Tilshunos olim blogi: Oy, oyi va oymomo

Til Image copyright ziyo.uz

Aleksandr Makedonli(Iskandar Zulqarnayn)ning O'rta Osiyoga yurishi hamda "Iliada"dagi "Tilla teri"ning haqiqiy makonini aniqlashga bag'ishlangan telefilm juda qiziqarli bo'lishi bilan birga ilmiy farazlarga boyligi bilan ham kishining diqqatini tortadi.

Jumladan, Yason boshchiligidagi kema an'anaviy ishonchga ko'ra Kavkazortidagi Kolxidaga emas, Azov dengizini Kaspiy dengizi bilan bog'lab turgan suv orqali Kaspiyga va undan Amudaryoning bu dengizga quyiladigan (hozirgi Uzboy) o'zani orqali Amudaryoning yuqori oqimida(hozirgi Afg'oniston shimoli va Tojikiston janubida)shu kunlarda ham qo'y terisi ustiga daryo qumini quyib oltin zarralarini ajratib oladigan makonga kelganligi g'oyasi ilgari suriladi.Bular ilmiy jihatidan tasdiqlansa, Aleksandr Makedonlining bizning erlarimizga yurish qilishi va bu erlardan uylanishi har holda tasodifiy emasligini ham tasdiqlagan bo'lardi.Makedonli Aleksandr askarlari bilan to'xtab yunoncha bir qal'a qurdirgan joyning nomi hozirgi kunda Oyxonim deb atalar ekan(o'zbeklar ko'pchilikni tashkil qiladigan shimoliy Afg'oniston hududida) va bu toponimni inglizchadan ruschaga tarjima qilib,uni gospoja Luna ,ya'ni xonim Oy debtilar Mana shu g'aliz etimologik izoh-tarjima bizni bu borada bir oz mushohada yuritishimizga turtki bo'ldi.

Turkologiyada hunuzga qadar ay-oy so'zi "demoq" ma'nosidagi fe'l va Erning yo'ldoshi ma'nosidagi ot turkumiga xos so'z sifatida qayd qilinib izohlanib keladi. E.Sevortyan,A.Shcherbaklarda berilgan qadimgi turki so'zlar etimologik shakllari va ma'nolarida ham shundaydir. Ammo o'zbek va boshqa turki tillardagi atoqli otlar,toponim,narsa otlari va gidronimlar: Oygul, Oysuluv, Oysanam, Oynisa, Oynur, Oyxo'ja, Oybek, Oyxon, Oyjon, Oyparcha, Oyposhsha, Oydin; oydin, oybolta, oyboldoq; Ayaguz(ay+o'kuz), Aybulaq ,Ayto'g'is...tarkibidagi ay//oy ma'nosiga mutlaqo mos kelmasligi oqibatida bu kabi so'zlar etimologiyasi oqibatda g'ayri ilmiy qilib berilgan yoki etimologiyasi chetlab o'tilgan. Ay so'zi qadimgi turkida yuqorida keltirilgan ot va fe'l turkumi so'zlariga omonim sifatida mavjud bo'lganligi Ahmad Yassaviyning quyidagi misralaridagi so'z shakli va uning ma'nosi bilan tasdiqlanadi:

Ay ishqi yo'q bedardlar bilay desang elib ko'r;

Tabtusin ay Muhammad Mustafo,

Odam safidin burun, tutti dunyodin o'run.

Har ikki ay oy (Erning yo'ldoshi) so'zidan ham,aytmoq fe'lidan ham boshqa bir so'z ekanligi,ayni paytda ey undov so'zi ham emasligi matndan yaqqol ko'rinib va sezilib turadi. Ay//oy so'zi hozirgi o'zbek jonli va adabiy tilidagi "Oy borib omon qayt" tilak jumlasida birmuncha xira anglaniladi va jiddiy qaralsa, Yassaviy hikmatlaridagi ma'nodan ham o'zgacharoq ma'no ifoda etishi bilinadi.

O'zbek tilidagi bolalar nutqiga yoki bolalarga qaratilgan nutqqa xos bo'lgan oymoma so'zida hamda ona o'rnida qo'llanuvchi oyi, aya so'zlarida esa, bu so'z yana bir yangi ma'no qirralari bilan namoyon bo'ladi. Mana so'zlarga shakl jihatidan ancha yaqin bo'lgan oyim,oyimposhsha,oyimcha,oyimtilla; oyimsupurgi, oyimqovoq so'zlari tarkibidagi oyim ham turki oy//ay so'zi bilan uzviy bog'liqligi yaqqol ko'zga tashlanib turadi. Yana o'zbek tilida ayollar atoqli otlariga qo'shilib keladigan -ay//-oy borki, u ham asli bizning mavzumiz bo'lgan mustaqil ay bilan bog'liqdir.

Bulardan tashqari, E.V.Sevortyan M.Ryasyaenenning "Turki tillar tarixiy fonetikasiga doir materiallari"da ay ni aya -hurmat qilmoq ,hisoblashmoq ma'noli so'z bilan bog'lanishiga shubha bilan qarashi ham bizning mavzumizga doir so'z bilan bog'liqigini ham ta'kidlab o'tmoqchimanki,bu ham aslida Sevortyan shu ma'noga yaqin ma'noli ay so'zi borligini payqamaganligi oqibatidir.Ay turki o'zagi juda qadimdan mavjud bo'lganligining olimlar tomonidan qayd etilmaganligi oqibatida ushbu so'z ishtirokida yasalgan juda ko'p joy nomlari,suv nomlari va boshqa ma'noli so'zlar noto'g'ri talqin qilinib kelindi.Jumladan,Shimoliy Qozog'istondagi Ayteke ko'li nomidagi ay ungar tillari-xanti tilidagi ay-kichkina dan ,teke esa toxar tilidagi shu shaklga yaqin daryo ma'nosidagi so'zdan,deyiladiyu,ammo bir-biridan morfologik jihatidan mutlaqo uzoq bo'lgan hamda zamon va makon jihatidan bu ikki tilning so'zlari bir-biri bilan qo'shilib qadimdan turki tillar tarqalgan hududda qanday qilib yangi so'z yasagani ochiq qoldiriladi ("Proisxojdenie aborigenov Sibiri" Tomsk, 1969:V.N.Popova, Netyurkskie gidronim/ Pavlodarskoy oblasti",20-bet) yoki o'sha gidronimga aynan o'xshash Qozog'iston janubidagi ko'plab Aytek toponimlaridagi ay turki etnonim,tek esa kelib chiqish ma'nosidadir, deyiladi. (E.Koychubaev, Kratkiy tolkov/y slovar toponimov Kazaxstana", Alma-Ata,1974,20-bet).

Yuqorida keltirilgan tarkibida ay turki so'zi ishtirok etgan so'zlar tarkibidagi ay ning ma'nolarini birma -bir aniqlab chiqishga urinib ko'raylikki, undan keyin bu so'zning qadimgi va hozirgi turki tillardagi ma'nolari ravshanlashadi:

1) Oygul so'zidagi oy ning ma'nosi- toza ,pok buni o'zbeklarning o'zida uchraydigan va Oygulning sinonimi bo'la oladigan Tozagul ismi ham go'yo bu ma'noni tasdiqlagandek bo'ladi.

2) Oysuluv dagi oyning ma'nosida esa toza ma'nosi bilan birga tiniq ma'nosi ham mavjuddir.Xuddi shu ma'noni Aybulaq va Ayto'g'is gidronimlaridagi ay da ham ko'ramiz.

3) Oysanam, Oynisa ismlaridagi oyning chiroyli, go'zal ma'nolari go'yo yuzaga chiqib turadi.

4) Oldida oy kelgan o'zbek qo'shma antroponimlarining(ayollar ismlarining) aksariyatidagi oy ni so'zning keyiniga olib ham kishi oti yasash mumkin: Guloy, Suluvoy, Sanamoy, Nuroy,P oshshaoy kabi.

5) Oyxo'ja, Oyxon, Oybek atoqli otlaridagi oy ning ma'nosi esa ulug', katta dir. Bu jihatidan oy so'zi qora so'zining qadimgi ma'nolari(masalan, Qoraxon, Qoraboy, Qorabotir) bilan sinonimlik munosabatiga kira oladi.

6) Oyjon va Oydin atoqli otlaridagi oy ning ma'nosi nurli.yog'duli deb belgilash mumkin.Shu o'rinda oydin turdosh otidan Oydin atoqli oti yasalganini ta'kidlash bilan birga, bizningcha, bu so'z ham hozirgi shaklidan qat'iy nazar, Oy so'zi bilan to'g'ridan-to'g'ri bog'lanmasligini ko'rsatib o'tmoqchimiz.Hozirgi turk tilida bu so'z o'zbek tilidagi ziyoli bilan semantik bir xilligi (o'zb.ziyo arab tilidan olingan va ma'nosi nur) hamda tarkibi boshqa-boshqa tillardan bo'lishiga qaramay ayning shu o'rindagi ma'nosi nur ekanligini aniqlash uchun yordam beradi. Oydinning tarkibi esa, ay(i)+ tun lardan tashkil topib,ma'nosi yorug' tun dir. Buni turk va o'zbek tillaridagi ay aydin(bo'ldi) yoki turk shevalaridagi aying aydini birikmalari tasdiqlaydi. O'zbek shevalaridagi "ozib yozib men o'g'irlikka chiqqanimda oy oydin bo'libdi" matalida esa oydinning ma'nosi to'laligicha yorug'-nur dir O'zbek tilidagi oy yuzli birikmasidagi oy ham nurli ma'nosiga egaligi uchun ham uning kun yuzli degan sinonimi ham,ma'noni kuchaytiruvchi ekvivalenti ham yo'q bo'lsa kerak. Ushbu misollardagi birinchi oy Erning yo'ldoshi Oy ekanligiga ham e'tibor bering. Oydin so'zi Oyning nurini ifoda etishi juda ko'p turki tillarda E.Sevortyan ko'rsatganidek uning dastlabki ma'nosi emas ekan.Balki turki tillar tarixiy taraqqiyoti davomida bu so'z shaklan koinot jismi nomi bilan o'xshab qolishi natijasida ma'no metonimiyasiga uchragan.

7) O'zbek tilidagi oyi,aya va oymoma so'zlaridagi oy//ay ning ma'nosi va tarkibi alohida diqqatga sazovordir.Oyi va aya so'zlari har ikkisi ham bir o'zakdan yasalgan so'zlar bo'lib, qadimgi uyg'ur tilida ay/ so'zi mehribon ma'nosida,xuddi shunday hozirgi uyg'ur tilida ay dan yasalgan ay+a>ay +i - so'zi hurmat qilmoq va e'zozlamoq ma'nosida qo'llanishi qayd etilgan(E.V. Sevortyan,Etimologicheskiy slovar tyurkskix yaz/kov,M.1974,102-bet). Bu so'zning o'zagi hozirgi o'zbek tilidagi aya - fe'li bilan bog'lanadi. Bu fe'lning ehtiyot qilmoq ,asrab-avaylamoq, hatto ardoqlamoq ma'nolari borligi aya so'zining asosida mehribonlik ma'nosi yotishini tasdiqlab turadi.Tilimizdagi har ikki shakl - oyi va ayalarning katta yoshdagi begona ayollarga ham murojaatda hurmat ifoda etish uchun qo'llanishi ham uning etimologik ma'nosiga mos keladi. Ayni chog'da oyi so'zi uyg'ur tilidagi aylam,ayla yoshi ulug' ayollarga hurmat bilan murojaat (o'zbek tilidan boshqa barcha turki tillarda o'zbekcha o o'rnida a kelishini hisobga oling)ma'nosidagi so'z bilan ham bir o'zakdan bo'lishi mumkindir.Shuning bilan birga aylam shakli o'zbek tilidagi atoqli otlarga qo'shilidigan hamda hurmatli,muloyim ma'nolariga ega bo'lgan oyim so'zi bilan genetik bog'liqligi ham ko'zga tashlanadi.

O'zbek va turki tilshunoslikda oyi so'zining ayiq so'zi va tushunchasi bilan bog'lanishi haqidagi fikrlarni tilning fonetik va semantik o'zgarishlari qonuniyatlariga mos kelmasligi bois biz bu etimologiyani qabul qila olmasligimizni ham aytib o'tishni lozim topdik.

Oymoma so'zidagi oy qismi ham .bizningcha, Erning yo'ldoshi ma'nosida emas ko'rinadi,garchi bu o'rinda oy so'zi to'g'ridan to'g'ri osmon jismiga qaratilgan bo'lsa ham.Bu o'rinda oy qismi nurli,yog'duli ma'noga ega bo'lib,hech qanday totem bilan bog'liq emasligi ham yaqqol ko'zga tashlanadi. Oy ning o'zi va undan yasalgan oydin so'zi faqat nur ma'nosini emas,balki nurni aks ettiruvchi ma'nosini ifoda etishini esa o'sha uyg'ur tilidagi ayding'vash- (sochi tushib ketgan) yaltiroq bosh-so'zi bilan dalillash mumkin.Turki tilda oyni nur taratuvchi emas,balki aks ettiruvchi sifatida ifoda etilganligini oymoma so'zining ikkinchi qismi ham tasdiq etadi nazarimda. Ya'ni bu o'rindagi moma so'zi tashqi ko'rinishi va turki tillilarning boshqa xalqlar dunyoqarashi bilan tanishib uni o'z tiliga tatbiq etishi natijasida u buvi, qari kampir ma'nolarini kasb etaboshlagan ko'rinadi.

Uyg'ur tilida mo'ma-moma so'zi omonimik so'z bo'lib,ikkinchisi xirmon o'rtasida donni yanchish uchun mola qo'shilgan ho'kizlar tashqari chiqib ketmasligi uchun bog'lab qo'yilgan xoda-katta qoziqni ifoda etadi. Bunga sinchiklab qaralsa unda Er va Oy bog'lanishi aks etganligini payqash qiyin emas.

Demak, oymoma nur aks ettiruvchi Erga bog'langan, (tortish kuchi - qoziq bilan ifoda etilgan) osmon jismi ma'nosini ifoda etganki,keyinroq uning bu ma'nosi yo'qotila borib, shakl asosida yangi ma'no kasb etib qolgan

8)

Dunyoga mashhur Ayya Sofiya ibodatxonasi va maydoni nomidagi ayya qismining.ma'nosi ham biz tadqiq qilayotgan so'zimiz bilan aynandir degan fikrni bildirmoqchimiz. Biz bu so'zdagi y ning ikkilanishini QTL da keltirilgan lutf qiluvchi, faxrli unvon, hurmatli, ardoqli ma'nolariga ega aya ag'irla juft so'zi yoki ayag' so'zining o'zining qisqarishi hisobiga sodir bo'lgan dkb hisoblaymiz. Aynan usmonli turk tili shevalarida aya so'zining hurmat qilmoq,e'zozlamoq ma'nolarining saqlanib kelayotgani ham fikrimizga dalil bo'ladi. Bu ko'rsatilgan ma'nolar asosida Ayya Sofiyadagi ayya o'zining asl ma'nosi-avliyo ma'nosiga ham ega bo'lgan deyish mumkin.

9) Shimoliy o'zbek shevalaridagina qo'llanadigan oydoq so'zi tarkibidagi va o'zbek tilida keng qo'llanadigan oy borib omon qayg tilak iborasidagi oy qismlari ehtiyot, avaylamoq; salomat ma'nolariga egadir.

Oy dala birikmasidagi oy esa keng, cheksiz; ochiq ma'nolarini hamon saqlab kelmoqda.

Tilimizdagi birgina so'z tarixi va u ifoda etgan ma'nolar biz dunyoni tanishimiz va anglashimiz yo'lidagi, hatto unutishimiz yo'lidagi jarayonlarni aks ettirishi bilan qiziqdir. Chunki tildagi o'zgarishlar tarixi bizning dunyoni idrok etishimiz, tilimiz ruhi o'zgarish jarayoni silsilasini ham jinday bo'lsa-da ko'rsata oladi.

Bu so'z,ya'ni,ay// so'zi Mahmud Koshg'ariyning "Devoni lug'atit turk" asarida ham, QTL(Drevnetyurkskiy slovar )da ham mazkur ma'nolarda aks etmaganligi va bu so'zni ushbu ma'nolarda qo'llanishini biz dastlab "Devoni Hikmat"da uchratganimiz Ahmad Yassaviy "Hikmat"i tili adabiy tilimiz tarixini o'rganishdan chetga surilishi mutlaqo noo'rin va sayoz fikrlashimiz oqibati ekanligini ko'rsatib turadi.

Baxtiyor Isabek, filologiya fanlari nomzodi