Qirg'iziston: Asqarov tufayli Konstitutsiya o'zgarishi kerak

Asqarov

Qirg'iziston rasmiylariga ko'ra, 2010 yil iyunida ommaviy tartibsizliklarni tashkil qilish va mahalliy militsiya zobitini o'ldirishda ayblanib umrbod qamalgan Azimjon Asqarovga nisbatan hukmga BMTning talabi mamlakat milliy xavfsizligi va mustaqilligiga tahdid hisoblanadi.

Shu boisdan, asosiy qonun o'zgarishi, ba'zi bir qo'shimchalar kiritilishi zarur, demoqda ular.

Oldinroq, Qirg'iziston Prezidenti ma'muriyati rahbari Farid Niyozov BMTning inson haqlari qo'mitasining Azimjon Asqarovni zudlik bilan qamoqdan ozod qilish qarori Qirg'iziston suverinetini xavf ostiga qo'yishini aytgandi muxbirlarga.

Uning so'zlariga ko'ra, Azimjon Asqarovni ozod qilishni talab etish milliy xavfsizlik to'g'risida masalani to'g'ridan-to'g'ri savol ostiga qo'ygan, uni aylanib o'tishning iloji yo'qdir.

Ayni paytda Qirg'izistonda mamlakat Asosiy qonuniga o'zgartirish kiritish jamoatchilikda muhokama qilinmoqda. Xabar qilinishicha, mavzu ommaviy referendumga chiqarilishi mumkin.

Qozog'iston deputatlari mamlakatning xalqaro majburiyatlariga o'zgartirish kiritish kerak, deb hisoblaydilar.

Jumladan, muhokamaga qo'yilgan qonun loyihasida "Har bir kishi xalqaro kelishuvlarga binoan, inson haqlari bo'yicha xalqaro idoralarga buzilgan huquq va erkinliklarini himoyasi uchun murojaat qilish huquqiga ega. Ko'rsatilgan idoralar tomonidan insonning huquq va erkinliklari buzilgani aniqlansa, Qirg'iziston respublikasi uni tiklash va yetkazilgan zararni qoplash bo'yicha choralar ko'radi", degan banddan oxirgi qator, ya'ni Qirg'iziston respublikasi huquqni tiklash choralarini ko'rishga mas'uliyatli ekani to'g'risidagi gap olib tashlanadi.

Bundan tashqari Konstitutsiyaning yangi matnida xalqaro qonunlarning milliy qonunlardan ustunligi to'g'risidagi bandni ham olib tashlashga qaror qilinmoqda.

Qirg'iziston Osbudsmeni Kubat Otorbaev Konstitutsiyani o'zgartirishda muvozanatni saqlash lozimligini qayd etar ekan, Asqarov ishini ko'rib chiqishga asos bor, lekin uni amalga oshirish mexanizmi yo'qligini bildirgan.

"Asqarov qamoqdan chiqsa o'zimni yoqaman"

Qirg'iziston janubidagi etnik nizolarda o'lgan militsiya zobitining yaqinlari Azimjon Asqarov qamoqdan chiqarilsa, o'zimni yoqaman deb tahdid qilganlar.

Bundan tashqari mahkama zalida marhumning qarindoshlari Asqarov advokatlarini kaltaklashga uringanlar.

Qirg'iziston bir necha yildan beri huquq faoli, etnik o'zbek Azimjon Asqarovga chiqarilgan hukm bo'yicha qator xalqaro tashkilotlarning bosimlari ostida.

Azimjon Asqarov o'ziga qo'yilgan ayblarni tan olmagan, ularni siyosiy mazmundaligini aytib keladi.

Xalqaro tekshiruvchilar mamlakatda yuz bergan milliy nizolarda asosiy jabrlanganlar o'zbeklar bo'lishiga qaramasdan, hibsga olingan va umrbod qamalganlarning aksariyati o'zbek ekaninini misol keltirib, Qirg'iz hukumatini ishga adolat bilan yondashishga chaqirgan.

Qirg'iziston fuqaroviy va siyosiy huquqlar paktlarini poymol etgan

2016 yil 21 aprelda BMT inson haqlari bo'yicha qo'mita Qirg'iziston hukumatidan Azimjon Asqarov qamoqda noqonuniy ushlab turilganini aytib, unga nisbatan jinoiy ishni adolatli qayta ko'rib chiqish talabnomasini yuborgan edi.

Azimjon Asqarovning BMT doxil xalqaro idoralarga huquqlarini tiklash va himoya so'rab murojaat qilgan.

BMT qo'mitasi Asqarovga nisbatan mahkamagacha va mahkamadan keyin qiynoqlar qo'llanilgani, himoya tomoni guvohlari so'roq qilinmagani holatlarini qayd etgan.

AQSh Davlat departamenti 2015 yil iyulida Azimjon Asqarovni "Inson huquqlari himoyachisi" mukofoti bilan mukofotlagani Qirg'iziston rasmiylarini g'azablantirdi.

Qirg'iziston Tashqi ishlar vazirligi taniqli o'zbek inson haqlari himoyachisi Azimjon Asqarovning AQSh Davlat departamenti mukofoti bilan taqdirlanganini qoralab bayonot e'lon qildi.

Azimjon Asqarov mukofotlanganiga javoban Qirg'iziston AQSh bilan 1993 yilda imzolangan hamkorlik bitimini bekor qildi. Shu yilning 21 aprelida Birlashgan Millatlar tashkilotining Inson huquqlari qo'mitasi ekspertlari 2010 yil yozidan buyon hibsda qolayotgan Azimjon Asqarovni ozod etishga chaqiriq bilan chiqdilar.

BMT qo'mitasi Azimjon Asqarovning hibsga olinishi Qirg'iziston qonunlariga zid bo'lgani, izolyatorda inson chidab bo'lmas sharoitda saqlangani, shafqatsiz qiynoqlarga tutilgani hamda o'zini mahkamada himoya qilish imkoniyatlaridan mahrum etilganini urg'ulagan.

Bu bilan Qirg'iziston o'zi a'zosi bo'lgan bir necha fuqaroviy va siyosiy huquqlar paktlarini poymol etgan, deyilgan BMT ekspertlari xulosasida.

Qirg'iziston Oliy mahkamasi shu yilning iyul oyi boshida huquq faoli Azimjon Asqarov ishini BMT inson haqlari qo'mitasi tavsiyasiga binoan qayta ko'rib chiqishni boshladi va uning umrbod qamoq jazosi bekor qilingani aytildi.

Biroq mahkama Azimjon Asqarovni BMT talab qilganidek to'liq oqlab, ozodlikka chiqarmadi.

Oldinroq Qirg'izistonga rasmiy tashrif bilan borgan Olmoniya Kantsleri Angela Merkel Prezident Atambaev bilan qamoqdagi huquq faoli Azimjon Asqarov ishini muhokama qilgan.

Qirg'iziston rahbari Azimjon Asqarov ustidan mahkamada shaffoflikni ta'minlashga va'da bergandi.

O'z navbatida Atambaev BMTning Inson haqlari qo'mitasi Asqarovni ozod etishni talab qilmagani, balki uning poymol etilgan huquqlarini qayta tiklashni tavsiya qilganini aytgan.

Azimjon Asqarovning himoyachilariga ko'ra, Qirg'iziston hukumati huquq faolini ozod qilmaslik uchun yo'l tutayotgan amallari demokratiya talablariga butunlay ziddir.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring