Turkiyada o'nlab o'zbeklar hibsga olingan

Turkiya Image copyright UFUK KOROGLU
Image caption Turk politsiyasi o'zbek muhojirlarini nishonga olayotgani aytiladi

Istanbul politsiyasi o'tgan oy amalga oshmagan davlat to'ntarishiga urinish ortidan boshlangan xavfsizlik amaliyotlarida o'nlab o'zbekistonliklarni hibsga olgan.

Turkiyalik huquq faollari vatanlaridagi siyosiy ta'qiblardan qochib, Turkiyadan boshpana izlashga majbur bo'lgan o'zbek muhojirlarining Turkiyadan badarg'a qilinishidan xavotirdalar.

Ular 29 iyul kuni qirg'izistonlik ikki o'zbekning noqonuniy ravishda Turkiyadan chiqarib yuborilishi yuzasidan jinoiy tekshiruv boshlashni so'rab, mahkamaga murojaat qilganlar.

Huquq faollariga ko'ra, Qozog'istonga majburan chiqarib yuborilgan Abdulloh Sa'dullaev va Kamolaxon Toirovalar vatanlarida qiynoqqa yuz tutishlari mumkin.

O'zbeklar nishonda

29 iyul kuni boshlangan amaliyotlarda hibsga olinganlarning aksariyati Turkiyada noqonuniy yashab kelgan o'zbeklar, ammo oralarida yashashga ruxsati bor muhojirlarning ham borligi aytilmoqda.

Hibsga olinganlarning nimada gumon qilinayotgani ma'lum emas.

Istanbuldagi "O'zbeklar Birligi" tashkiloti rahbari Adam Chevikka ko'ra, politsiya o'zbekistonlik 8 kishining 15 iyulda davlat to'ntarishini sodir etishga uringan guruhga aloqasi bor-yo'qligini o'rganayotganini aytgan.

Shuningdek, avvalroq Istanbul aeroportida sodir etilgan portlashlarga aloqadorlik ehtimollari ham tekshirilayotgani aytiladi.

Ammo huquq faollari turk politsiyasi hibsga olish uchun keltirayotgan asoslar va o'zbek muhojirlariga qarshi ilgari surilayotgan ayblovlarga shubha bilan qarashmoqda.

Image caption Faollar hibsga olinganlar ro'yxatini e'lon qilishgan

Chorshanba kuni Istanbuldagi bir guruh inson haqlari tashkilotlari nomidan e'lon qilingan qo'shma bayonotda aytilishicha, hozirda aksariyati o'zbekistonliklardan iborat 45 nafar oila va 150 dan ortiq odam Istanbulning Qumqopi mavzeyidagi xorijliklarni jo'natish markazi (Kumkapi GGM) da ushlab turilibdi.

Adam Chevikning aytishicha, ja'mi 142 nafar o'zbekistonlik hibsga olingan.

Faollarning Anqaradagi rasmiy idoralarga murojaatlaridan so'ng, chorshanba kuni ayni markazda ushlab turilgan 11 nafar yosh bolalar qo'yib yuborilgan.

Adam Chevik prokuror ehtiyot chorasi sifatida 88 nafar o'zbekistonliklarni hibsga qoldirishga buyruq berganini ma'lum qildi.

Huquq faollari tarqatgan bayonotda aytilishicha, Istanbulning Boshoqshahar va boshqa mintaqalarida amalga oshirilgan reydlarda asosan o'zbeklar nishonga olingan.

"Ayniqsa, ro'mol o'ragan ayollar va yosh bolalar olib ketilmoqda. Asos sifatida esa to'rt sahifadan iborat bir ro'yxat ko'rsatilyapti. Bu ro'yxatdagilarning DAESh ("Islomiy davlat") a'zolari ekani bayon qilinmoqda", deyiladi bayonotda.

Huquq faollari o'zbeklarning hibsga olinishi ortida 15 iyul davlat to'ntarishiga urinishda ayblanayotgan FETO ("Fathullohchi terror tashkiloti") guruhining qo'li bo'lishi mumkinligini da'vo qilishgan.

Ular o'zbeklarning davlat to'ntarishi urinishi chog'ida Prezident Erdo'g'onni faol dastaklaganliklariga e'tibor qaratishadi.

Adam Chevikning aytishicha, faollar o'zbeklarning hibsga olinishi yuzasidan Anqaradagi idoralar, jumladan, Prezident ma'muriyatiga ham murojaat qilishgan.

"Jumhurboshqonligi (Prezident ma'muriyati-tahr) o'zbeklar va boshqalar Turkiyada mehmon ekanliklari, ularni ushlash yoki badarg'a qilish haqida biron buyruq yoki ko'rsatma yo'qligini aytishdi", - dedi Adam Chevik BBC bilan suhbatda.

Uning so'zlariga ko'ra, turk politsiyasi hibsga olingan muhojirlarga "terrorchilarga qilingan muomalani qilmoqda va bu qonunsizlik darhol to'xtatilishi kerak".

Turkiyada 15 iyuldagi davlat to'ntarishiga urinish ortidan minglab harbiylar, adliya va politsiya xodimlari hibsga olingandi.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring