Turkiya: mashhur futbolchi Hoqon Shukurga hibs qarori

Hoqon Shukur Image copyright DHA
Image caption Hoqon Shukur Gulen tashkilotiga a'zolikda ayblanmoqda

Turkiya mahkamasi uzoq yillar "Galatasaroy" klubida to'p surgan mashhur futbolchi Hoqon Shukurni hibsga olish haqida qaror chiqargan.

Anadolu agentligining xabar qilishicha, hibsga olish qarori 15 iyulda yuz bergan davlat to'ntarishiga urinish bilan bog'liq.

Hoqon Shukur muxolifatdagi ulamo Fathulloh Gulenga aloqador terrorchi guruhning a'zosi sifatida ayblanmoqda.

Turkiya rasmiylari Gulenni davlat to'ntarishiga urinishning asosiy tashkilotchisi sifatida ko'rishadi.

Turk matbuotiga ko'ra, Shukur va uning oila-a'zolari Turkiyani o'tgan yili tark etishgan.

44 yoshli futbolchi 2008 yilda o'z kar'erasini tamomlagan.

Ishqibozlar uni "Bosfor buqasi" va "qirol" deb atashgan.

Futboldan ketgach, Hoqon Shukur siyosat bilan shug'ullangan va 2011 yilda iqtidordagi Adolat va Tiklanish - AKP partiyasidan parlamentga deputat etib saylangan.

Biroq 2013 yilda partiyadan chiqib, mustaqil deputatga aylangan.

U Fathulloh Gulen tarafdorlarining ta'qib qilinishiga qarshi chiqqan.

Shu yil boshida Hoqon Shukur Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo'g'onni Twitter orqali haqorat qilishda ayblangan edi.

Buning ortidan u AQShga ko'chib borib, ingliz tilini o'rganmoqchi va futbol bilan bog'liq loyihalarda ishtirok etish niyatida ekanini ma'lum qilgan.

Amalga oshmagan davlat to'ntarishi ortidan turk hukumati harbiylar, huquq-tartibot idoralari xodimlari, o'qituvchilar, jamoat arboblari va jurnalistlarga qarshi ommaviy hibsga olishlarni amalga oshirgan.

Shu oy boshida Turkiya Fathulloh Gulenning o'zini hibsga olishga buyruq bergan.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring