgich o'tgan yilga nisbatan 57 ming 462 nafarga ko'pligi aytiladi. Bu abiturientlar ajratilgan 57,907 joyga raqobat qilishlari aytiladi xabarda.

"Yoshlarning oliy ma'lumot olishga ishtiyoqi muttasil o'sib borayotgani hamda "ma'nan va jismonan barkamol avlod sog'lom ota-ona, sog'lom muhit mevasi" ekanligi urg'ulanadi O'zAdan olib chop etilgan maqolada.

"O'qishga kiritib qo'yaman", deb..." (Huquq, 4 avgust)

Ro'znomada kirish imtihonlari paytida qo'lga tushgan firibgar - Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - O'zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Qashqadaryo viloyat kengashining bosh hisobchisi Q. Beriev firibgarlik qilayotgan vaqtda qo'lga tushgani aytiladi.

Ma'lum bo'lishicha, Berdiev o'z xizmat xonasida fuqaro T. Buxorovdan uch ming AQSh dollarini "firibgarlik yo'li" bilan olgan paytda ushlangan. Berdiev shu miqdordagi pul evaziga Buxorovni Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutining neft va gaz yo'nalishidagi fakultetga o'qishga kiritib qo'yishni va'da qilgan.

Berdievga nisbatan Qarshi shahar sudi "tegishli" jazo qo'llagani aytiladi qisqa maqolada.

"Energetik ichimliklar, foydalimi yo zararli?" (Milliy Tiklanish, 3 avgust)

Ahmad Yusupov hozirgi kunda O'zbekistonda ommaviy ravishda iste'mol qilinayotgan, ayniqsa yoshlar orasida ommaviylashgan, quvvatbaxsh ichimliklar zararlari haqida gapiradi.

"Qo'shimcha quvvat baxsh etadigan ichimliklarni iste'mol qilish bilan inson turli kasalliklarni o'ziga chaqiradi. Qon bosimi, yurak-qon tomir tizimida muammosi borlarga bunday vositalarni qabul qilish qat'iyan man qilinadi. Dunyoning bir qator mamlakatlari, xususan, Frantsiya, Daniya va Norvegiyada energetik kokteyllar taqiqlangan. Aniqrog'i, uni faqat dorixonalarda, shifokor tavsiyasi bilan sotishga ruxsat etilgan. Energetik ichimliklar AQShning barcha hududida sotuvdan to'liq olib tashlangan, Litvada o'tgan yildan boshlab voyaga etmaganlarga sotish taqiqlandi. Ba'zi mamlakatlarda esa faqat 16 yoshga etganlarga bunday turdagi ichimliklarni sotishga ruxsat beriladi", deydi muallif.

Muallif maqolani tayyorlash jarayonida ijtimoiy tarmoqda yoshlar o'rtasida mazkur ichimliklarga munosabatini bilish yuzasidan so'rov o'tkazganida, yoshlarning aksariyati energetik ichimliklarni zararli deb bilishi va iste'mol qilmasligini ta'kidlaganlarini aytadi. "So'rovda ishtirok etganlarning to'rtdan bir qismi esa bunday ichimliklar foydali, degan fikrda", deydi muallif.

Xulosa o'rnida O'zbeksitonda yetishtirilgan meva-sabzavot, poliz mahsulotlarini ichte'mol qilishga chaqiriladi maqolada.

"Beruniy boboning Qibraylik nabirasi" (Toshkent haqiqati, 3 avgust)

Maqolada ro'znoma muxbiri Yulduzxon Muhiddinova Qibray tumanidagi, Turin politexnika universiteti talabasi Bobur Zokirovning faoliyati haqida so'zdaydi. Bobur boshchilik qilayotgan "Ziyo globus" korxonasi "Goldenote", ya'ni "Oltin eslatma" nomi ostida "Made in Uzbekistan" belgisi bilan globuslar ishlab chiqarib, dunyoning ko'plab mamlakatlariga eksport qilayotgani aytiladi maqolada.

"U 2012 yilda 'Ziyo globus' mas'uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi korxona faoliyatini yo'lga qo'ydi. Dastlab 3 nafar oila a'zolari mehnat qilgan ushbu korxona shu yilning o'zida "Ekstremum Press" kompaniyasiga shartnoma asosida 1000 dona globus yetkazib berdi. Ayni kunlarda 20 nafar yoshlar mehnat qilayotgan jamoa sa'y-harakati bilan ta'lim muassasalari uchun 10 xil turdagi globus hamda 20 turdan ortiq o'quv-uslubiy anjomlar ishlab chiqarilmoqda. Shunisi e'tiborga loyiqki, globuslar uch tilda - o'zbek, rus va ingliz tillarida tayyorlanmoqda va o'z xaridorlarini topib bormoqda", deydi maqola mullifi, Boburning faoliyatiga to'xtalib.

"Boburning aytishicha, bugungi kunda globus ishlab chiqarish jahonning sanoqli mamlakatlaridagina yo'lga qo'yilgan. "Ziyo globus" Markaziy Osiyo da globus ishlab chiqaruvchi yagona korxona bo'lib, Italiya, Germaniya, Rossiya, Xitoy mamlakatlaridagi shu turdagi mahsulot tayyorlayotgan korxona va firmalar bilan tengma-teng bellashmoqda", deb qo'shimcha qiladi maqola muallifi.

"Mustaqillik kuni - mamlakat fuqarolari birligining yorqin ramzi" (Xalq so'zi, 3 avgust)

Mustaqillikning 25 yilligi bayrami arafasida "Jahon" axborot agentligi bir qator o'zga yurtlar elchilari bilan suxbat qurishga ulgurdi. Bu safar markaziy ro'znomada Rossiyaning O'zbekistondagi elchisi Vladimir Tyurdenevning fikr-mulohazalari chop etiladi.

Elchi O'zbekistondagi "chuqur islohotlar" hamda taraqqiyotning "o'zbek modeli"ni olqishlaydi. "Shubha yo'qki, bu muvaffaqiyatlar - mehnatkashligi, yuksak ma'naviyati, aniq maqsad sari intiluvchanligi hamda qiyinchiliklarni bartaraf qilish qobiliyati bilan hurmat va nom qozongan o'zbek xalqining xizmati. Aynan ana shunday sifatlar davlat hamda jamiyat barqaror taraqqiyotining garovi hisoblanadi," deb qo'shimcha qiladi Rossiya elchisi.

"Izchil mustahkamlanib borayotgan" Rossiya - O'zbekiston munosabatlari haqida to'xtalib, elchi xalqlar o'rtasidagi "asriy do'stlik hamda o'zaro ko'maklashish an'analari" yanada "shitob bilan" rivojlanishiga umid bildiradi.

"Kaltabinlikdan yaralgan 'an'ana' millat ma'naviyati kushandasidir" (Jamiyat, 5 avgust)

Jurnalist Shahzoda Akbarova "me'yordan ortib borayotgan shirin orzu-havaslar aksar hollarda farovon turmushga ziyon yetkazib, otiqcha tashvish, muammolarni keltirib chiqarmoqda" deb ta'kidlaydi.

Muallif allaqachon an'ana tusiga kirib qolgan me'yordan ortiq to'ylarga, jumladan, "to'qlikka sho'xlik qilib, kim o'zarga, o'zini, boyligini ko'z-ko'z qilish uchun to'y qilayotgan kaltabin kishilarning o'ylab topayotgan 'urf-odatlari' bir kun kelib an'anaga aylanib qolmasmikan" deb tashvishga tushadi.

Muallif to'yda vals tushishga kelisha olmagan bo'lajak kelin-kuyov o'z to'ylarini bekor qilganlari misolini keltirib, bunday "illat"larga bolta urishga undaydi.

•BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - uzbekbbclondon

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring